Qashqadare viloyati Yakkabog‘ tumani Darxon mahallasida yashovchi fuqaro R.O. ushbu hududda joylashgan «Kunjutlitepa» arxeologiya yodgorligini to‘liq buzib, undan chiqqan tuproqni sotib yuborgani aniqlandi. Bu haqda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, Qashqadaryo viloyati madaniy meros boshqarmasi fuqaroni bir necha bor ogohlantirgan, biroq bu uni to‘xtatib qololmagan. Buning natijasida mazkur madaniy merosga 47,5 mlrd so‘mlik zarar yetkazilgani ma’lum bo‘ldi.

15 avgust kuni holat yuzasidan Yakkabog‘ tuman prokuraturasi tomonidan JKning 132-moddasi 3-qismi (Moddiy madaniy meros obyektlarini nobud qilish, buzish yoki ularga shikast yetkazish juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda sodir etilgan bo‘lsa — 5 yildan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Sudning ajrimi bilan fuqaro R.O. qamoqqa olingan.

«Kunjutlitepa» shaharchasi hukumatning 2019 yildagi qarori bilan O‘zbekiston moddiy madaniy merosining ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatiga kiritilgan va Qashqadaryo viloyati madaniy meros boshqarmasi operativ boshqaruvida bo‘lgan.

Avvalroq, Qashqadaryoning mazkur tumanida joylashgan X-XII asrlarga oid «Chordangitepa» arxeologiya yodgorligining bir qismi, Samarqand tumanidagi VI-VII asrlarga oid «Nomsiztepa» arxeologiya yodgorligining ham bir qismi, qolaversa, Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on tumanidagi «O‘rdatepa» va «Gaistontepa» arxeologiya yodgorliklari esa to‘liqligicha buzib tashlangani aniqlangandi.

May oyida Bosh prokuratura O‘zbekistondagi 108 ta madaniy meros obyektida 146 ta noqonuniy qurilma o‘rnatilganini aniqlagandi. Juladan, Surxondaryodagi I-IV asrga taalluqli «Manguzartepa» da uyali aloqa operatori antenna qurilmalarini o‘rnatib olgani aytilgandi. 76 ta noqonuniy qurilmani buzdirish bo‘yicha yozma ko‘rsatma berildi, 63 tasi bo‘yicha ish sudga oshirildi. Qolaversa, 26 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortildi.

Fevral oyi o‘rtalarida prezident imzolagan qonun bilan Madaniy meros agentligiga uning ko‘rsatmalariga rioya qilmagan shaxslarga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma tuzish vakolati berilgandi. Buning uchun jarima fuqarolarga BHMning — 5 baravarigacha, mansabdor shaxslarga — 7 baravargacha etib belgilandi. Shuningdek, moddiy madaniy meros obyektlarini yo‘q qilish va ularga zarar yetkazish uchun jinoiy jazo kuchaytirildi.