«Gazeta.uz» Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumani Darxon mahallasida joylashgan «Kunjutlitepa» yodgorligi buzib tashlangani haqida xabar bergan edi. Mahalliy fuqaro ilk o‘rta asrlarga oid shaharchani to‘liq buzib tashlab, undan chiqqan tuproqni sotib yuborgan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumondor hibsga olindi.

Tahririyat so‘roviga javoban Madaniy meros agentligi matbuot xizmati shaharcha haqida qisqacha ma’lumot berdi, shuningdek, uning avvalgi, buzib tashlanayotgan paytdagi hamda buzib tashlangandan keyingi holatlari aks etgan suratlarni taqdim etdi.

Madaniy meros agentligi reyestri ma’lumotlariga ko‘ra, «Kunjutlitepa» V-VII asrlarga oid yodgorlik. Shu bilan birga, hukumatning 2019 yildagi qarorida «Kunjutlitepa» shaharchasi O‘zbekiston moddiy madaniy merosining ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatiga XVIII asrga tegishli ekani qayd etilgan.

Shaharchaning maydoni 80×30 m, balandligi — 8 metr. Vayronagarchilik darajasi og‘ir deb baholandi. U Shov qishlog‘i hududida, «Chillamozortepa»dan 100 metr g‘arbda joylashgan. Relefida bir nechta tepaliklar mavjud bo‘lib, ehtimol, bu qadimiy uylarning qoldiqlari bo‘lgan. Arxeologiya instituti ekspeditsiyasi shaharchaning shimoliy qismida 2021 yilda zamonaviy uylar qurilganini aniqladi.

Foto

Avvalgi holati:

Buzilayotgan paytdagi holati:

Bugungi holati: