Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqanddagi mahallalardan birida yashovchi kelin o‘z joniga qasd qilgani haqida xabarlar tarqaldi. Samarqand viloyati prokuraturasi holat bo‘yicha munosabat bildirdi.

Aniqlanishicha, 2022 yil 24 iyun kuni Samarqand shahri «Bog‘bonlar» mahallasi Yangravot ko‘chasida yashovchi (1993 y.t.) N.M. «uksus kislotasidan o‘tkir zaharlanish» tashxisi bilan RSHTYOM Samarqand filiali xirurgiya bo‘limiga yotqizilgan.

2022 yil 27 iyun kuni N.M.ga ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan jonlantirish bo‘limida vafot etgan. Hodisa joyiga tezkor-tergov guruhi chiqib, ko‘zdan kechirilgan, deyiladi xabarda.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Samarqand shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilmoqda.

Marhuma N.M.ning o‘limi sababini aniqlash maqsadida sud-tibbiy tekshiruvga yuborilgan. Tergovga qadar tekshiruv harakatlari ustidan Bosh prokuratura tomonidan nazoratga o‘rnatilgan.