Farg‘onalik bloger Olimjon Haydarov viloyat markazida nogironlik aravachasida yuradiganlarning jamoat transportidan foydalanish imkoniyatlarini o‘rganish maqsadida ijtimoiy tajriba o‘tkazdi. Unda andijonlik ijtimoiy tarmoq faoli, nogironlik aravachasida harakatlanuvchi Sirojiddin ishtirok etdi.

Ijtimoiy tajriba davomida o‘ndan ortiq zamonaviy avtobuslar haydovchilari turli bahonalar bilan nogironligi bo‘lgan shaxsning jamoat transportidan foydalanishini rad etishdi. Aksariyati uni avtobusga chiqarishdan bosh tortgan bo‘lsa, ba’zilari panduslar qanday ishlatilishini bilmasdan, yordam bera olmadi.

Bloger Olimjon Haydarovning aytishicha, Sirojiddin uchta avtobusga chiqishga muvaffaq bo‘ldi, biroq ularning barchasida haydovchilar emas, balki yo‘lovchilar ko‘plashib aravachasini ko‘tarib, salonga olib kirishgan.

«2020 yil iyun oyida prezident Andijonga kelganlarida aynan shu panduslari bilan maqtashib, Andijon shahrida jamoat transporti yaxshi ishlayotgani, hattoki imkoniyati chegaralangan fuqarolar ham bemalol jamoat transportidan foydalayotganini aytib maqtanishgan. Vaholanki asl holat shunday bo‘lyapti, birorta avtobus bularni olishni xohlamadi», — dedi Olimjon Haydarov.

Bundan tashqari, imkoniyati cheklangan fuqarolarning avtobusga chiqish maydonchasiga o‘tib borishlari juda ham noqulay ekani, yo‘nalishli taksilar sababli harakatlanish juda qiyinligi aytildi.

«Hurmatli haydovchilar. Men va men kabi imkoniyati cheklanganlar ham shu jamiyatning bir bo‘lagimiz, bizning bunday bo‘lishimizga biz aybdor emasmiz. Sizlardan iltimos, bir daqiqa vaqtlaringizni ajratib, panduslarni ochib, bizni ham olib ketinglar. Biz ham uzog‘imizni yaqin qilishni xohlaymiz», — dedi tajriba ishtirokchisi Sirojiddin.

«Natija bu darajada achinarli bo‘ladi deb o‘ylamagandim. Afsuski, hali bizni jamiyatda (Andijon viloyatidagi xulosam) imkoniyati cheklanganlar uchun juda qiyin ekan. Biz ularga aslida jamiyatga qo‘shilib ketishlari uchun yordam berishimiz kerak. Aslida esa…» — deb yozdi bloger ijtimoiy tarmoqlarga yuklangan video izohida.

Qayd etish joizki, video 21 iyun kuni e’lon qilinganiga qaramasdan, haligacha rasmiy idoralar holat yuzasidan munosabat bildirgani, tegishli choralar ko‘rilgani yuzasidan axborot bergani yo‘q.