25 iyun kuni «Bu mening Konstitutsiyam» portalida konstitutsiyani o‘zgartirishga oid qonun loyihasi umumxalq muhokamasi uchun o‘zbek va rus tillarida e’lon qilindi.

26 iyun kunidan boshlab qoraqalpoq xalqi Bosh qonunda respublika maqomini o‘zgartirish bo‘yicha o‘zining e’tirozli munosabatini turli fleshmoblar va Konstitutsiyaviy komissiyaning call-markaziga qo‘ng‘iroq qilish orqali bildira boshladi. Biroq, shundan so‘ng, hududda internet va mobil aloqa uzib qo‘yilgani haqida xabarlar tarqaldi.

E’tiborlisi, bunga qadar Qonunchilik palatasi va Senatning rasmiy sayti va ijtimoiy tarmoqlaridagi sahifalarida e’lon qilingan xabarlarning birortasida Konstitutsiyadagi Qoraqalpog‘istonga oid 70, 71, 72, 74 va 75-moddalarini o‘zgartirish taklif etilayotgani haqida biror gap-so‘z qayd etilmagan.

1 iyul kuni soat 21:25 da O‘zbekiston IIV Qoraqalpog‘istonning Nukus shahrida soat 15:00 lar atrofida respublikada amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarni noto‘g‘ri talqin qilinishi oqibatida ayrim fuqarolar ko‘cha yurishlarini tashkil qilgani haqida xabar berdi.

2 iyul kuni Qoraqalpog‘iston rasmiylari bir guruh jinoyatchi shaxslar davlat boshqaruvi organlarini egallashga uringanini ta’kidlab, nosog‘lom tashqi kuchlarning hududdagi vaziyat rivojiga ta’sir qilishga urinishlaridan xavotirdaligini bildirdi.

2 iyul kuni tushdan so‘ng, prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonga jo‘nab ketdi. Davlat rahbari Nukusda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Qoraqalpog‘iston aholisining noroziligiga sabab bo‘lgan Konstitutsiyaning 70, 71, 72, 74 va 75-moddalarining amaldagi tahrirlari o‘zgarishsiz qoldirilishini ta’kidladi.

Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi deputatlarining o‘zlari Konstitutsiyada respublikaning maqomini o‘zgartish taklifini kiritgani va tasdiqlagani hamda aholining noroziligi haqida xabar bermaganini ham tanqid qildi. «Qoraqalpoq xalqi norozi bo‘lsa, birorta modda hech qachon o‘zgarmaydi», — dedi u.

3 iyul kuni tongda davlat rahbari bir kun avval borib qaytgan Nukusga yana uchib ketdi. Shavkat Mirziyoyev avvaliga Nukus shahrida videoselektor o‘tkazdi, keyin Jeketerak mahallasida xalq bilan muloqot qildi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesida deputatlar, faxriy va faollar bilan uchrashdi, so‘ng «Samanbay» ovul fuqarolar yig‘inida bir guruh yoshullilar va mahalla faollari bilan ko‘rishdi.

«Fuqarolarning o‘z fikri va xohish-irodasini demokratik prinsiplar va huquqiy normalar asosida erkin bildirish bo‘yicha yaratilgan shart-sharoitlarga qaramasdan, ayrim g‘arazli kuchlar konstitutsiyaviy islohotlarga norozilik bahonasida tajovuzkorlik va zo‘ravonlik yo‘lini tanlab, O‘zbekistondagi vaziyatni beqaror etish va izdan chiqarishga urinmoqda. Soxta axborotlarni tarqatishning sinalgan texnologiyalaridan, ijtimoiy tarmoqlar imkoniyatidan foydalangan holda, buzg‘unchi kuchlar aniq maqsadni ko‘zlab, fuqarolarni Konstitutsiyaga xilof xatti-harakatlarga jalb etmoqda. Ularning asosiy niyati jamiyatni parokanda qilish, davlatimiz tomonidan olib borilayotgan bunyodkorlik siyosatiga bo‘lgan ishonchni susaytirish, O‘zbekistonning hududiy yaxlitligiga putur yetkazishdan iborat», — dedi davlat rahbari.

«Barchamiz birgalikda Yangi O‘zbekiston va Yangi Qoraqalpog‘istonni albatta barpo etamiz», — deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Bir necha kun davomida Qoraqalpog‘iston poytaxti Nukusda sodir bo‘lgan voqealar, aholi va huquq-tartibot organlari xodimlari o‘rtasidagi to‘qnashuvlarga O‘zbekiston deputatlari va senatorlari qanday munosabat bildirdi? «Gazeta.uz» 2 iyulgacha biror deputat yoki senator fikr bildirmaganini eslatib o‘tgan holda, ushbu sanadan keyin aytilgan fikr-mulohalarni e’tiboringizga havola etadi.

