Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha qonun loyihasi e’lon qilinganda, siyosiy tizimimizning asosiy muammosi birinchi o‘ringa chiqdi: qaror qabul qilish jarayonida jamiyat bilan muloqotning to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmaganligi.

Tan olish kerak, mamlakat rahbariyati qabul qilingan qarorlar haqida aholini xabardor qilish va ularni piar qilish borasida yutuqlarga erishdi. Lekin bularning barchasi kommunikatsiya strategiyasining bir qismi bo‘lishi kerak, uning o‘rnini egallashi kerak emas. Faqat ma’lumot berish va piar orqali samarali kommunikatsiyani yo‘lga qo‘yib bo‘lmaydi. Jamiyatdagi kayfiyatni yaxshi tushunish, jamoatchilik fikri bilan doimo ishlash va uni chuqur tahlil qilgan holda qarorlarni qabul qilish lozim.

Rasmiylarning muloqot o‘rnatishdagi vazifasi — jamiyatni yoki har qanday boshqa auditoriyani qabul qilingan qarorning to‘g‘riligiga ishontirish, yuzaga keladigan qisqa muddatli kamchiliklarni namoyish qilish va uzoq muddatli afzalliklarni ko‘rsatishdan iborat. Muxtasar qilib aytganda, g‘oyani katta jamoatchilikka «sotish» kerak va uning qo‘llab-quvvatloviga erishish lozim.

Bu bilan asosan raqobatli saylovlar va hokimiyat uchun kurash mavjud bo‘lgan siyosiy tizimlarda shug‘ullanishadi. Bunday tizimlarda siyosiy partiyalar turli xil raqobatli dasturlarni taklif qilishadi va aynan o‘zlarining dasturi eng maqbuli ekanligiga jamiyatni ishontirishga harakat qiladilar. Bundan kelib chiqadiki, vakolat muddati oxiriga yaqinlashgach keyingi saylovlarda g‘alaba qozonish imkoniyati ushbu dastur qanchalik samarali amalga oshirilganiga bog‘liq bo‘lib qoladi. Raqobatli saylovlar bo‘lmagan, butun davlat apparati — davlat idoralari va siyosiy partiyalardan boshlab davlat NNTlari va OAVlargacha — yuqoridan tushirilgan yagona dasturni targ‘ibot qiladigan mamlakatda qaror qabul qilish jarayonida kommunikatsiya ustuvor bo‘lmaydi.

O‘tgan hafta rasmiylarimiz Qoraqalpog‘istonda jamiyat bilan muloqotga e’tibor bermaslik va strategik qarorlarning parda ortida qabul qilinishining oqibatlari bilan to‘qnash kelishdi. Ayniqsa o‘ta nozik masalalarda. Ayniqsa, davlat tarkibidagi etnik hududiy tuzilmalar haqida gap ketganda. Umid qilamizki rasmiylar bir narsani anglab yetishdi: har qanday qarorlar jimgina ma’qullanishiga yoki ma’qullanmasa-da, jim turilishiga har doim ham umid qilib bo‘lmaydi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasining maqomi va uning O‘zbekiston tarkibidan chiqish huquqi (30 yil ichida hech kim bu huquqdan foydalanishga harakat ham qilmadi) to‘g‘risidagi moddalarni olib tashlashga urinish yo‘q joyda jiddiy muammoni keltirib chiqardi. Muammo Qoraqalpog‘istonning maqomini o‘zgartirish qarorida ham emas, balki bu qarorning qanday qabul qilingani, u haqida qanday xabar berilgani (bu haqda xabar berilmadi) va qoraqalpoq jamiyatining noroziligiga birinchi reaksiya qanday bo‘lganligida (hech qanday reaksiya bo‘lmadi).

Muhim bir narsani oldindan aytib qo‘ymoqchiman. Har qanday davlat tarkibiga kiruvchi etnik hududiy tuzilmalarda har doimo ma’lum darajada separatistik g‘oyalar mavjud bo‘ladi. Bundan qochib bo‘lmaydi. Biroq a) ushbu g‘oyalarning jamiyatda qanchalik qo‘llab-quvvatlanishi; b) ularning ma’lum bir harakat yoki partiyada qanchalik darajada tizimlashtirilgani; hamda v) davlat ushbu hududlarda yashaydigan xalqlarning maqomi, madaniyati, o‘zligi va boshqa huquqlariga nisbatan qanchalik to‘g‘ri siyosat olib borayotganligi muhim.

