Oxirgi vaqtlarda Qirg‘izistonning O‘sh viloyatida mahalliy taksi haydovchilarining O‘zbekiston fuqarolariga nisbatan qo‘pol munosabati ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokama qilinmoqda.

Qirg‘iziston Jogorku Keneshi deputati Janar Akayev hukumatdan O‘sh aeroportidagi vaziyatni yaxshilash va O‘zbekistondan tranzit yo‘lovchilar uchun qulayroq sharoit yaratishni so‘radi. Bu haqda deputat Facebook tarmog‘ida yozdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mahalliy taksichilarning O‘zbekiston fuqarolariga munosabati odamni tushkunlikka tushiradi. Shuningdek, u chegaradagi «Do‘stlik» nazorat punktidagi sharoitlar yaxshi emasligini ta’kidladi.

Mazkur muammoga bir necha marta guvoh bo‘lgan va ijtimoiy tarmoqlarda chiqishlar qilgan o‘shlik mustaqil jurnalist Shohrux Soipov «Gazeta.uz» muxbiri bilan suhbatlashib, vaziyat to‘g‘risida ko‘rgan-kechirganlarini gapirib berdi.

«Bir necha o‘nlab taksi hayovchilari voqeaga aralashmasligimni aytishdi»

Shohrux Soipovning ta’kidlashicha, Qirg‘iziston orqali Rossiya va boshqa xorijiy davlatlarga samolyot bilan borish O‘zbekistondagi narxlarga nisbatan arzon. Shu sabab ko‘plab o‘zbekistonliklar «Do‘stlik» nazorat punktidan o‘tib, O‘sh aeroportidan uchishni ma’qul ko‘radi va bu oxirgi yillarda ko‘p kuzatilmoqda. Biroq o‘shlik taksi haydovchilarining o‘zbekistonliklarga nisbatan qo‘pol munosabati, ko‘proq yo‘l haqi olishi e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda.


Shohurx Soipov. Foto: shaxsiy arxivdan

«Avvallari O‘sh aeroportiga yaqinlarini kutib olishga borgan o‘zbekistonlik fuqarolarga „Do‘stlik“ nazorat punktidan o‘tishi bilanoq, taksi haydovchilari qo‘pollik qilishi, mashinaga majburan o‘tkazib, qimmat haq olishi haqida eshitgandim. Hatto ayrim qarindoshlarim ham bunday vaziyatga duch kelgan», — deydi jurnalist.

U shunday holatni o‘z ko‘zi bilan ko‘rish maqsadida 2022 yilning 28 fevral kuni «Do‘stlik» nazorat punktiga boradi. «O‘zbekistondan chiqayotgan ikki, uch nafar o‘zbek yigitlariga qirg‘izistonlik taksi haydovchilari qo‘pol munosabatda bo‘lib, yo‘lkira haqqini ham savdolashmay, mashinasida birga ketishga majburlayotganini ko‘rdim. Keyin voqeani yumshatish niyatida ularni ajratishga harakat qildim. Ammo boshqa bir necha o‘nlab taksi hayovchilari meni o‘rab olib, aralashmasligimni aytishdi. Xavfsizligimni o‘ylab, voqea joyini tark etishga majbur bo‘ldim», — deydi u.

Uning aytishicha, jurnalist o‘sha kuniyoq voqea to‘g‘risida Facebook tarmog‘ida yozadi. Ertasi kuni uni O‘sh viloyati Ichki ishlar boshqarmasiga so‘roqqa chaqirishadi. Shundan so‘ng voqea muhokamalarga sabab bo‘lgach, nazorat punktida tartib o‘rnatiladi. Ammo biroz vaqt o‘tib, «Do‘stlik»dagi vaziyat yana takrorlanib, odatiy holga aylanadi.

Iyulda holat yana takrorlandi

Shohrux Soipov 2022 yilning may oyida Rossiyaga ketayotgan o‘zbekistonlik tanishlarini chegara postida kutib olish uchun «Do‘stlik»ga boradi va yana o‘sha holatga guvoh bo‘ladi.

«Shu yilning 21 iyul kuni kechasi Rossiyadan qaytgan tanishim va uning uch nafar qarindoshini O‘sh aeroportida kutib oldim. To‘rtalasini chegara postiga kuzatib qo‘yish maqsadida taksida ketmoqchi bo‘ldik. Lekin haydovchilar bilan o‘rtamizda kelishmovchilik yuzaga keldi. Qarasam, vaziyat jiddiylashyapti. Ko‘chaning narigi tarafida turgan ikki nafar ichki ishlar xodimiga o‘zimni tanishtirib, yordam so‘radim. Ular kelib, bizni ajratdi va mehmonlarni u yerdan olib ketishimga imkoniyat yaratib berdi», — deydi jurnalist.

