Ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahridagi 39-son ixtisoslashgan logoped bog‘chada nogiron bola bog‘cha opa tomonidan muntazam kaltaklanib kelingani to‘g‘risida videolar tarqaldi. Viloyat Maktabgacha ta’lim boshqarmasi vaziyat bo‘yicha raddiya berdi.

“Holat davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida emas difektolog mutaxassisning yashash uyida sodir bo‘lgan”, deyiladi xabarda.

Aniqlanishicha, xabarda aytilgan 39-sonli maxsus maktabgacha ta’lim tashkiloti shaharning O‘rda 1-tor ko‘chasida emas, balki Muqimiy shaharchasida joylashgan.

“Xabarda fotolari tarqatilayotgan bola 2019 yilda tug‘ilgan A.A.(qiz bola), o‘z uyi — Qo‘qon shahar O‘rda 1-tor ko‘chasidagi 6-„A“ uyda difektologiyalik kasbi bilan shug‘ullanib kelayotgan difektolog A.A.ning oldiga tilidagi nuqsoni sabab maxsus kursga qatnayotgan bo‘lgan. Holat aynan ushbu difektologning yashash xonadonida sodir bo‘lgan”, deyiladi viloyat MTB xabarida.

Holat bo‘yicha Farg‘ona viloyati IIB ham rasmiy munosabat bildirdi. Ma’lum qilinishicha, 17 iyun kuni viloyat IIB “102” qisqa raqamiga Qo‘qon shahrida istiqomat qiluvchi E.M (ayol) murojaat qilib, shaharning O‘rdatagi ko‘chasida joylashgan bolalar bog‘chasida tarbiyachi uning farzandini urib, tan jarohati yetkazganligi haqida xabar kelib tushgan.

Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida mazkur holat defektologning yashash uyida sodir bo‘lgani ma’lum bo‘lgan.

“Ko‘rsatilgan manzildagi xonadonda A.G‘ (ayol) kasbi defektolog bo‘lgan opasi D.A ga yordamchi sifatida qarashib turishishini, joriy yilning 17 iyun kuni bolalardan biri, voyaga yetmagan A.A (suratdagi bola) ko‘p yig‘lab yuborganligi sababli asabiylashib, uni yuziga qo‘li bilan urib yuborganligini bildirgan”, deyiladi xabarda.

Ma’lumotda aytilishicha, o‘tkazilgan sud-tibbiy ekspertizasining xulosasida voyaga yetmagan A.A ga ko‘p davom etmaydigan yengil tan jarohati yetkazilganligi ko‘rsatilgan.

Mazkur holat yuzasidan fuqaro A.G‘ ga nisbatan Qo‘qon shahar IIB tomonidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 52-moddasi (yengil tan jarohati yetkazish) 2-qismi bilan ma’muriy tartibda hujjatlar rasmiylashtirilib, 25 iyun kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘qon shahar sudiga yuborilgan.