Qoraqalpog‘iston holatida esa, bunday kayfiyatlar bo‘lgan taqdirda ham, ular juda uzoqlarda yashiringan va keng jamoatchilik fikriga ta’sir qilish kuchiga ega emas edi. Qoraqalpog‘istonlik separatistik harakatlar haqida eshitgan bo‘lsak ham, bu — Qoraqalpog‘istonning o‘zida anchadan beri yashamaydigan va aholini faol harakatlarga unday olmaydigan aktivistlar haqidagi xabarlar edi. Biznikiga o‘xshash holatlarda rasmiylardan talab qilinadigan yagona narsa bu — hudud aholisining hissiyoti bilan o‘ynashadigan va jiddiy noroziklarni keltirib chiqaradigan qarorlarni qabul qilmaslik hamda o‘zi shundoq ham sodiq (loyal) jamiyatni separatistlar qo‘liga topshirib qo‘ymaslik.

Nukusdagi aviakassa yakshanba kuni. Respublikada internetga ulanish hali ham cheklangan. Foto: Shuxrat Latipov / «Gazeta.uz».

Shu o‘rinda bir nechta savollar paydo bo‘ladi.

Qoraqalpog‘iston bo‘yicha taklif etilgan o‘zgartirishlardan maqsad nima edi? Yillab yoki o‘nlab yillar davomida separatistlarning ajralib chiqish uchun harakatlari ortidan mojarolar davom etayotgan Ozarbayjon, Gruziya, Ukraina va Moldovaning salbiy misollari inobatga olingandi deylik. Kremlning postsovet davlatlarida mahalliy mojarolarni ora-sirada muzlatish va avj oldirish maqsadida samarasiz kvazi-davlatlarni tuzish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha siyosati ham vaziyatni chigallashtiradi. Bunday xatarlar haqiqatda dolzarb. Ayniqsa so‘nggi yillarda postsovet davlatlari mavjudligining legitimligi, ularning chegaralari va davlatchiligi Moskvaning rasmiy vakillari tomonidan muntazam ravishda shubha ostiga olinadigan sharoitda.

Biroq, davlatimiz tarkibidagi butun bir boshli respublikaning ajralib chiqish huquqini ogohlantirishsiz Konstitutsiyadan chiqarib tashlash orqali ushbu xatarning oldini olish — muammoga samarali yechim bo‘lmaydi. Qaytarib o‘taman, 30 yil ichida biror marotaba bu huquqdan foydalanishga urinishlar bo‘lmagan. Ehtimoliy separatizm va tashqi kuchlarning aralashuvidan qo‘rqib, hozirning o‘zidayoq separatizmga chorlovlarga to‘qnash keldik. Shunday ekan, agar separatistik kayfiyatlarning oldini olish bo‘yicha preventiv choralarni ko‘rish vazifasi qo‘yilgan bo‘lsa, unda u muvaffaqiyatsizlikka uchradi.

Bundan tashqari, Qoraqalpog‘istonning maqomini o‘zgartirish bo‘yicha rejalardan nima maqsad ko‘zlanganligini faqat taxmin qilishimiz mumkin, chunki rasmiylar bunga rasman izoh bermadi. Faqatgina Konstitutsion komissiya ekspertlarining qoraqalpoq jamiyati bu borada tegishli takliflar berganligi va respublika parlamenti ularni bir ovozda ma’qullagani haqidagi bayonoti OAVda ko‘rinish berdi xolos. Biroq aksariyat postsovet mamlakatlarida bunday bayonotlarga tanqidiy nazar bilan qarash lozim. So‘z erkinligi cheklangan va fuqarolik jamiyati shakllanmagan mamlakatlarda jamoatchilik fikri nisbiy narsa. Voqealar rivoji ko‘rsatganidek, Qoraqalpog‘iston aholisi respublika maqomini o‘zgartirish umuman xohlashmagan. Bundan tashqari, separatistlar va ushbu mavzudan foydalanmoqchi bo‘ladigan tashqi kuchlar mamlakat qonunlari bilan umuman qiziqmaydi. Ularning ta’sirlariga qarshi alohida maqomga ega bo‘lgan hudud aholisi bilan samarali muloqotni yo‘lga qo‘yish, ularda unutilganlik hissi shakllanishining oldini olish, boshqalar bilan teng imkoniyatlar va munosib hayot darajasi bilan ta’minlash orqali kurashish samaraliroq.

