Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev 8 avgust kuni bo‘lib o‘tgan brifingda O‘zbekiston Milliy bog‘idagi sobiq «Komsomol» ko‘li (uning bir qismi Magic City`ga berilgan) 15 avgust kuni ochilishini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, plyaj bilan yangilangan ko‘lning maydoni 33 ming kvadrat metrni tashkil qiladi. Ko‘l bilan bog‘ 2017 yil kuzida rekonstruksiya uchun yopilgan edi.

«Gazeta.uz» fotomuxbiri 9 avgust kuni bog‘da bo‘lib, qurilish ishlari qanday ketayotganini ko‘rdi. Ko‘l hududida ishchilar pastki qismini gidroizolyatsiya qilish bilan shug‘ullanayotgan ekan. Ko‘l qirg‘og‘idan markaziy orolgacha yangi ko‘priklar o‘rnatilgan. Bo‘lajak maysazorlar ostiga sug‘orish tizimi yotqizilmoqda.

Foto







Oliy Majlis binosiga tutash bo‘lgan va hozirda quritilgan ikkinchi ko‘l hududi hali ham to‘liq panjara bilan o‘ralgan. U yerda Milliy akademik drama teatrining yangi binosi qurilishi rejalashtirilayotgani haqida avvalroq xabar berilgan edi.

2017 yil sentabr oyida Milliy bog‘, ko‘l va Bolalar temir yo‘li hukumat qarori bilan rekonstruksiya qilish uchun yopildi. Keyinroq uning o‘rnida delfinariy, Amerika arg‘imchog‘i, serfing uchish joyi va savdo-ko‘ngilochar markaziga ega «yuqori texnologiyalar parki» paydo bo‘lishi xabar qilindi. 2020 yil yanvarida prezident rekonstruksiya ishlarining borishi bilan tanishdi.

2021 yilning iyuniga kelib, bog‘ning avvallari darvoza bo‘lgan qismida Magic City oilaviy ko‘ngilochar bog‘i ochildi. Dunyoning mashhur poytaxtlari xiyobonlariga taqlid qiluvchi ko‘chalar turli xil do‘konlar, musiqiy favvora, Bavariyaning Noyshvanshteyn qal’asi nusxasi, 650 o‘rinli Rim Kolizeyi ko‘rinishidagi amfiteatr, shuningdek, kinoteatr va bolalar ko‘ngilochar markazi qurildi. Biroz vaqt o‘tgach, akvarium ham ishga tushirildi. Park Discover Invest kompaniyasi tomonidan qurilgan.