Jurnalistning qo‘shimcha qilishicha, u 22 iyul kuni holat haqida Facebook tarmog‘idagi sahifasida yozadi. O‘sh viloyati Ichki ishlar boshqarmasi vaziyat o‘rganilayotganini aytib, Shohruh Soipovning chiqishiga nisbatan munosabat bildiradi. Ammo qanday ish olib borilayotgani haqida ma’lumot berilmaydi.

«Avgust oyi boshlarida o‘zbekistonlik bir yigit ijtimoiy tarmoqlar orqali video murojaat bilan chiqdi. Ya’ni u ham 21 iyul kuni kunduzgi reys bilan Rossiyadan qaytayotgan vaqtida O‘sh aeroporti oldida taksi haydovchilarining qo‘pol munosabatiga duch kelgan. Uning murojaati tarmoqlarda tarqalgach, 4 avgust kuni meni guvoh sifatida O‘sh viloyati Ichki ishlar boshqarmasiga so‘roqqa chaqirishdi. Mahkamaga borib, o‘zim ko‘rgan voqea tafsilotlari haqida gapirib berdim», — deydi u.

«Meni qo‘rqitish va ogohlantirishlar boshlandi»

Shohrux Soipovning aytishicha, oxirgi paytlarda unga nisbatan turli tahdidlar bo‘lmoqda.

«21 iyul kungi voqea haqida ijtimoiy tarmoqlarda yozganimdan keyin tanish-bilishlar, tarmoqlar orqali meni qo‘rqitish, ogohlantirishlar boshlandi. Tanishlarimdan telefon raqamimni, yashash manzilimni so‘rash holatlari ham bo‘lyapti. So‘nggi kunlarda ko‘cha-ko‘yda piyoda yurganimda, notanish odamlar kelishmovchiliklar keltirib chiqarishga urinmoqda. Ya’ni meni qandaydir janjalga aralashtirish rejasida yurishibdi. Nazarimda, bunday xatti-harakatlar alamzada taksi haydovchilari yoki boshqa taraflar tomonidan uyushtirilmoqda», — deydi jurnalist.

U 9 avgust kuni xavfsizligini ta’minlab berishlarini so‘rab, O‘sh shahar Ichki ishlar boshqarmasiga ariza bilan murojaat qilgan. «Ko‘ramiz, ular qanchalik ish olib borarkin va vaziyat qanchalik ijobiy tomonga o‘zgararkin? Buni albatta, vaqt ko‘rsatadi», — deydi Shohrux Soipov.


«O‘sh» xalqaro aeroporti. Foto: Gulzhan Turdubaeva / RFE/RL.

«Haydovchilar madaniyat bilan muomala qilmaydi»

Uning ta’kidlashicha, bir necha yillar oldin ham ikki marta o‘zbekistonlik yigitlar taksi haydovchilari ustidan Qirg‘iziston rasmiylariga video murojaat qilgan. O‘shanda qirg‘iz matbuoti bu haqda yozgan. O‘sh viloyati hokimi «Do‘stlik» nazorat punktiga borib, holatni o‘rgangan va o‘z munosabatini bildirgan. Ammo muammo tizimli yechim topmagani bois haligacha bunday holatlar takrorlanmoqda.

«Taksi haydovchilarining maqsadi — haq-huquqlarini bilmaydigan yo‘lovchilardan foydalanib, ko‘proq pul ishlash. „Do‘stlik“ nazorat punkti bilan O‘sh aeroporti oralig‘idagi masofa 6−7 kilometr chiqadi. „Yandeks“ va boshqa chaqiruv taksilar orqali aeroportga yoki chegaraga 200 somga yetib olasiz. Qirg‘izistonlik haydovchilar O‘zbekiston fuqarolaridan esa 700 somdan olmoqda. Haydovchilar madaniyat bilan muomala qilmayapti. Shuningdek, turli sabablar bilan O‘zbekistonga borib qaytayotgan qirg‘izistonlik fuqarolar orasida ham taksi haydovchilariga nisbatan e’tirozlar paydo bo‘lyapti. Taksi haydovchilari fuqaroligidan qat’i nazar, yo‘lovchilarga o‘zboshimchalik bilan ish tutyapti», — deydi Shohrux Soipov.

Muammoning yechimi bormi?

Jurnalistning qayd etishicha, ayni paytda ichki ishlar xodimlari tartib o‘rnatgan bo‘lsa-da, ma’lum vaqt o‘tib, taksi haydovchilari tomonidan bunday holatni takrorlanish ehtimoli bor.

