18 iyul kuni Samarqand viloyatining Urgut tumanidagi to‘yxonalarning birida fuqarolar ovqatdan zaharlandi.

Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov mazkur xabarga munosabat bildirib, tarmoqlarda tarqalgandek 200 kishi emas, balki 10 kishi zaharlanganini ma’lum qildi.

To‘yga borgan 56 yoshli ayol 19 iyul kuni «o‘tkir ovqat toksikoinfeksiyasi» tashxisi bilan shifoxonaga murojaat qilgan. Unga tez tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

Qolaversa, u bilan birga bo‘lgan bir nechta fuqarolarning xonadonlariga borilib, shifoxonaga taklif qilingan va tekshiruvdan o‘tkazilgan.

Tekshiruvda yana 10 kishi — 9 nafari ayol, 1 nafari erkakka «Yengil ovqat toksikoinfeksiyasi» tashxisi qo‘yildi. Ularning sog‘lig‘i to‘liq yaxshilangan va 20 iyul kuni uylariga javob berilgan, deyiladi xabarda.

Hozir shifoxonada faqatgina dastlab murojaat qilgan bemor ayolga tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda, uning ahvoli yaxshilanayotgani qo‘shimcha qilindi.

Holat yuzasidan Urgut tumani prokuraturasi tergovga qadar tekshirish harakatlarini o‘tkazmoqda.