Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida joylashgan Surxon davlat qo‘riqxonasi, Xatak bo‘limi, Bog‘li dara massivida miloddan avvalgi 100−40 ming yillikka oid neandertal odam makoni topildi. Bu haqda Turizm va madaniy meros agentligi xabar berdi.

Xatak g‘ori 2021 yilda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazi doktoranti Xoliyor Oynazarov tomonidan petrogliflarni qidirish jarayonida topilgan. Yodgorlikda o‘rganish va dastlabki qazishmalar 2022 yil iyun oyida olib borilgan.

«Qazishma davomida vertikal qoyaning yuzasida 15−20 metr balandlikda hosil bo‘lgan va kirish juda qiyin bo‘lgan ushbu g‘orda tosh qurollar, yovvoyi hayvonlarning maydalangan suyaklari bilan birga 100−60 ming yil oldin yashagan neandertal odam hayotining to‘liq va buzilmagan manzarasi (kul, dumaloq o‘choq qoldiqlari) saqlanib qolganligi aniqlandi», — deyiladi xabarda.

«Gazeta.uz»ga arxeolog, Surxondaryo viloyati turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Zebuniso Alimardonovaning ma’lum qilishicha, aynan neandertal odami makoni deyilishiga sabab, «huddi Teshik-Tosh g‘oridan topilgan tosh qurol materiallari bilan bu yerda topilgan bujmlar bir xil».


«Arxeologiyada birinchi davrlashtirish moddiy manbaga asoslanib sana beriladi. Bundan tashqari, paleontolog, avstraliyalik mutaxassis Juliyen Luis chaqirilgan va o‘sha atrofdagi tuproqdan tahlil uchun material olingan. Bu birlamchi taxmin emas, bu fakt», — dedi Zebuniso Alimardonova.


Juliyen Luis.

Professor, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazida Bosh ilmiy xodimi, arxeolog Rustam Suleymanovning «Gazeta.uz»ga aniqlik kiritishicha, butun to‘rtlamchi davrda O‘rta Osiyoda sodir bo‘lgan faol orogenez jarayonining navbatdagi tektonik ko‘tarilishi vaqtida Xatak daryosi qirg‘oqlari keskin ko‘tarilib, daryo o‘z uzanini chuqurlashtirgan.

«Bu esa g‘orga na hayvonlar, na odamlar yetib bora olmaydigan qilib qo‘ygan. Xatak g‘orining toshga ishlov berish texnikasi Teshik-Tosh yodgorligidagi kabi. Ammo 1939 yilda olib borilgan qazishmalarda Teshik-Toshning barcha madaniy qatlamlari vayron qilingan. Hozirda tabiiy fan yutuqlaridan foydalangan holda arxeologik tadqiqot usullari ancha oldinga siljidi. Madaniy qatlamning o‘zi bizga bu erda yashagan neandertallar davrining muhiti va iqlimi (palinologiya va paleogeografiyasi) haqida ma’lumot berishi mumkin», — dedi professor.

Professor Rustam Suleymanov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Yevropaning o‘rta paleolit davri g‘orlaridan birining madaniy qatlamlarida uch xil turdagi neandertal odamning genom qoldiqlari topilgan.

«Bu bizga Xatakda yashagan neandertal odam genomini aniqlash uchun ajoyib imkoniyat beradi. Bu noyob arxeologik yodgorlik kelajak uchun saqlanishi kerak», — dedi arxeolog.