25 iyun kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasining yig‘ilishida pensiya miqdorini oshirish masalasi muhokama qilindi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar berdi.

Shanba kuni o‘tgan majlisda qo‘mita a’zolari tomonidan «Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartishlar kiritish masalasi dastlabki tarzda muhokama qilingan.

Deputatlar tomonidan taklif etilayotgan loyihaga ko‘ra, pensiyani hisob-kitob qilish uchun o‘rtacha ish haqining maksimal miqdorini pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining 10 barobaridan 12 barobarigacha oshirish nazarda tutilmoqda.

Ya’ni, fuqaroning o‘rtacha oylik ish haqi pensiya hisoblash bazaviy miqdorining (2022 yil 1 maydan — 324 ming so‘m) 10 baravari qismi (324000×10=3 240 000) pensiya tayinlashda inobatga olinadi.

Moliya vazirligi huzuridagi pensiya jamg‘armasi matbuot xizmatining «Gazeta.uz»ga aniqlik kiritishicha, ushbu chegarani 12 barobar (324000×12=3 888 000). etib belgilash taklif etilmoqda.

«Buni fuqarolarga foydasi — daromadi yuqori, masalan 3 700 000 oylik olgan fuqaroga pensiya tayinlashda faqat 3 240 000 miqdori olinardi, qolgan qismi inobatga olinmaydi. Endilikda pensiya tayinlashda 3 888 000 so‘mni inobatga olish taklifi berilgan, bu pensiya miqdori sezilarli oshishini ta’minlaydi», — deyiladi Pensiya jamg‘armasi xabarida.

Qo‘shimcha qilinishicha, ushbu o‘zgarish oylik ish haqi 10 barobardan kam fuqarolarga ta’sir qilmaydi.

Yig‘ilishda qo‘mita a’zolari qonun loyihasiga dastlabki tarzda ijobiy xulosa berdi. Hujjat endi quyi palata Kengashining navbatdagi majlisida muhokamaga qilinadi. Shundan so‘ng, deputatlar loyihani uch o‘qishda ma’qullasa, hujjat qabul qilinib, Senatga yuboriladi.

Eslatib o‘tamiz, pensiyani hisob-kitob qilish uchun PHBMning 10 baravarini tashkil etadigan amaldagi tartib prezidentning 2019 yil 1 yanvaragi [5597-son] farmoni bilan yo‘lga qo‘yilgan.