2 iyul rasmiy idoralar vaziyat yuzasidan bayonot bergach, «Milliy tiklanish» partiyasi yetakchisi, deputat Alisher Qodirov «qondoshlarimiz qoraqalpoqlarni tashqaridan boshqarilayotgan buzg‘unchi xiyonatchilarni manfur o‘yinlariga o‘yinchoq qilib qo‘ymasligimiz kerak» deya munosabat bildirdi.


«Bir guruh xiyonatchilar qoraqalpoq xalqining fikrini ifoda etmaydi. Fuqarolarimiz xavfsizligini ta’minlash uchun barcha imkoniyatlar ishga solinishi zarur. Qonun loyihasi bo‘yicha xalqimiz nima desa shu bo‘lsin», — dedi deputat.

Deputat Rasul Kusherbayev 2 iyul kuni Qoraqalpog‘iston rasmiylarining bayonotidan so‘ng, qisqacha o‘zining munosabatini bildirgan.

«Fursatdan foydalanib, biz ham barchani tinchlikka chaqirib qolamiz. Har qanday nizo, muammo va tushunmovchilik sog‘lom muloqot hamda muzokaralar orqali hal etilishi lozim», — dedi u. Shundan keyin u asosan Nukus mavzusidagi rasmiy xabarlarni qayta ulashib turgan.

O‘zLiDeP fraksiyasi yetakchisi Aktam Xaitov esa shu kunlar mobaynida Nukus voqealari yuzasidan o‘zining shaxsiy fikri yoki munosabatini bildirishdan tiyilgan.


U faqat boshqa rasmiy manbalarning xabarlarini Telegram-kanalida bo‘lishish bilan kifoyalangan.

Quyi palataning yana bir faol deputati Doniyor G‘aniyev ham iyun oxiri va iyul oyi boshlarida Nukus haqida o‘zining munosabatini e’lon qilmagan.


Deputatning kanalida Konstitutsiyaviy qonunning ba’zi bir yangiliklari haqidagi xabarlarni ko‘rish mumkin. Biroq, Qoraqalpog‘iston haqida esa faqat rasmiy manbalarning ma’lumotlari obunachilar e’tiboriga havola etilib kelingan.

«Yuksalish» UMH yetakchisi Bobur Bekmurodov ham asosan qoraqalpoq mavzusini rasmiy xabarlar chiqqachgina ko‘tara boshlagan.

Jumladan, deputat 2 iyul kuni Nukusda to‘satdan agressiya unsurlari mavjud bo‘lgan noqonuniy namoyishlar uyushtirilgani, alohida guruhlar va provokatorlar yig‘ilgan fuqarolar bilan aralashib, ma’muriy binolar majmuasidagi davlat muassasalarini egallab olishga uringani haqida yozgan.

«Maqsad tushunarli — shu orqali O‘zbekistondagi ijtimoiy-siyosiy vaziyatni izdan chiqarish. Ishonchim komilki, huquq-tartibot idoralari bu jinoiy urinishlarga huquqiy baho beradi. Men milliy va xalqaro hamjamiyatni geosiyosiy jarayonlarning provokatsion to‘lqinlaridan ogoh bo‘lishga, ularning nishoniga aylanib qolmaslikka chaqirmoqchiman. O‘zbekiston so‘nggi yillarda izchil rivojlanayotgan, demokratik qadriyatlarga sodiqligini namoyon etgan davlat», — degan u.

2−3 iyul kunlari Bobur Bekmurodov Twitter ijtimoiy tarmog‘ida Qoraqalpog‘istondagi voqealar haqida yolg‘on ma’lumotlar tarqatilishiga qarshi kurash olib borganligini qayd etish lozim.


3 iyul kuni Qonunchilik palatasi va Senatning Qoraqalpog‘istonda favqulodda holat (FH) joriy etish to‘g‘risidagi prezident farmonini tasdiqlash haqidagi qo‘shma qarori e’lon qilindi. Shundan keyin ko‘pchilik deputat va senatorlar shaxsiy pozitsiyasini bildirishga kirishib ketdi, ularning fikrlari asosan quyi palata saytida chiqarilgan.

Jumladan, deputat Qahramon Ergashev «har xil ig‘vogarlarga uchmaslikka» chaqirgan.

Uning fikricha, Bosh qonunga kiritilayotgan Qoraqalpog‘istonga oid normalarni bir guruh shaxslar noto‘g‘ri talqin qilgan va aholi orasida vahima ko‘targan.

«O‘zbek-qoraqalpoq xalqlari doim bir-birini qo‘llagan. Ahil-inoq yashab, xursandchilikda ham, g‘amda ham doimo birga bo‘lgan. Demak, ertangi kelajagimiz, xalqimiz farovonligi, osmonimiz musaffoligi uchun bir yoqadan bosh chiqarib, bir musht bo‘lib, yurtimizni qudratli mamlakatga aylantiraylik», — dedi u.

