15 iyuldan boshlab O‘zbekiston mamlakat korxonalarida ishlab chiqarilgan avtobenzin va dizel yoqilg‘isini eksport qilishni vaqtincha chekladi. Bu Vazirlar Mahkamasi yg‘ilishining 16 iyulda tasdiqlangan protokolida nazarda tutilgan. Bu haqda «Gazeta.uz»ga hukumatdagi hamda neftgaz sohasidagi ikkita manbasi ma’lum qildi.

Xabar qilinishicha, oxirgi oyda 15−16,5 ming tonna atrofida benzin eksport qilingan, «bu mamlakatning yoqilg‘iga bo‘lgan 5−6 kunlik ehtiyoji degani».

Eksport cheklovidan so‘ng, birja savdosiga qo‘yiladigan benzin hajmi oshirildi, bu «narxlarning pasayishiga olib kelishi kerak», deya ta’kidladi manba.

Shu bilan birga, hukumat yoqilg‘ini import qilishga cheklov o‘rnatmadi.

«Gazeta.uz» O‘zbekistonda dizel yonilg‘isining birja narxlari yil boshidan buyon deyarli 50 foizga — 10,82 mln so‘mdan 16,14 mln so‘mgacha oshganini ma’lum qilgandi.

«O‘zbekneftgaz» narx ko‘tarilishini Brent markali neftning yuqori kotirovkalari va mamlakatga import neft mahsulotlarini olib kirishdagi vaqtinchalik qiyinchiliklar bilan izohladi.

Shuningdek, eng ommabop bo‘lgan Ai-80 benzini yanvardan beri birjada 10,9 foizga — 8,1 mln so‘mdan 8,99 mln so‘mgacha oshgani haqida ham yozgandik. Shunga qaramasdan, O‘zbekneftgaz»ga qarashli Toshkent va viloyatlardagi yoqilg‘i quyish shoxobchalarida ushbu markadagi benzin bir litri uchun 6800 so‘mdan, xususiy AYOQSHlarida esa 7000 so‘mdan 7700 so‘mgacha (yoki undan ham qimmatroq — 7200 so‘mdan 8600 so‘mgacha) sotilmoqda. Kompaniya buni import qiluvchilar tomonidan yuqori oktanli avtobenzinning chetdan keltirishi kamayishi natijasida Ai-80 rusumli avtobenzinga bo‘lgan talab ortib borayotgani bilan izohlagandi.