O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Narbayeva «Amerika ovozi»ga bergan intervyusida O‘zbekistondagi muxolifat haqidagi savolga javob berdi. Suhbat yuqori palata raisining yaqinda Vashingtonga tashrifi chog‘ida yozib olingan.

Amerika media kompaniyasi jurnalisti Navbahor Imomova xalqaro tashkilotlar o‘z hisobotlarida O‘zbekistonda siyosiy raqobat, siyosiy maydon va parlamentda muxolifat yo‘qligini qayd etayotganini ta’kidladi. U Senat raisidan nima uchun O‘zbekistonda haligacha haqiqiy muxolifat yo‘q degan savolga qanday javob berishi mumkinligini so‘radi.

«Muxolifat nimaga yo‘q? Bor-ku, hamma yoqda tanqid bo‘lyapti. Lekin, bu institutsional ravishda tashkil topishi uchun vaqt kerak. Hozir fikr erkinligi [bor]. Internetda parlamentga ham, rahbariyatga ham, hukumatga ham va hokazolarga keskin fikrlar bildiriladi. Mana shuni o‘zi ham muxolifat emasmi? Xalqning o‘zi ham muxolifat bo‘lishi mumkin» — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, har qanday rivojlangan davlatda, hatto hamma to‘q va eng rivojlangan davlatlarda ham xalq orasida norozilik bo‘lib turadi. «Bu normal holat deb hisoblayman», — dedi Senat raisi.

Tanzila Narbayevaning ta’kidlashicha, hozirda yuqori idoralar vakillari fuqarolarning murojaatlarini qabul qilish va ularga javob berish uchun «pastga» tushgan.

«Hozir «tepa» «past»ga tushgan. Mana hozir OAVda kuzatsangiz, har bir vazir, Oliy sud raisi, Bosh prokuror bo‘ladimi, pastga tushgan. Aholida «tepa», «past» degan tushunchalar bo‘lmasligi uchun prezident Mirziyoyev barcha amaldorlarni «pastga» tushirgan. Fuqarolar qayerga murojaat bilan bormasin, ularning muammosi tinglanadi», — dedi u.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2019 yil dekabr oyida siyosiy muxolifat haqida gapirar ekan, uning mamlakat ichida paydo bo‘lishi, xalqning barcha muammolarini bilishi uchun sharoit yaratish zarurligini ta’kidlagandi.

2021 yil sentabr oyida prezidentlik saylovi arafasida Senat raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safayev muxolifatni jamiyat barqaror rivojlanishining asosiy omillaridan biri deb atagan edi. «Busiz, tanqidsiz ya’ni, aytaylik, qandaydir bir alternativ fikrlarsiz, jamiyat rivojlana olmaydi», — degandi u. O‘zbekistonning jamiyati muxolifat bo‘lishidan manfaatdor. Senator muxolifat tabiiy tuzilishi kerakligini aytib, «hokimiyat berilmaydi, hokimiyat uchun kurashish kerak» degan aqidani eslagandi.