O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 30 avgustdagi qarori bilan yakka tartibdagi tadbirkorlar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari ro‘yxati kengaytirildi. Bu haqda Adliya vazirligi («Norasmiy bandlik ulushini qisqartirish va zamonaviy yondashuvlar asosida mehnat resurslari balansini shakllantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 366-sonli prezident qarori) xabar bermoqda.

Hujjatga ko‘ra, 1 noyabrdan boshlab yakka tartibdagi tadbirkorlar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat (ishlar, xizmatlar) ro‘yxatiga yana 10 ta faoliyat turi kiritildi:

  • uy hayvonlari (qoramol, qo‘y, echki, ot va boshqalar) bozorlarida vositachilik xizmati;
  • avtomobil bozorlarida vositachilik xizmati;
  • rieltorlik xizmatini ko‘rsatish (ijaraga uy topib berish, uy sotib olish va sotishga ko‘maklashish);
  • uyda sut va sut mahsulotlarini qayta ishlash va sotish xizmati;
  • maishiy buyumlarni ijaraga berish xizmati (stol-stul, idish-tovoq, asbob-uskuna va boshqalar);
  • gips va ganchdan buyumlar yasash (uy jihozlari, ertak qahramonlari haykallarini yasash);
  • tosh va tosh mahsulotlaridan yodgorlik, suvenir va dekorativ buyumlar tayyorlash;
  • yog‘och mahsulotlaridan savat, non mahsulotlari uchun maxsus idish va boshqa buyumlarni to‘qish;
  • uy sharoitida pilla yetishtirish, shaxsiy tomorqa yer uchastkasida tut mevasi, niholi va ko‘chatini yetishtirish, uyda ipak mato, ipak gilam to‘qish va sotish;
  • kulolchilik.

2023 yil 1 yanvardan YATTlar bilan mehnat munosabatlarida bo‘lgan jismoniy shaxslar uchun ijtimoiy soliq summasining eng kam miqdori oyiga BHMning 50 foizidan yiliga BHMning bir baravarigacha kamaytiriladi (savdo majmualari va bozorlarda faoliyat yuritayotgan yakka tartibdagi tadbirkorlar bilan mehnat munosabatlarida bo‘lgan jismoniy shaxslar bundan mustasno).

Ushbu sanadan boshlab o‘zining shaxsiy tomorqa yer uchastkasida quyidagi faoliyat turlari bilan shug‘ullanayotgan fuqarolar tomonidan yiliga BHMning kamida 1 baravari miqdorida ijtimoiy soliq to‘langan taqdirda, ular rasmiy band bo‘lgan aholi toifasiga kiritiladi va ushbu davr ularning mehnat stajiga qo‘shiladi:

  • chorvachilik (qoramol, qo‘y, echki, ot va boshqalar);
  • issiqxona;
  • parrandachilik (bedana, kurka, g‘oz, o‘rdak);
  • quyonchilik;
  • asalarichilik;
  • baliqchilik;
  • bog‘dorchilik;
  • limonchilik;
  • gulchilik.