O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6 sentabr kuni Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev bilan telefon orqali muloqot qildi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.

Suhbat avvalida Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston yetakchisiga Qo‘stanay viloyatidagi o‘rmon yong‘inlari munosabati bilan dalda so‘zlarini bildirdi hamda favqulodda holat oqibatlarini bartaraf etishda zarur yordam ko‘rsatishga tayyorligini qayd etdi.

Ikki mamlakat prezidentlari O‘zbekiston-Qozog‘iston yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash, ikki tomonlama hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarida amaliy sheriklikni kengaytirishning dolzarb masalalarini ko‘rib chiqdilar.

Savdo, sanoat, energetika, transport va logistika, qishloq xo‘jaligi va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida kooperatsiya loyihalarini amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.

Mintaqaviy masalalar yuzasidan ham fikr almashildi. Shu oyda Samarqandda o‘tkaziladigan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitining kun tartibi muhokama qilindi.

Avval yozganimizdek, 2 sentabr kuni Qozog‘istonning Qo‘stanay viloyati Auliyekol tumanida o‘rmon yong‘ini boshlandi. 5 sentabr holatiga ko‘ra yong‘inlar maydoni 43 ming gektarga kengaydi, o‘rmon xo‘jaligining umumiy maydoni 107,3 ming gektarni tashkil etdi. Yong‘inni o‘chirishga 1700 dan ortiq qutqaruvchi, harbiy va qo‘riqchilar hamda aviatsiya xodimlari jalb qilingan.

12 kishida jarohatlanish, kuyish, yengil va o‘rtacha og‘irlikdagi zaharlanish holatlari qayd etildi, bir kishi — 1935 yilda tug‘ilgan fuqaro vafot etdi. 2000 dan ortiq mahalliy aholi evakuatsiya qilingan.

5 sentabr kuni Qozog‘iston prezidenti Qo‘stanayga tashrif buyurib, o‘rmon yong‘inlaridan jabrlangan hududlar ustidan vertolyot parvozini amalga oshirdi va tezkor shtab yig‘ilishini o‘tkazdi.

6 sentabr kuni Qozog‘iston Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, ochiq yong‘in kuzatilmagan, aholi punktlari uchun xavf bartaraf etilgan. Parvoz vaqtida Baganali qishlog‘i hududida yong‘in kuzatilgan. Yong‘in turar-joy binolariga o‘tishidan bir kun oldin vaziyat barqarorlashgan Ozernoye, Lesnoye va Amanqarag‘ay qishloqlari hududida faqat alohida mahalliy yonish va tutun nuqtalari ko‘rindi.