Yana bir savol bor. Qaror qabul qilish jarayoni qanday kechgan? Qaror bir nechta darajalarda ko‘rib chiqilganligi tushunarli. Shunday ekan, nima uchun hech qaysi darajada hech kim aynan Qoraqalpog‘iston bo‘yicha o‘zgartirishlarni shunday ko‘rinishda va shunday uslubda qabul qilish kerakmasligini aytmadi (balki aytgandir, lekin ishontira olmagandir)? Jamiyat bilan juda ehtiyotkorona, mashaqqat bilan va uzoq muddat ishlash kerakligi, bir vaqtning o‘zida ham respublikaning maxsus maqomini, ham O‘zbekiston chegaralari daxsizligini anglatadigan barcha tomonlarni qanoatlantiradigan yo‘llarni topish lozimligi haqida nega gapirilmagan? Na qaror qabul qiluvchilar, na jamiyat bunday oqibatlarga tayyor bo‘lmasa, eng yaxshisi bunday murakkab mavzuni umuman ko‘tarmaslik kerak.

Masalaning yana bir jihatiga e’tiborni qaratish lozim. Qoraqalpog‘istonda jamiyatning o‘zgartirishlar bo‘yicha noroziligidan O‘zbekiston tarkibidan ajralib chiqishgacha chorlovlarga o‘tish juda tez amalga oshdi. Bunda xohlagancha tashqi kuchlarni ayblash mumkin va ular haqiqatda jarayonga aralashgan. Lekin shuni unutmaslik kerakki, birinchidan, inqiroz aynan davlat tizimimiz ichidagi xatolar sababli yuzaga keldi va keskinlashdi. Axir o‘zgartirishlar e’lon qilinganiga qadar Nukusda hech qanday noqonuniy mitinglar bo‘lmagandi, hech kim odamlarni O‘zbekiston tarkibidan ajralib chiqish chorlovlari bilan yig‘mayotgandi va referendum o‘tkazishni talab qilmayotgandi. Balki, bu masalaning umuman kun tartibida bo‘lmaganidandir?

Ikkinchidan esa, jamiyatda nosog‘lom jarayonlar boshlanganda, har qanday tuzum — eng demokratigidan tortib eng totalitarigacha — vaziyat o‘z-o‘zidan hal bo‘lib ketishidan umid qilib, jim turishi kerak emas. Hal bo‘lmaydi. Davlat o‘zi shug‘ullanmasa — vaziyat keskinlashib boraveradi va bu muammo bilan boshqalar shug‘ullana boshlaydi, bunda ham ichkaridagi, ham tashqaridagi kuchlar faollashadi. Bizning holatda tashqi kuch bo‘lgan bo‘lsa ham, u yetarlicha chegaralangan edi, jiddiy aktorlar esa, baxtimizga, jarayonga aralashishmadi. Biroq, agar muammo operativ tarzda yechilmasa, tashqi omilning o‘rni kuchayib boraveradi. Shuning uchun ham rasmiylar ushbu vaziyatdan chiqib ketish yo‘lini iloji boricha tezroq topishlari kerak, aks holda har biri o‘z manfaatlarini ilgari suradigan juda ko‘plab tashqi aktorlar aralashishni boshlashi mumkin.

Favqulotda holat rejimi amal qilishni boshlagan yakshanba kunida Nukus ko‘chalarida sokinlik hukm surardi. Foto: Shuxrat Latipov / «Gazeta.uz».

Yuzaga kelgan vaziyatda mamlakat rahbariyatida muammoni shoshilinch tarzda yechishdan boshqa chora qolmagandi. Shanba va yakshanba kunlari prezident Shavkat Mirziyoyev Nukusda bo‘ldi. U Koraqalpog‘iston to‘g‘risidagi moddalar o‘zgartirilmasligini ta’kidladi, qoraqalpoq jamiyatining noroziliklari haqida unga xabar bermaganliklari uchun amaldorlarni tanqid qildi va qoraqalpoq xalqining manfaatlarini himoya qilishga tayyorligini ko‘rsatdi. Shu bilan birga, respublika hududida bir oyga favqulotda holat kiritildi, unga rioya qilinishi Milliy gvardiya tomonidan nazorat qilinishi belgilandi.

