O‘zbekistonda «O‘ztransgaz»ning tabiiy gazni markazlashgan tarzda xarid qilish va sotish vakolati UzGasTrade kompaniyasiga o‘tkazilgani kabi islohotlar elektr energiyasi sektorida ham amalga oshirilishi kutilmoqda.

Bu haqda 22 iyul kuni Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov ma’lum qildi.

«Elektr energetikasi sohasida ham huddi shu ishni qilmoqchimiz. O‘zbekiston Milliy elektr tarmoqlari kompaniyasi stansiyalardan elektrni oladi va sotadi. Shuning uchun bu kompaniya ham bundan ozod qilamiz. Va hozircha nomi tasdiqlanmagan PowerTrade kompaniyasini tuzish ko‘zda tutilmoqda. Shunda „O‘zMET“ ham o‘ziga ortiqcha bo‘lgan funksiyadan qutiladi-da, faqat transport tashkilotiga o‘xshagan, ya’ni elektr energiyani yetkazib beruvchi korxonaga — biznesga aylanadi», — dedi vazir.

Uning so‘zlariga ko‘ra, elektr yetkazib bergani uchun «O‘zMET» tarif oladi, shundan so‘ng, u foyda ko‘radigan rentabellikka erishgach, kredit oladi va o‘zining infratuzilmasini, jumladan, elektr uzatish liniyalarini modernizatsiya qiladi.

«Bir yangilikni aytib o‘tmoqchimanki, biz hurmatli prezidentimiz huzurida bo‘lgan yig‘ilishda elektr energetikasi bozorida regulyator tashkil etish taklifini berdik. Bu bo‘yicha takliflarimiz asosiy qismi prezidentimiz tomonidan ma’qullandi», — dedi bosh vazir o‘rinbosari.

Jamshid Qo‘chqorov. Foto: Videodan lavha.

U shuningdek, «O‘zMET» regulyator sifatida qanday vazifalarni bajarishini ham tushuntirdi.

«Regulyator shunday bo‘ladiki, ertaga energetika bozorida ishlab chiqaruvchi, sotuvchi, kim bo‘lishidan qat’iy nazar — hamma litsenziya oladi. Bu banklarning regulyatori — Markaziy bank qanday bo‘lgan bo‘lsa, elektr energetika regulyatori bozoridagi qatnashuvchilar, yaxshi ma’nodagi o‘yinchilarning faoliyatini nazorat qiladi», — dedi Jamshid Qo‘chqorov.

Iqtisodiy taraqqiyot vaziri shuningdek, «bu nimaga kerak, 7 mlrd dollardan ortiq quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish shartnomalari amalga oshirilayapti, yana nima o‘ylab topayapsizlar?» qabilida savol beruvchilarga ham oldindan javob berib ketdi.

«Bitta farqi bo‘ladi. Birinchidan, shu kungacha agar kimdir shamol yoki quyosh stansiyasini qurayotgan bo‘lsa, u «O‘zMET»ga 2045−2050 yilgacha palon narxda elektr energiyasini kafolatli sotishga kelishib qo‘ygan. Bu yaxshi va oson biznes. Endi, regulyator ishga tushib, bizda elektr energiyasining ulgurji bozori shakllangandan keyin u ochiq bozor bo‘ladi», — dedi vazir.

Uning tushuntirishicha, xorijiy investor biror turdagi elektr stansiyasini qurmoqchi bo‘lsa, PowerTrade yoki boshqa tashkilotga borib o‘tirmasdan, regulyatorga murojaat qiladi va yer so‘raydi, keyin quradi.

«Unga hech kim elektr energiyasini sotib olishga kafolat ham bermaydi. Bozorga huddi pomidorini ko‘tarib borayotgandek bo‘ladi, bir tog‘ora pomidorni bozorga olib borsam 5 ming so‘mdan sotilishiga hech kim kafolat bermaydi-ku. Elektr energiyasi ham huddi shunday bo‘ladi», — dedi bosh vazir o‘rinbosari.

«Hozirgi tartibda davlat tashkiloti shu elektr energiyani 2045 yilgacha olaman deb majburiyat olib qo‘yyapti. Davlat tashkiloti majburiyatini bajarmasa, uning orqasida har doim ham davlat turadi. Bu bilvosita davlat majburiyatlari oshishiga olib keladi», — dedi Jamshid Qo‘chqorov.

U mazkur yangi tartiblarni nazarda tutuvchi tegishli qonun loyihasini ishlab chiqib, Qonunchilik palatasiga kiritilishini qo‘shimcha qildi.