“Chinoz neftni qayta ishlash zavodi” ustav kapitalidagi 100 foiz davlat ulushi sotuvga qo‘yiladi. Jarayon yuzasidan professional konsalting kompaniyalarini tanlab olinishi bo‘yicha tanlov e’lon qilindi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Barcha qiziqish bildirgan talabgorlardan taklif taqdim etish uchun so‘rovnomaga (RfP) asosan tijorat takliflarini joriy yil 27 avgust kuni soat 18:00 ga qadar taqdim etishlari mumkin.

Agar, birgalikda qo‘shma tijorat taklifi taqdim etilsa, jalb qilingan sherik-konsultantning ham ishini muvofiqlashtirish uchun mas’ul bo‘lgan va javobgarlikni zimmasiga oladigan asosiy konsultant ko‘rsatilishi lozim.

Neft sanoati sohasida tegishli bilim va tajribaga ega bo‘lgan maslahatchiga ustunlik beriladi.

Ma’lumot uchun, “Chinoz neftni qayta ishlash zavodi” MCHJ — asosiy vazifasi neftni qayta ishlab benzin, kerosin, mazut, dizel yoqilg‘isi va moylarga aylantirishni tashkil etishdan iborat. Ushbu sanoat korxonasi yiliga 117,0 ming tonnadan ziyod uglevodorod xomashyosini qayta ishlash imkonini beruvchi zamonaviy texnologik uskunalar bilan jihozlangan.

Korxona 2016 yil 11 avgust kuni faoliyatini boshlagan. Ustav fondi — 102,0 mlrd. so‘mni tashkil etadi.

Eslatib o‘tamiz, bundan oldin “Dori-Darmon” korxonasi xususiylashtirilishi haqida xabar berilgan edi.