Qoraqalpog‘istonning konstitutsion maqomini o‘zgartirishni bekor qilish qarori hozirgi holatda yagona to‘g‘ri qaror bo‘ldi. Shu bilan birga, mamlakat rahbariyatining ushbu qarori zaiflik belgisi sifatida baholanmasligi kerak. Jamiyat noroziligiga uchragan xato qarorlardan voz kechish mamlakatimizda odat tusiga kirsa yanada yaxshi bo‘lardi. Har qanday masala bo‘yicha jamiyat fikri e’tiborga olinganligi va qaror to‘g‘rilanganligining namoyish qilinishi bu — aynan rasmiylar va aholi o‘rtasidagi uzilishning oldini olishi mumkin bo‘lgan chora. Rasmiylar reallikdan boxabar bo‘lmagan va jamiyatdagi kayfiyatlar bilan ishlay olmaydigan, jamiyat esa juda charchaganligidan rasmiylarni tan olishni xohlamaydigan vaziyatda nima sodir bo‘lishini revolyutsiya va fuqarolik nizolariga bag‘ishlangan tarix darsliklari batafsil ta’riflab beradi.

Hozir Qoraqalpog‘istondagi inqirozni yechishda O‘zbekiston hukumati «tayoq va shirinlik» uslubini qo‘llayotganligi ko‘rinmoqda. Bir tomondan, yo‘l qo‘yilgan xatolar shoshilinch tarzda to‘g‘rilanyapti, qoraqalpoq jamiyatiga kompromissga borish va respublika maqomini o‘zgartirmaslik bo‘yicha talabni eshitishga tayyorlik namoyish qilinmoqda. Boshqa tomondan, «tartibsizliklar tashkilotchilari va ma’muriy binolarni egallashga uringan shaxslar» bo‘yicha jiddiy bayonotlar kelgusida O‘zbekistondan ajralib chiqish bo‘yicha chorlovlarga qat’iy choralar bilan javob berilishini va uyga tarqalish kerakligini bildirmoqda. Umuman olganda, bunga tayyorlik 1 va 2 iyul kunlari ko‘chaga chiqqanlarni tarqatish paytida namoyish qilindi.

4 iyul bo‘yicha rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, to‘qnashuvlar vaqtida 18 kishi vafot etgan. Qon to‘kilganligining o‘zi Qoraqalpog‘iston va O‘zbekiston jamiyatlari yengib o‘tishi kerak bo‘lgan to‘siqqa aylanib ulgurdi. O‘tgan haftada yuzaga kelgan inqirozning uzoq muddatli oqibatlari haqida gapirishga hali erta. Ular vaziyatni barqarorlashtirish jarayoni qanday kechishiga bog‘liq bo‘ladi.

Rasmiylar ham, jamiyat ham bir-biriga qarshi radikal choralar ko‘rishdan tezroq voz kechishi muhim. Rasmiylar vaziyatdan o‘z siyosiy maqsadlari yo‘lida foydalanishga urinayotgan provokatorlarni qabul qilingan qaror haqida kech xabardor bo‘lib, adolatli tarzda noroziligini bildirgan jamiyatdan ajrata bilishlari lozim.

Muammolarni yechish uchun repressiv apparatni ishga tushirish, tinch aholini ta’qib qilish hamda qurbonlar va jabrlanganlarning kelgusida soni oshishi vaziyatni yanada keskinlashtiradi. Qoraqalpoq jamiyati ham xuddi shunday strategiyani qabul qilishi kerak. Ular respublika maqomi haqidagi qaror qanday qabul qilinganligidan xafa bo‘lishga to‘liq haqli, lekin O‘zbekistonning hududiy yaxlitligiga tahdid soladigan quruq separatizm tomoniga og‘ib ketishlari kerak emas. Oqilona va pragmatik qarorga kelinmasa, mojaro cho‘zilib ketishi va tomonlar orasidagi jarlik chuqurlashib borishi mumkin. Bu esa vaqti-vaqti bilan eskalatsiyaga olib kelishi, hattoki eskalatsiya va dushmanlik holatini doimiy qilib qo‘yishi ham mumkin.

Hozir Qoraqalpog‘istondagi voqealar hududiy yaxlitlik va xalqlarning o‘z taqdirini hal qilish huquqi tamoyillari o‘rtasidagi azaliy qarama-qarshilikning navbatdagi epizodi sifatida taqdim etilmoqda. Biroq vaziyatni faqat ushbu kontekstda ko‘rib chiqish kerak emas, chunki bu bizni sodir bo‘lgan voqealarning asosiy sababidan uzoqlashtiradi. Muammoning asosiy sababi esa har qanday qarorlarning samarasiz amalga oshirilishi va ularni qabul qilish jarayonida jamoatchilikning turli fikrlari haqiqatda hisobga olinmasligi.

