Shanba kuni toshkentliklar poytaxtning Chilonzor ko‘chasida puxta o‘ylanmagan loyiha tufayli qurib qolishi mumkin bo‘lgan o‘nlab ko‘p yillik daraxtlarni himoya qilib chiqishdi. Ularning sa’y-harakatlari natijasida loyiha qayta ko‘rib chiqildi, shuningdek, yuqori martabali amaldorlar hodisa joyiga kelib, aybdorlarni jazolashga va’da berishdi.

Kechqurun Toshkent shahar hokimligi tomonidan ko‘chani rekonstruksiya qilish bo‘yicha yangilangan loyiha e’lon qilindi, unda yo‘laklar sonini oltitadan to‘rttagacha qisqartirish taklif etildi. Biroq loyiha bir qator savollarni tug‘diradi. «Gazeta.uz» hokimlikni shoshmaslik, loyihaga malakali urbanistlar va transport muhandislarini jalb qilish (ayni paytda rossiyalik mutaxassislar poytaxtda ishlamoqda) va nihoyat, uni shaharliklarning haqiqiy muhokamasiga qo‘yishga chaqiradi.

«100 ta emas, 7 ta daraxt»

Avvalo qayd etish joizki, hokimlik faollarning quruvchilar 99 ta daraxtning ildiziga zarar yetkazgani haqidagi xabarini rad etadi. Hokimlik bayonotida aytilishicha, «qisman zarar» faqat «7 ta daraxtning ildiz tizimining yuqori qismlariga» ta’sir qilgan.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi mutaxassislar tomonidan Chilonzor shoh ko‘chasidagi qurilish hududida mavjud bo‘lgan 108 ta daraxtlar ahvoli o‘rganilgani, unda 7 dona «Eman» daraxtining tomir qismi ochilishi oqibatida shikast yetkazilgani hamda daraxtlar xavf ostida qolgani aniqlanganini ma’lum qildi. «Mutaxassislarning ma’lumotiga ko‘ra, ushbu holatda zudlik bilan choralar ko‘rilmagan taqdirda shikast yetkazilgan daraxtlar qurishi oqibatida tabiat va atrof muhitga 348,9 mln. so‘m zarar yetkazilishiga olib kelishi mumkinligi ko‘rsatilgan», — deyiladi xabarda. Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 198-moddasi 3-qismi (Ekinzorlarni, o‘rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o‘simliklarni shikastlantirish yoxud nobud qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Foto: Chilonzor tumani hokimligi

Chilonzor tumani hokimligi o‘rganishlar jarayonida Botanika instituti mutaxassislari daraxtlarni asrab qolish uchun yo‘lning har ikkala tomonining 3,5 metr qismini gomusli tuproq bilan to‘ldirish, daraxtlarga chirishning oldini olishda ishlatiladigan fitosporin mikrobiologik preparatlari va ildiz o‘stiruvchi kornevin biostimulyatori bilan ishlov berish haqida tavsiyalarni berganini ma’lum qildi.

Foto: Ekologiya qo‘mitasi.

«Zamonaviy qiyofa»

Tuman hokimligining aniqlik kiritishicha, Chilonzor ko‘chasini zamonaviy qiyofaga keltirish loyihasiga asosan avtomobil yo‘llarining 1,4 kilometr qismida kapital ta’mirlash ishlarini amalga oshirish, yo‘lni 22 metrgacha kengaytirish rejalashtirilgan. Ta’mirlanayotgan yo‘lning 300 metrida har ikki tomonida 108 ta ko‘p yillik daraxtlar mavjud. Xatlov jarayonida ro‘yxatga olingan 99 tup eman daraxtining 7 tasining ildiziga zarar yetkazilgan.

Poytaxt hokimligining xabar qilishicha, Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev tomonidan mas’ullarga loyihadagi olti chiziqli avtomobil yo‘li o‘rniga to‘rt chiziqli avtomobil yo‘lini qoldirish, ortib qolgan joyni esa yashil hududga aylantirish topshirig‘i berildi.

Foto: Toshkent shahar hokimligi.

