Ijtimoiy tarmoqlarda foydalanuvchilar O‘zbekistonda maktab darsliklari ijarasi narxi «2−3 baravarga» qimmatlashgani va birinchi chorakdan keyingina yangi kitoblar chiqarilishidan shikoyat qilishmoqda.

Xalq ta’limi vazirligining ma’lum qilishicha, Respublika maqsadli kitob jamg‘armasining Vasiylik kengashi darsliklar va mashq daftarlarining ijara to‘lovi miqdorlarini belgiladi (ta’lim o‘zbek tilida olib boriladigan sinflar uchun, boshqa tillardadagi darslik ijaralari narxlari quyidagi jadvalda keltirilgan).

2-sinf: 102,7 ming so‘m

3-sinf: 102,7 ming so‘m

4-sinf: 68,5 ming so‘m

5-sinf: 85,6 ming so‘m

6-sinf: 74,2 ming so‘m

7-sinf: 102,7 ming so‘m

8-sinf: 108,4 ming so‘m

9-sinf: 108,4 ming so‘m

10-sinf: 102,7 ming so‘m

11-sinf: 119,8 ming so‘m

XTVning qayd etishicha, joriy yilda prezident farmoni bilan umumta’lim maktablarining 3-, 6-, 7- va 10-sinflari uchun to‘liq, shuningdek 2- va 3-sinf uchun mashq daftarlari, barcha sinflar uchun ingliz tili, nemis tili va rus tili fanlaridan jami 60 million nusxa yangi avlod darsliklari (2021 yilda 25 million darslik) chop etilmoqda.

«Joriy yilda yangi darsliklarning chop etilish harajatlarining, xususan dunyo bozorida qog‘oz narxi (faqatgina 2022 yilning o‘zida qog‘oz narxi 60−70 foizga oshgan) va qog‘ozni mamlakatimizga yetkazib berish bo‘yicha transport harajatlarining keskin oshib ketishi, tabiiyki darsliklarni chop etish uchun harajatlarning ham oshib ketishiga olib keldi», — deyiladi xabarda.

XTV ma’lumotlariga ko‘ra, ijara to‘lovi miqdorlari darsliklar uchun amalga oshirilgan xarajatlardan kelib chiqib, bir dona darslik uchun yagona summasini to‘plamdagi darslik va mashq daftarlari soniga ko‘paytirish yo‘li orqali belgilanadi. Bunda yagona summa barcha sinf va ta’lim tillar uchun bir xil etib belgilanadi.

Joriy o‘quv yilida o‘rtacha bir dona darslik (mashq daftari) uchun yagona ijara to‘lovi 5707 so‘mni tashkil etmoqda va o‘tgan o‘quv yilidagi miqdor (2740 so‘m)ga nisbatan 2 967 so‘mga (108%) oshgan.

Ijara to‘lovi summasini ota-onalar darslik to‘plamini to‘liq olgach, 1 oktabrga qadar amalga oshirishlari mumkin.

Shu o‘rinda quyidagi fuqarolar darslik ijara to‘lovidan ozod etilishini eslatib o‘tamiz:

birinchi sinf o‘quvchilari;

«Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimiga kiritilgan oilalarning farzandlari;

«Mehribonlik uy"lari tarbiyalanuvchilari;

Jismoniy yoki ruhiy rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlari o‘quvchilari.

«Gazeta.uz» XTVga yil oxiriga qadar 3, 6, 7 va 10-sinflar uchun yangi darsliklarni ishlab chiqish topshirilgani, biroq jadvaldan ilgarilab ketilgani sababli o‘quvchilar sentabrdanoq ularni qabul qilib olishni boshlashi haqida xabar bergan edi. Shu bilan birga, qog‘oz narxlari oshib ketgani bois hukumatga qo‘shimcha mablag‘ zarur bo‘lmoqda.

May oyida prezident tomonidan 2026 yilgacha Maktab ta’limini rivojlantirish dasturi tasdiqlandi. Davlat maktablariga o‘quv dasturlariga o‘zgartirishlar kiritish va alohida fanlar bo‘yicha darsliklar tanlashga ruxsat berildi.