O‘zbekiston iqtisodiy va geosiyosiy vaziyat oqibatida dunyoda qashshoqlik darajasi o‘sib borayotgani tufayli imtiyozli foiz stavkalarida kredit berish amaliyotini bekor qila olmaydi. Bu haqda 21 iyul kuni Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov ma’lum qildi.

«[Dunyodagi] iqtisodiy va geosiyosiy vaziyat bizni belgilagan maqsadlarimizni ma’lum davrga cheklashga majbur qilayapti. To‘g‘ri tushunishimiz kerak, hozir butun dunyoda kambag‘allik darajasi oshib borayotgan sharoitda biz bugungi kundagi imtiyozli kreditlarni taqa-taq to‘xtatib qo‘yib, kichik bo‘lsa ham tadbirkorlik bilan shug‘ullanaman degan fuqarolarimizga qiyinchilik yaratib qo‘yishimiz ehtimoli yuqori», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, imtiyozli kredit shartlarini kamaytirish maqsadida kompensatsiya mexanizmini kengaytirish bo‘yicha hukumat bilan ishlayapmiz.

«Haqiqatdan ham kompensatsiya mexanizmi o‘tgan yilga qaraganda qariyb 4 baravarga ko‘paydi… Oldin biz imtiyozli kreditlarni ma’lum bir stavkada belgilar edik, hozir e’tibor beradigan bo‘lsangiz, 14 foizdan past belgilanmayapti, oldinlari undan ham past belgilanardi», — dedi Mamirizo Nurmuratov.

MB rahbari regulyator hukumatdan imtiyozli va direktiv kreditlar hajmini kamaytirishni va banklarga bozor sharoitida ishlashga ruxsat berishni so‘raganini ma’lum qildi. Bu Markaziy bankning asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi, dedi u.

Mamirizo Nurmuratov shuningdek, muammoli kreditlarni (NPL) mahalliy budjetlarning orttirib bajarilgan qismidan, ya’ni soliq to‘lovchilar hisobidan qoplanishi haqidagi taklifga ham to‘xtalib o‘tdi. mumkin.

«Aholi tadbirkorligini rivojlantirish bo‘yicha qarorda kredit [berish]ga asosiy tavsiya beruvchi — hokimlar deb belgilangandi. Hokimlarni mas’uliyatini oshirish nuqtai nazaridan loyiha sifatida kiritilgandi, lekin bu hayotga tadbiq etilgani yo‘q», — dedi u.

MB rahbarining ta’kidlashicha, hokim yordamchilari tizimi joriy qilingach, muammoli kreditlar bilan bog‘liq vaziyat ijobiy tarafga o‘zgarmoqda, ya’ni oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlaridagi NPL hajmi ma’lum jihatdan kamaymoqda, o‘sish tendensiyasi to‘xtadi.

Avvalroq, bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov 22 iyul kuni Qonunchilik palatasi majlisida «imtiyozli kreditlarni yo‘q qilish kerakligini» ta’kidlagandi. «Odamlarni ko‘rib chiqishdan foyda yo‘q, bu muammoni hal qilmaydi. Kredit berishni ko‘rib chiqish kerak. Birinchi navdatda imtiyozli kreditlarni yo‘q qilish masalaning yechimi bo‘ladi. Qachonki imtiyozli kredit bo‘lmasa, shunda kredit berish [jarayoni] tartibga tushadi», — degandi u.

Yil boshida Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov 2021 yildan O‘zbekistonda imtiyozli kreditlash siyosatini bekor qilish rejalashtirilgan edi, biroq koronavirus pandemiyasi tufayli bu rejalarni keyinga surishga to‘g‘ri kelganini ta’kidlagandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan yili imtiyozli shartlarda kreditlarning 24,6 foizi berilgan va bu 2018 yilga nisbatan 2 barobar kamdir. Shu bilan birga, imtiyozli kredit portfeli tarkibida muammoli kreditlarning ulushi yuqori darajada qolmoqda.

Shuningdek, may oyida Markaziy bank imtiyozli kreditlash amaliyotining makroiqtisodiy samaradorligi pastligi va ushbu amaliyot samarali pul-kredit siyosati uchun jiddiy muammolardan biri ekanligini qayd etgandi. 2019 yildan boshlab ularni bozor foizlariga yaqinlashtirish uchun stavkalar ko‘tarila boshladi, biroq, MB asosiy stavkasi o‘sishi bilan o‘rtadagi farq yana oshdi.

Iyun oyi yakunlari bo‘yicha barcha kreditlar bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi 22,8 foizni, imtiyozli kreditlar bo‘yicha esa qariyb ikki baravar kamroq — 12 foizni tashkil qildi.

Mamarizo Nurmuratov 2020 yildayoq «imtiyozli kreditlar bor joyda, albatta, noto‘g‘ri foydalanish tendensiyasi va korrupsion unsurlar bo‘ladi», — deya ta’kidlagadi.