Bir necha yil oldin Samarqandda qandaydir muhim tadbirdan oldin tartib o‘rnatish bo‘yicha qaror uysiz va hattoki xonaki hayvonlarning ommaviy o‘ldirilgani bilan yakunlanganini eslaylik. Yoki shahar infratuzilmasini yangilash bo‘yicha qaror fuqarolarning uyidan majburan ko‘chirilishi va mulki «snos» bo‘lishiga olib kelganini. Yoki shaxsiy ma’lumotlar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha qaror qisqa muddatga bo‘lsa ham ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlarning bloklanishiga olib kelganini. Ushbu va boshqa ko‘plab holatlar Qoraqalpog‘istondagi keys bilan birgalikda bitta zanjirning qismlari bo‘lib, ularning ildizida bitta muammo yotadi.

Agar qaror qabul qilish jarayonida mas’ul ijrochilar strategik fikr yuritganida, barcha ehtimoliy oqibatlar haqida o‘ylaganliklarida va shoshilib, parda ortida vazifani bajarmasdan, barcha qadamlarni puxta tuzib chiqqanlarida, Qoraqalpog‘istondagi fojiaviy voqealarning oldini olish mumkin bo‘lardi. Yoki rasmiylar va partiyalar qoraqalpoq jamiyatida yuzaga kelgan savollarga respublika maqomi haqidagi o‘zgartirishlar loyihasi e’lon qilinganining birinchi kunlaridayoq reaksiya bildirishganlarida. Faqatgina prezident ushbu o‘zgartirishlardan voz kechilishi haqida bayonot berganidan so‘nggina deputatlar va senatorlar Qoraqalpog‘iston haqida chiqishlar qilishni boshlashdi, dushanba kuni esa boshqa o‘zgartirishlarning ommaviy muhokamasini yana 10 kunga cho‘zish bo‘yicha qaror qabul qilishdi.

Rasmiylarimiz nimanidir to‘g‘ri qilishni xohlashsa, buni astoydil amalga oshirishini amaliyotda ko‘rganmiz. Demak, bizga kimdir tayyor emasligi, kadrlar yo‘qligi, resurslar yo‘qligi va hokazolar haqida gapirishni boshlashganda — gap ularning nimagadir qodir emasligida emas, shunchaki xohishning yo‘qligidandir. O‘zbekiston davlat boshqaruvi tizimining eng asosiy muammosi ham shunda. Tajribani orttirish, bilim va texnologiyalarni olish, ko‘nikmalarni esa rivojlantirish mumkin. Lekin nimanidir to‘g‘ri qilish va ishlash xohishining yo‘qligi bilan kurashish juda qiyin.

2016 yilda juda katta maqsadlarni qo‘ygan islohotlar dasturi e’lon qilindi, turg‘unlikdan charchagan xalq uni katta entuziazm bilan qarshi oldi. Bu mamlakat rahbariyatiga jamiyatning sodiqligini (loyallik) ta’minlab berdi, bu esa transformatsiya jarayonini boshlagan har qanday hukumat uchun kerak. Va bu transformatsiya jarayoni, qanchalik qarama-qarshiliklari bo‘lmasin, qator ijobiy natijalarga olib keldi. Biroq, keyingi qadamni qo‘yish vaqti kelganida, biz negadir bir joyda to‘xtab qoldik, rasmiylarda esa ularning har qanday qarorlari o‘z-o‘zidan ma’qullanishi kerakligi haqida tasavvur paydo bo‘ldi.

Jamiyatni yopiq eshiklar ortida qabul qilib bo‘lingan qarorlar haqida xabardor qilishdan iborat birtomonlama kommunikatsiyadan voz kechish lozim. Siyosatni amalga oshirishning bunday uslubi vaqti-vaqti bilan inqirozlarga olib keladi. Va hech kim ertami-kechmi muammoga operativ yechim topilmay, vaziyat haqiqatda dahshatli tus olishidan sug‘urtalangan emas, ana o‘shanda davlat xavfsizligi jiddiy xavf ostida qolgan bo‘ladi. O‘zbekistonning hududiy yaxlitligi esa, ayniqsa hozirgi davrda, umuman so‘roq ostiga olinmasligi kerak. Aynan shuning uchun ham o‘zimiz yo‘q joydan hududiy yaxlitlikka tahdidlar yaratmasligimiz kerak.

Muallif fikri tahririyat nuqtayi nazarini ifodalamasligi mumkin.

Yuriy Saruxanyan — Xalqaro munosabatlar sohasi bo‘yicha mutaxassis. «Seriya penalti» Telegram-kanali muallifi.