Ichki ishlar vazirligi tomonidan «maxsus tezkor va profilaktik tadbirlarda» aniqlangan OIV/OITS infeksiyasi bilan kasallanganlikda gumon qilinayotgan shaxslarni davlat budjeti mablag‘lari hisobidan majburiy ravishda tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish to‘g‘risidagi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi muhokamaga qo‘yildi.

IIV prezidentning 2022 yil 25 iyuldagi (ochiq manbalar asosida topishning imkoni bo‘lmadi) qaroriga asosan tegishli mexanizmlarni ishlab chiqish bo‘yicha vazifalar belgilanganini ma’lum qilmoqda.

Loyihada 2023 yil 1 yanvardan boshlab majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tish tartibini tasdiqlash taklif etilmoqda.

Hujjatda «xavfli guruh»ning ta’rifi keltirilgan bo‘lib, ular o‘zining g‘ayriijtimoiy xulq-atvori tufayli o‘zga shaxslarga jinsiy aloqa yo‘li orqali yuquvchi kasalliklarni (OIV, zaxm, so‘zak va boshqalar) yuqtirish xavfi yuqori bo‘lgan rag‘batlantirish evaziga intim xizmat ko‘rsatuvchilar, besoqolbozlar va tanosil kasalligiga chalingan, shuningdek, giyohvandlik vositalarini igna orqali qabul qiluvchi yoki qabul kilganlikda gumonlangan shaxslardir.

Xavfli guruh bilan aloqada bo‘lgan shaxslar:

  • maxsus tezkor va profilaktik tadbirlarda aniqlangan, xavfli guruhga kiruvchi shaxslar bilan jinsiy aloqaga kirishgan yoki jinsiy aloqaga kirganlikda gumonlangan shaxslar;
  • maxsus-profilaktik tadbirlar davomida ahloqqa zid bo‘lgan huquqbuzarliklar (rag‘batlantirish evaziga intim xizmat ko‘rsatuvchilar, jinsiy erkinlikka va ahloqqa qarshi, tanosil yoki OIV/OITS infeksiyasini tarqatish bilan bog‘liq jinoyatlar)ni sodir etilishi mumkin bo‘lgan obyektlarda ishlovchilar va tashrif buyuruvchi shaxslar;
  • kasb yuzasidan o‘z vazifalarini bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi oqibatida boshqa shaxsga OIV/OITS infeksiyasini yuqtirish bilan bog‘lik bo‘ladigan obyektlarda ishlovchilar hamda tadbir davomida bunday obyektlarda aniqlangan shaxs (mijoz)lar.

«Xavfli guruh»ga kiruvchi va ular bilan aloqada bo‘lgan shaxslarni tibbiy tekshiruvdan O‘zbekiston OITSga qarshi kurashish markazi, Qoraqalpog‘iston, viloyatlar va Toshkent shahridagi OITSga qarshi kurashish markazlari, shuningdek, OIV infeksiyasiga tashxis qo‘yish bo‘yicha tumanlararo laboratoriyalarda o‘tkazish rejalashtirilgan.

Loyihaga ko‘ra, OIV/OITS bo‘yicha majburiy tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish ushbu infeksiyasini barvaqt aniqlash hamda boshqa shaxslarga yuqishini oldini olish, aholi o‘rtasida OIV infeksiyasi tarqalishini kamaytirish maqsadida amalga oshiriladi.

Ichki ishlar organlari tomonidan maxsus tezkor va profilaktik tadbirlarda aniqlangan OIV/OITS infeksiyasi bilan kasallanganlikda gumon qilinayotgan shaxsni majburiy ravishda tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish ichki ishlar organlarining tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi mas’ul xodim qaroriga asosan o‘tkaziladi.

Voyaga yetmagan, muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan shaxslarni OIV/OITS infeksiyasiga g‘ayriixtiyoriy ravishda tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish ularning yaqin qarindoshlari yoki qonuniy vakillari ishtirokida amalga oshirilishi kutilmoqda.

Huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi organlar va muassasalar o‘z vakolatlari doirasida xavfli guruhga kiruvchi va ular bilan aloqada bo‘lgan shaxs o‘rtasida huquqbuzarliklarning umumiy, maxsus, yakka tartibdagi va viktimologik profilaktikasini samarali tashkil etishga mas’ul hisoblanadi.

Qaror loyihasining muhokamasi 10 sentabrga qadar davom etadi.