Deputat Muhammad Валиевнинг fikricha, tarix, qadriyat, an’analarni e’zozlamagan, o‘z manfaatini butun bir mamlakatning manfaatidan ustun qo‘ygan ayrim populistlarning noqonuniy harakati, chalg‘itishi tinch, osuda hayot kechirayotgan qoraqalpog‘istonliklarning tinchligiga rahna soldi.

«Bunyodkor g‘oya buzg‘unchi g‘oyani mag‘lub etishiga erishishimiz uchun ham qoraqalpog‘istonlik hamyurtlarimiz ma’lum muddat ayrim turdagi cheklovlarga rioya qilishlari kerak bo‘ladi», — degan u.

4 iyul kuni quyi palata deputati Azamjon To‘laboyev Qoraqalpog‘istonda FH e’lon qilinganini to‘liq oqlashini ma’lum qildi.


«Bu borada biz deputatlar joylarda xalqimizga amalga oshirilayotgan islohotlar, qabul qilinayotgan qonun va qonunosti hujjatlarning asl mohiyatini to‘g‘ri va xalqchil uslubda tushuntirishda faollikni qo‘ldan boy bermasligimiz kerak. Zotan, noto‘g‘ri va noo‘rin xulosalar, allaqanday fitnachilarning ig‘volariga ko‘r-ko‘rona ergashish bilimsizlik, xolis va to‘g‘ri ma’lumotdan xabardor bo‘lmaslikdan kelib chiqadi», — dedi u.

Sherzod Rahmonov esa etni tirnoqdan ajratib bo‘lmaydi, deya yozmoqda. Xuddi shunday gapni bir kun oldin senator Malika Qodirxonova ham ta’kidlagan.

«Qardosh qoraqalpoq eli o‘zbek xalqi bilan doimo yonma-yon, yelkama-yelka turgan… Ammo so‘nggi kunlarda ayrim ig‘vogarlar, fitnachilarning manfur maqsadi tufayli qardosh elimizning tinchligiga rahna solingani barchamizni tashvishga soldi. Lekin ayrim «provokator"larning populistik chiqishlari ta’siriga tushib qolgan ba’zi soddadil qardoshlarimizning noo‘rin xulosasi va harakati bilan tobora rivojlanib borayotgan mamlakatimizning tinchligi xavf ostida qolishi mumkin edi», — degan o‘z fikrida u.

Deputat Sardor G‘iyosov prezidentning Jo‘qog‘i Kengesdagi gap-so‘zlaridan ilhomlanib, «Yangi O‘zbekistonni va Yangi Qoraqalpog‘istonni hammamiz birgalikda quramiz» deya bayonot bergan.

«O‘zbek va qoraqalpoq xalqlari o‘rtasidagi qardoshlik, o‘zaro hurmat va mehr-oqibat, og‘izbirchiligimizni asrab-avaylash, yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va barqarorlik muhitini saqlash barchamizning burchimizdir. Zotan, Yangi O‘zbekiston, Yangi Qoraqalpog‘istonni hammamiz birgalikda quramiz», — degan u.

Jamshid Qosimov esa o‘zbek va qoraqalpoq xalqlarining maqsadi, yo‘li va manzili bir ekanligini qayd etgan.


«Yurtimizda kechayotgan siyosiy jarayondan foydalanib, ba’zi bir g‘alamis niyatli kuchlar noto‘g‘ri, yolg‘on axborotlar bilan tinch aholidan foydalanishga harakat qilganining guvohi bo‘ldik», — degan u.

«Ayni paytda har birimizdan og‘ir-bosiqlik, turli xil ig‘volarga uchmasdan, uzoqni, farzandlarimiz kelajagini, yurtimiz ertasini o‘ylagan holda ish tutish talab etiladi. O‘ylaymanki, qoraqalpoq birodarlarimiz buni juda yaxshi anglab turibdi va ular bilan maqsadimiz, yo‘limiz, manzilimiz bir», — degan o‘z fikrida deputat.

Mamlakatdagi ushbu vaziyatga Qibray tumani mahalliy kengash deputati Doniyor Yusupov ham fikr bildirib o‘tgan.

«Ayni tashqarida turib turli nayranglar o‘ylab, yovuz niyatlari ila yurtimizdagi tinchlikni to‘polon va notinchlikka aylantirmoqchi bo‘lganlar, o‘zlarining separatistik g‘oyalarini ilgari surayotgan nopok kimsalar o‘z niyatiga yeta olmaydi», — degan u.