«Ichki ishlar xodimlari aytmoqdaki, ularga jabrlanuvchilar tomonidan arizalar kelib tushmayapti ekan. Bunday bo‘lishi tabiiy hol. Chunki o‘zbekistonliklar O‘sh orqali bir hududdan ikkinchi hududga o‘tmoqda. Agar ariza yozsa, ovoragarchilik bo‘lishini, vaqti ketishini yaxshi biladi. Bundan tashqari, ba’zilari qo‘rqadi ham, muammoli vaziyatga aralashgisi kelmaydi», — deydi u.

Jurnalist O‘sh viloyati hokimligi va boshqa mutasaddilarga «Do‘stlik» nazorat punkti va aeroport orasida qatnaydigan kichik avtobuslar yo‘lga qo‘yilishini taklif etayotganini ma’lum qildi. Bunday avtobuslar samolyot reys vaqtiga qarab qatnasa va huquq tartibot organlari nazoratni kuchaytirsa, bunday muammolarga barham beriladi. Buni amalga oshirish esa Qirg‘iziston rasmiylariga bog‘liq, deb hisoblaydi Shohrux Soipov.

«Shuningdek, tezkor guruh tuzish kerak. Agar chegara yoki aeroportda muammo yuzaga kelsa, masalani o‘z o‘rnida hal etish lozim. Fuqarolarni so‘roqqa chaqirib, vaqtini olish kerak emas. Mayli, taksi haydovchilari ham o‘z o‘rnida ishini qilaversin. Ammo madaniyatli, yo‘l haqqini oshirmagan holda ishlashlarini istardim. Yo‘lovchilar o‘z imkoniyatiga qarab, xohlagan transportiga chiqadi», — deydi o‘shlik mustaqil jurnalist.

Avvalroq, Qirg‘iziston Jogorku Keneshi deputati Janar Akayev mamlakat parlamenti allaqachon bu masalani ko‘targani, ammo mas’ul shaxslar bu borada boshqa choralar ko‘rishmagani haqida Facebook tarmog‘ida yozgan edi.

«Biz birinchi navbatda O‘zbekiston fuqarolarini fuqaro, qo‘shni, xalq deb bilishimiz kerak, ular O‘shdan o‘zlariga xush kelgani uchun uchib o‘tishayotgani yo‘q. Shunda chipta 150 dollarga arzonroq bo‘ladi. Kambag‘al oilalar uchun bu juda katta miqdor. Bu odamlardan pul o‘g‘rilashga yo‘l qo‘yish mumkin emas. Bu ularda Qirg‘izistonga nisbatan nafrat uyg‘otadi. Agar ikkala davlat ham o‘tishni qiyinlashtirsa, prezidentlarimiz gapirgan xalqlar do‘stligi qayerda qoldi?» — deb yozadi deputat.

Uning qo‘shimcha qilishicha, har bir yo‘lovchi xalqaro reyslar uchun 15 dollar to‘laydi. O‘sh aeroporti orqali har oy minglab odamlar uchib o‘tadi va ulardan millionlab dollar daromad Qirg‘iziston g‘aznasida qoladi.

Janar Akayev terminalni kengaytirish, yo‘lovchilar va yuklarni tashish va ro‘yxatdan o‘tkazish uchun sharoitlarni yaxshilashni taklif qildi. Deputat o‘z murojaatini Vazirlar Mahkamasi rahbari Oqilbek Japarovga yo‘lladi.

«Azattыk» radiosining xabar berishicha, ayrim O‘zbekiston fuqarolari O‘shdagi taksi haydovchilarining xatti-harakatlari yuzasidan Qirg‘iziston hukumatiga shikoyat qilgan. 2 avgust kuni Telegram tarmog‘ida tarqalgan murojaatda taksichilar Rossiyadan O‘shga uchib kelayotgan O‘zbekiston fuqarolarini majburan mashinaga o‘tqazib, chegaragacha 5−6 km yo‘l uchun 500 som (65 ming o‘zbek so‘mi) va har bir yo‘lovchi uchun undan ham ko‘proq pul to‘lashga majburlashayotgani aytiladi.

Militsiya ma’lumotlariga ko‘ra, ularga avvalroq ijtimoiy tarmoqlar orqali bu haqda 14 ta murojaat kelib tushgan. Hozirda ulardan 7 nafari bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda, birorta ham ish yakuniga yetmagan, chunki ariza topshirganlar huquqni muhofaza qilish organlariga ko‘rsatma berishdan bosh tortmoqda. «Xorijiy fuqarolar taksi haydovchilarining huquqbuzarliklarini tasdiqlovchi faktlarni taqdim etishmagan. Buni isbotlashning iloji bo‘lmaganligi sababli oddiy so‘zlar sifatida qabul qilinadi. Shuning uchun biz tushuntirish ishlari bilan cheklanishimiz mumkin, xolos», − dedi O‘sh viloyati ichki ishlar boshqarmasi matbuot kotibi Jenish Ashirbayev.