Chennay shahrida (Hindiston) o‘tkazilayotgan 44-shaxmat olimpiadasining beshinchi turida O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi Slovakiyani mag‘lubiyatga uchratdi. 2 avgust kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuv 4:0 hisobida yakunlandi.

Grossmeyster Nodirbek Abdusattorov (2688) bahs boshlanishi bilan tashabbusni o‘z qo‘liga oldi va tezda Jergus Pechakni (2594) mag‘lubiyatga uchratdi.

Nodirbek Yakubbayev (2620) Viktor Gazik (2544) ustidan va Javohir Sindarov (2629) esa Yuray Druska (2519) ustidan g‘alaba qozondi.

Yakuniy bahsda Jahongir Vohidov (2564) Kristofer Repkani mag‘lub etib, terma jamoaning ishonchli g‘alabasini ta’minladi.

Foto: chess-results.com.

Beshinchi tur yakunlariga ko‘ra, 9 ochko to‘plagan O‘zbekiston termasi 188 ta jamoa ishtirok etayotgan turnir jadvalida uchinchi pog‘onaga ko‘tarilib oldi. Keyingi turda shaxmatchilar 4-o‘rinni egallab turgan hindistonlik raqiblari bilan to‘qnash kelishadi. Hindiston jamoasi avvalgi turlarda Zimbabve (4:0), Moldova (3,5:0,5), Gretsiya (3:1), Ruminiya (2,5:1,5) termalarini mag‘lubiyatga uchratgan va Fransiya (2:2) bilan durang o‘ynagan.

Shuningdek, tezkor shaxmat bo‘yicha jahon chempioni Nodirbek Abdusattorov beshta turda birinchi bo‘lib 100 foizlik natijaga erishgan olimpiadaning samarali o‘yinchilaridan biriga aylandi. O‘zbekistonlik 17 yoshli shaxmatchi Hindiston-2 jamoasi vakili 16 yoshli Gukesh Dommaradju, qozog‘istonlik 18 yoshli Nogerbek Kazibek, shuningdek, Hindiston-3 jamoasidan 24 yoshli Pallatur Venkatachalam hamda 20 yoshli germaniyalik Yana Shnayder bilan birgalikda beshta uchrashuvda beshta g‘alaba qozonib, 100 foizlik natija ko‘rsatib kelishmoqda.

O‘zbekiston ayollar terma jamoasi vetnamlik raqiblariga imkoniyatni boy berdi (0,5:3,5). Maftuna Bobomurodova durang o‘ynagan bo‘lsa, Nilufar Yakubbayeva, Umida Omonova va Marjona Malikova o‘z partiyalarida mag‘lub bo‘ldi.

Terma jamoa 164 ta jamoa ichida 6 ochko bilan 54-o‘rinda bormoqda. Keyingi turda shaxmatchi qizlar Shotlandiya bilan kuch sinashadi.