Deputatlar kabi senatorlar ham quyi va yuqori palatalarning qo‘shma qarori qabul qilingachgina o‘zining fikr-mulohazalarini bildirdi. Ularning shaxsiy qarashlari qayd etilgan qisqa maqolalar asosan 3 iyul kuni yuqori palata rasmiy saytida e’lon qilingan.


Senat raisi Tanzila Narbayevaning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida Qoraqalpog‘iston mavzusida biror post yoki rasmiylarning xabari chiqarilmagan. Qayd etish joiz, Narbayeva 1 iyul kuni Ozarbayjonda tashrif bilan bo‘lib turgan edi.

Jumladan, Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Tolibjon Madumarov «mamlakat yaxlitligi, tinchligini ko‘ra olmayotgan yovuz kuchlar va bu kabi nohush hodisalar hech qachon o‘zbek va qoraqalpoq birdamligiga rahna sola olmaydi», — deya ishonch bildirgan.

«Biz qoraqalpoqlik og‘a-inilarimiz bilan Yangi O‘zbekistonni, mamlakatimiizning yangi sahifasini birgalikda barpo etamiz! Ishonamanki, qoraqalpoqlik og‘a-inilarimiz, opa-singillarimiz tashqi kuchlar ta’siriga tushmaydi, necha yillik tinchlik va bir butunlikni saqlab qoladi», — degan u.

Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi Malika Qodirxonovaning fikricha esa «etni tirnoqdan ajratib bo‘lmaydi».

«Asrlar osha davom etayotgan do‘stlik, og‘a-inichilik, opa-singillik rishtalari abadiy bo‘lib qoladi. Biz onalar, ayollar tinchlik tarafdorimiz! Chetda turib turli yovuz niyatini amalga oshirish evaziga O‘zbekiston yaxlitligini ko‘ra olmayotganlar, qoraqalpoq elida notinchliklar, turli ko‘ngilsizliklarni yuzaga keltirmoqchi bo‘lgan separatistlar o‘z maqsadlariga erisha olmaydi. Dono xalqimizning bir naqli bor, etni tirnoqdan ajratib bo‘lmaydi», — deb yozgan u.

Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Narimon Umarovning yozishicha, «separatistlarning maqsadi tinch aholi ishonchiga kirib, mamlakatda beqarorlikni yuzaga keltirishdir».

Senator Qoraqalpog‘istonda ro‘y bergan ommaviy tartibsizliklar orqasida yaxlit mamlakatda separatistik g‘oyalarni tarqatishga qaratilgan, avvaldan rejalashtirilgan, aniq maqsadga ega muayyan kuchlar turganligi ayon bo‘lganini qayd etgan.

«Postsovet va Yaqin Sharq mamlakatlarining yigirma yillik tarixi bunday tartibsizliklar va inqiloblar nima bilan tugaganini barchamiz ko‘rdik. E’tibor bersangiz, bu kabi tartibsizliklar ro‘y bergan barcha mamlakatlarning iqtisodiy o‘sishi ular boshlangunga qadar yuqori bo‘lgan. Bugun esa ushbu mamlakatlar hali-xanuz o‘zlarining asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarini yaxshilay olgani yo‘q», — deya ta’kidlagan u.

Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi a’zosi Gulnora Marufovaning bayon etishicha, «biz bir xalqmiz va O‘zbekiston yaxlitligini birgalikda asraymiz».

«Kuni-kecha sodir etilgan tartibsizliklar Qoraqalpog‘istondagi ulkan islohotlarni, samarali ishlarni izdan chiqarishga qaratilgan. Bundan keyin bu kabi salbiy holatlarning takrorlanmasligi uchun „oltovlon ola bo‘lib“ emas, balki hamjihatlikda harakat qilishimiz, ayniqsa buzg‘unchi g‘oyalardan yoshlarimizni asrab-avaylashimiz kerak», — dedi u.


«Gazeta.uz» jurnalistikaning barcha standartlariga rioya qilishga, e’lon qilinayotgan barcha faktlarni qayta tekshirishga va rasmiy organlarda mavjud ma’lumotlarni tasdiqlashga intiladi. Shuning uchun ham bizning muxbirimiz voqea joyiga borib, fotoreportaj hamda mahalliy aholi vakillari bilan suhbatlar uyushtirdi.

Jumladan, 3 iyul kuni Nukusda bo‘lgan «Gazeta.uz» muxbiri Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazining Qoraqalpog‘iston filialiga tashrif buyurdi.

Muxbirimiz o‘sha yerdagilardan izoh olishga harakat qilganida, unga rad javobini berishdi. «Hech kim kelmadi, hech kim odamlarga hech narsa haqida xabar bermadi. „Yong‘indan“ keyin intervyu olish nimaga kerak? Qanday yordam bermoqchisiz? O‘lganlarni tiriltira olasizmi», — dedi u va chetga o‘tdi.