1 iyul kuni soat 21:25 da O‘zbekiston IIV Qoraqalpog‘istonning Nukus shahrida soat 15:00 lar atrofida respublikada amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarni noto‘g‘ri talqin qilinishi oqibatida ayrim fuqarolar ko‘cha yurishlarini tashkil qilgani haqida xabar berdi. O‘shanda odamlar shaharning Markaziy dehqon bozorida to‘planib, namoyishlar uyushtirishgan.

2 iyul kuni tushdan so‘ng, prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonga jo‘nab ketdi. Davlat rahbari Nukusda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Qoraqalpog‘iston aholisining noroziligiga sabab bo‘lgan Konstitutsiyaning 70, 71, 72, 74 va 75-moddalarining amaldagi tahrirlari o‘zgarishsiz qoldirilishini ta’kidladi.

3 iyul kuni tongda davlat rahbari bir kun avval borib qaytgan Nukusga yana uchib ketdi. Shavkat Mirziyoyev avvaliga Nukus shahrida videoselektor o‘tkazdi, keyin Jeketerak mahallasida xalq bilan muloqot qildi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesida deputatlar, faxriy va faollar bilan uchrashuv o‘tkazdi, so‘ng «Samanbay» ovul fuqarolar yig‘inida bir guruh yoshullilar va mahalla faollari bilan uchrashdi.

Voqealar rivojidan bir necha kun oldin respublika aholisi Qoraqalpog‘istonning suveren maqomiga oid o‘zgartirishlarni O‘zbekiston Konstitutsiyasiga kiritishga qarshi bir necha kunlik yakkaxon va jamoaviy norozilik chiqishlari kuzatilgandi. Ushbu kunlar davomida hududda avval mobil, keyin esa statsionar internet cheklangandi. Qoraqalpog‘iston va O‘zbekiston rasmiylari 1 iyul kechasigacha voqealar yuzasidan izoh va aholining chiqishlariga ochiq javob bermadi.

Mazkur voqealar fonida O‘zbekiston axborot makonini ko‘proq, xoh u rasmiy bo‘lsin, xoh norasmiy, xorijda ro‘yxatdan o‘tgan OAVlar egallab olgani kuzatildi va turli (tasdiqlanmagan yoki yolg‘on) xabarlarni tarqatishga urindi. Xo‘sh, bu vaqtda Qoraqalpog‘istondagi voqealarni O‘zbekistonning markaziy telekanallaridagi informatsion dasturlar qay tarzda yoritdi? «Gazeta.uz» ularning barchasini kuzatib, efirga uzatilgan xabarlarni bir materialga jamladi.

«O‘zbekiston 24» telekanali, «Axborot 24» informatsion dasturi


2 iyul kuni «O‘zbekiston 24» telekanali «Axborot 24» dasturining 23:00 dagi sonida Shavkat Mirziyoyevning Nukusda Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi deputatlari va faollari bilan o‘tkazgan uchrashuvidan lavha efirga uzatildi. Shundan so‘ng dasturda prezidentning «Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida favqulodda holat joriy etish to‘g‘risida»gi farmoni o‘qib eshittirildi.

3 iyul kuni soat 17:00 da efirga uzatilgan dasturda prezidentning Qoraqalpog‘istonga amalga oshirgan o‘sha kungi tashrifi haqida qisqacha ma’lumot berilgan. Xususan, Shavkat Mirziyoyevning Nukusda videoselektor o‘tkazgani hamda Jeketerak mahallasida xalq bilan muloqot qilgani haqida qisqa axborot berilgan.


3 iyul sanasi yakshanba kuniga to‘g‘ri kelgani bois «O‘zbekiston 24» telekanalida «Tahlilnoma» dasturi efirga uzatildi. Unda avvaliga Qoraqalpog‘istonda sodir bo‘lgan tartibsizliklar haqida, so‘ng prezidentning 2 va 3 iyul kuni Qoraqalpog‘istonga amalga oshirgan tashrifi haqida batafsil so‘z borgan.


Lavhada tartibsizliklar haqida so‘z borar ekan, jumladan, shunday deyiladi: «Ayrim g‘arazli kuchlar Konstitutsiyaviy islohotlarga norozilik bahonasida tajovuzkorlik va zo‘ravonlik yo‘lini tanlab, vaziyatni izdan chiqarmoqchi bo‘ldi. 2022 yil 1 iyul kuni Nukus shahrida bir guruh shaxslar soxta shiorlarni o‘ziga niqob qilib olgan holda fuqarolarning fikrini chalg‘itib, hokimiyat vakillarining qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan, tartibsizliklar keltirib chiqardi, mahalliy davlat organlarining binolarini egallab olishga urindi.

Jamoat tartibini saqlash haqidagi talablarga quloq solmasdan ular 2 iyul kuni ham buzg‘unchi harakatlarni davom ettirgan. Bu yurish mobaynida Nukusdagi infratuzilma obyektlariga sezilarli zarar yetkazilgan, binolarning oynalari sindirilib, yong‘inlar sodir etilgan. Bir necha guruhlar qurol-yarog‘larni qo‘lga kiritish maqsadida Nukus shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi va Milliy gvardiya boshqarmasi binolarini egallashga uringan. Son jihatidan ustunlikdan foydalanib, huquq tartibot organlari xodimlariga hujum qilgan, ularni ayovsiz kaltaklab, og‘ir tan jarohatlar yetkazgan. Afsuski, buning oqibatida tinch aholi va huquq tartibot organlari orasida qurbonlar ham bo‘ldi".

