14 avgust kuni Armanistonning Yerevan shahrida joylashgan «Surmalu» ulgurji-chakana bozorida yirik portlash sodir bo‘ldi. Buning natijasida 6 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda mamlakatning FVV ma’lumotlariga asoslangan holda «Novosti-Armeniya» agentligi xabar berdi.

Jabrlanganlar soni 60 dan ortiq, bedarak yo‘qolganlar esa 17 kishi, deya tahmin qilinmoqda. Mamlakat FVV 911 hizmatiga kelib tushgan qo‘ng‘iroqlar asosida ularning ro‘yxatini taqdim etdi.

Aniqlanishicha, portlash pirotexnika vositalari saqlanadigan omborxonada yuz bergan. Portlash natijasida yong‘in kelib chiqqan va binolarga jiddiy shikast yetgan. Yong‘inni bartaraf etish bilan FVV boshlig‘i Armen Pambuxchyan shug‘ullangan.

Armaniston tergov qo‘mitasi tomonidan «Yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish, ehtiyotsizlik oqibatida odam o‘limiga yoki boshqa og‘ir oqibatlarga olib kelish» hamda «Portlovchi, tez alangalanuvchi va yonuvchi moddalarni yoxud pirotexnika buyumlarini saqlash, hisobga olish, ulardan foydalanish, ularni tashish, jo‘natish qoidalarini buzish oqibatida badanga o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir shikast yetkazish, odam o‘limiga va boshqa og‘ir oqibatlar olib kelish» kabi moddalar bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari borilmoqda.