Taqdim etilgan eskizlardan ko‘rinib turibdiki, loyiha har bir yo‘nalishda 3 m kenglikdagi uchta yo‘lakni va velosiped yo‘lakchasi bilan birlashtirilgan piyodalar yo‘lagini, shuningdek, eni 3 m bo‘lgan yo‘lakni o‘z ichiga oladi. Qayta ko‘rib chiqilgan loyihada avtomobillar uchun to‘rtta yo‘lakning har birini 3,25 m gacha kengaytirish taklif qilingan. Shu bilan birga, piyodalar va velosiped yo‘laklari uchun 3 m masofa qoldirish taklif etiladi. Yandeks.Xaritadagi panoramali tasvirlarga asoslanib, ko‘cha to‘rt qatorli qilib belgilanganiga qaramasdan, aslida olti qatorli yo‘l kengligida bo‘lganini ko‘rish mumkin. Bunda tartibsiz mashinalar qo‘yilgani bois maydondan samarasiz foydalanib kelingan.

«Gazeta.uz» veloyo‘laklarni piyodalar yo‘laklari bilan birlashtirish qarori noto‘g‘ri bo‘lganini yozgan edi. Buni amaliyot ham tasdiqlangan. Velosiped yo‘llarining noto‘g‘ri tashkil etilishi tufayli ular ommalasha olmadi, ulardan foydalanish ham xavfli. Natijada, asosiy transport vositasi velosiped ko‘pchilik fuqarolar hamon avtoyo‘llarning qatnov qismidan foydalanishda davom ettirmoqda.

Poytaxt hokimligi matbuot xizmati suratlaridan ko‘rinib turibdiki, hozirgi piyodalar yo‘lagi bir qatorda besh kishi o‘tishi mumkin. Agar uning bir qismi velosiped yo‘lagiga ajratilsa, bu joy yanada torayadi. Yechim esa yo‘lakni qurishga yondashuvni o‘zgartirish va velosiped yo‘lagini ajratish bo‘lishi mumkin, ammo bu tegishli mutaxassislarning ishtirokini talab qiladi.

Foto: Toshkent shahar hokimligi.

Oqilona ko‘cha dizayni ko‘chalarni hamma uchun xavfsizroq qilishi, zararli chiqindilarni kamaytirishi, yurishning jozibadorligini, harakatlanuvchi odamlar soni va biznes daromadini oshirishi mumkin, deyiladi Global Street Design Guide qo‘llanmasida.

Ko‘chalar hamma joyda bir xil bo‘lishi shart emas. Har bir segmentda kontekstni hisobga olish kerak — ko‘cha bo‘ylab joylashgan obyektlar, piyodalar oqimi, jamoat transporti yo‘nalishlari va to‘xtash joylari, ko‘chaning hamma uchun ochiqligi va, albatta, piyodalar xavfsizligi. Asosan avtomashinalarga mo‘ljallangan ko‘chalar har xil harakat turlari uchun moslashtirilgan ko‘chalarga qaraganda kamroq yuklama ko‘tarish qobiliyatiga ega. Hokimlik eskizlarida jamoat transportiga hatto o‘rin ham ajratib o‘tirilmagan.

Aholining fikrini hisobga olishning ahamiyati

Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev befarq bo‘lmagan fuqarolarga o‘z minnatdorchiligini bildirib, «muassasalarning e’tiborsizligi va mas’uliyatsizligi tufayli yuzaga kelgan vaziyat» uchun uzr so‘radi. Shahar prokuroriga ushbu loyihada qo‘yilgan xatoliklar uchun loyiha institutiti, quruvchilar, ekologiya bo‘limi va, umuman, ushbu loyihada qatnashgan barcha mutasaddilarga chora ko‘rilishi zarurligini ta’kidladi.

Oxirgi yillarda hokimiyat keskin tanqidlarga quloq solib, ba’zida qarorlarini qayta ko‘rib chiqishga majbur bo‘lgan holatlar ko‘p bo‘ldi. Agar ma’muriyat o‘z qarorlarini aholi — shahar muhitining bevosita foydalanuvchilari bilan muhokama qilishni boshlasa, bunday ko‘ngilsiz holatlardan uzoq turish mumkin bo‘lardi. Chilonzor ko‘chasi bilan bog‘liq holat bunga hali ham kech emasligini ko‘rsatmoqda.

«Fuqarolar shunchaki shahar foydalanuvchilari emas. Ular shaharning egalaridir», — degan edi urbanist Arkadiy Gershman nashrimizga bergan intervyusida. Odamlar shunchaki kuzatuvchi bo‘lishni xohlamaydilar, ular shahar hayotida ishtirok etishni xohlashadi", — deya ta’kidladi u.