UEFA o‘zining Instagram`dagi sahifasida Konferensiyalar ligasi 2021−2022 yilgi mavsum yakunlariga ko‘ra, turnirda eng yuqori tezlikni qayd etgan futbolchilar ro‘yxatini e’lon qildi.

Italiyaning «Roma» klubi hujumchisi, o‘zbekistonlik Eldor Shomurodov o‘tgan mavsumda 33,6 km/soat tezlik qayd etib, Yevropa Konferensiyalar ligasining eng tezkor o‘yinchisi bo‘ldi.

Shomurodovdan keyingi o‘rinlarda Siril Dessers (33,2 km/soat), Luis Sinisterra (32,8 km/soat), Tirell Malasiya (32,8 km/soat) — uchchalasi ham «Feyenoord», Kris Smolling (32,4 km/soat, «Roma») va Brayn Linssen (32,2 km/soat, «Feyenoord») kabi o‘yinchilar joy olishdi.


Eslatib o‘tamiz, Yevropa Konferensiyalar ligasining 2021−2022 yilgi mavsumi finalida «Roma» «Feyenoord»dan 1:0 hisobida ustun kelib, yakunda chempionlikni nishonladi. Rimliklar safida o‘ynagan Eldor Shomurodov yevrokuboklarda g‘alaba qozongan ikkinchi o‘zbekistonlik sportchi bo‘ldi.