Reportaj matni davlat rahbarining Nukusdagi yig‘ilishidagi nutqini deyarli to‘liq takrorlagan.


Reportajda, shuningdek, Shavkat Mirziyoyevning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputatlari va jamoatchilik vakillari bilan uchrashuvidan lavhalar ham efirga uzatildi.


Prezident bo‘lib o‘tgan voqealar o‘zini tashvishga tushirganini aytgan. «Men hayotimni qo‘yganman bu masalaga. Qoraqalpoq elining bolalari mening farzandlarim. 1 so‘m topsam 60 tiyinini oldin Qoraqalpog‘istonga beryapman. Qadrdon Vatanimizni, shuncha mehnatimizni o‘zimiz saqlamasak hech kim bizga saqlab bermaydi. Meni ko‘nglim olib keldi, yuragim olib keldi. Men qanday o‘tira olaman. Menga tinchlik kerak», — dedi davlat rahbari.


Lavhada yig‘ilish davomida so‘zga chiqqanlarning nutqidan ham parchalar berilgan. «Mana, tushunmovchiliklar bo‘ldi. To‘satdan bo‘ldi, sezilmay, bilinmay qoldi. Sizning kelishingizni o‘zi xalq uchun katta narsani anglatadi», — degan so‘zga chiqqanlardan biri.

Prezidentning 3 iyul kungi tashrifi haqida berilgan lavhada Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishlar hamda xalq bilan o‘tkazgan muloqoti aks etgan.

«Sevimli» telekanali, «Yangi Zamon» informatsion dasturi


3 iyul kuni soat 21:00 da efirga uzatilgan ushbu ko‘rsatuvning boshidanoq ayni mavzu yuzasidan so‘z borgan.

Unga ko‘ra, Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritishda Qoraqalpog‘istonga tegishli moddalarga ayrim guruhlar tomonidan noroziliklar bildiriligan. «Buning oqibatida 1 iyul kuni Nukus shahrining markaziy ko‘chalarida namoyishlar uyushtirildi. Mahalliy hokimiyat organlarining binolarini noqonuniy egallashga urinish harakatlari sodir etildi. Shu bois Shavkat Mirziyoyev 2 iyul kuni Nukus shahriga tashrif buyurib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputatlari va jamoatchilik vakillari bilan uchrashdi. Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiyaviy islohotlar Vatanimizning bugungi va kelajak hayoti uchun g‘oyat muhim masala ekani, muhokamalarda ko‘pmillatli xalqimiz ko‘plab taklif va tavsiyalar bildirayotganini ta’kidladi», — deyiladi reportaj avvalida.

Lavha davomida davlat rahbarining 3 iyul kungi Nukusga tashrifi haqida ham so‘z borgan.

«Mening yurtim» telekanali, «Markaziy studiya» informatsion dasturi


2 iyul kuni soat 9:05 da efirga uzatilgan ko‘rsatuvda Qoraqalpog‘istonda sodir bo‘lgan holat yuzasidan ma’lumot berilmagan. Dushanbadan jumagacha odatiy ravishda soat 20:00 da efirga uzatiladigan ko‘rsatuv dam olish kunlarida efirga chiqmaydi.

Shunday qilib, 2 va 3 iyul kunlari «Markaziy studiya»da so‘nggi kunlarning eng muhim mavzusi ko‘tarilmagan.

«Zo‘rTV» telekanali, «Bu kun» informatsion dasturi


2 va 3 iyul kunlari soat 21:00 da efirga uzatilgan dastur davomida Qoraqalpog‘istondagi holat haqida so‘z bormagan.

«Milliy» telekanali, «Millar postda» informatsion dasturi


Ko‘rsatuvning 2 iyul kungi sonida Nukusdagi holat haqida so‘z bormagan. 3 iyul kuni esa ko‘rsatuv efirga uzatilmagan.


«Yoshlar» telekanali, «Yangi Davr» informatsion dasturi


Ushbu ko‘rsatuvning 2 iyul kuni efirga uzatilgan sonida ayni mavzu haqida so‘z bormagan bo‘lsa, 3 iyul kuni ko‘rsatuv efirga uzatilishi rejalashtirilmagan.


Qator huquqshunoslar, jamoatchilik faollari va blogerlar O‘zbekistonning markaziy telekanallari mamlakatdagi o‘ta muhim va qaltis siyosiy vaziyatda xolis va shaffof axborotni aholiga yetkazib berishdagi o‘z pozitsiyasini «tashqi kuchlarga» berib qo‘yganligini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, 2 iyul Qoraqalpog‘istonga yetib borgan «Gazeta.uz» muxbiri Shuxrat Latipov qariyb bir sutka davomida shovqin chiqaruvchi vosita va o‘q ovozlari eshitilib turgan Nukus — yakshanba kuni tinchigani haqida fotoreportaj tayyorlagandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, shifoxonalarda yaralanganlar ko‘p, aholi yaqinlarini halok bo‘lganlar va hibsga olinganlar orasidan qidirmoqda. Ko‘chalarda yongan shina va qon izlarini ko‘rish mumkin.