Xorazm viloyatining Urganch shahrida 29 avgust kuni Jaloliddin Manguberdi yodgorlik majmuasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Marosimga prezident Shavkat Mirziyoyev tashrif buyurib, jamoatchilik vakillari bilan birgalikda haykalni ochib berdi, deya xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.

«Jaloliddin Manguberdi el-yurt istiqloli uchun kurashgan, shu yo‘lda aziz jonini qurbon qilgan ajdodlarimizning buyuk namoyandasidir. Ona yurtga muhabbat va sadoqat, or-nomus va shon-sharaf bobida Jaloliddin Manguberdiga teng keladigan ulug‘ shaxslar dunyoda kamdan-kam uchraydi», — dedi davlat rahbari.

Bo‘yi 25 metrni tashkil etadigan haykalda Jaloliddin Manguberdi tulpor jilovini mahkam tutib, el-yurt himoyasiga otlanib turgani tasvirlangan. Sultonning qat’iyatli, mag‘rur siymosida kelajakka katta ishonch bilan intilayotgan xalqimizning vatanparvarligi, bukilmas irodasi o‘z ifodasini topgan.

Shuningdek, haykal oldida Jaloliddin Manguberdi bitiktoshining nusxasi o‘rnatilgan. Eron hududidan topilgan, og‘irligi 32 kg, balandligi 30 sm bo‘lgan bu toshda Qur’oni karim oyatlari, Jaloliddin Manguberdining shajarasi yozilgan. Uning asli hozirgi kunda Londondagi mashhur Britaniya muzeyida saqlanadi. Majmua o‘rin olgan qariyb 8 gektar maydonda Al-Xorazmiy va Islom Karimov ko‘chalarida bunyodkorlik ishlari amalga oshirilgan. Ushbu maydon ostidan o‘tadigan avtomobil tunneli barpo etilgan. Hududga 18 mingga yaqin manzarali daraxtlar, gullar va butalar ekilgan.

Prezident buyuk sarkarda Jaloliddin Manguberdining hayoti va faoliyatini chuqur o‘rganish, uni xalq, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib etish zarurligini ta’kidladi. Xususan, shunday izlanishlar tufayli Turkiyaning Silvan shahrida uning qabri topilgan. Davlat rahbari u yerda ramziy maqbara bunyod etish taklifini bildirdi.

«Chaqmoqdek qisqa umri mobaynida o‘zbek xalqiga xos bo‘lgan Vatanga cheksiz muhabbat va sadoqat, yuksak harbiy salohiyatni namoyon etib yashagan Jaloliddin Manguberdi kabi buyuk ajdodlarimiz bilan har qancha faxrlansak, g‘ururlansak, arziydi. Ishonaman, oradan yillar, asrlar o‘tadi, Sulton Jaloliddin hamisha yurtimizni ko‘z qorachig‘iday asrab-avaylash, unga farzandlik mehri, iymon-e’tiqod bilan xizmat qilishning o‘chmas timsoli bo‘lib qoladi», — deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Marosimda Milliy gvardiyaning Faxriy qorovul tarkibi «Jaloliddin Manguberdi» marshi sadolari ostida haykal oldidan tantanali yurib o‘tdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev sarkarda bitiktoshiga gulchambar qo‘ydi.

Foto