Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Rasul Kusherbayev O‘zbekiston gazni kimdan va qanday narxda sotib olishini ma’lum qildi.

Unining so‘zlariga ko‘ra, aholiga gaz sotish bilan shug‘ullanuvchi «Hududgazta’minot» korxonasi gazni aslida «O‘ztransgaz»dan 340 so‘mdan, Epsilon xorijiy kompaniyasidan 501 so‘mdan, «O‘zbekneftgaz»dan esa 250 so‘mdan sotib olmoqda.

«O‘zbekistonning o‘zidagi gazni qazib olib, yana o‘ziga ikki baravar qimmatga sotadigan Epsilon`ga nega bunday sharoit yaratilgan, shohi bormi?» — deb so‘radi deputat.

Avvalroq Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasida 1 iyuldan gaz narxini aholi uchun 380 so‘mdan 410 so‘mga, boshqa toifadagi iste’molchilar uchun esa 1150−1300 so‘mgacha oshirish taklif etilgani haqida yozgan edik.

«Nega kerakligini tushunmaydiganimiz «O‘ztransgaz» ham gazni «O‘zbekneftgaz»dan 250 so‘mdan olarkan», — deya qayd etdi deputat.

«Qizig‘i «O‘ztransgaz» xuddi shu gazni xorijiy erkatoy kompaniyalar «Lukoyl» va Uz-Kor Gas Chemical`dan 1100 so‘m, Natural Gas-Stream`dan 550 so‘m va importda 1320 so‘mdan sotib olmoqda. So‘ng u ham ushbu gazni «Hududgazta’minot»ga 340 so‘m, magistral gaz uzatish tizimiga ulangan iste’molchilar issiqlik elektr stansiyalariga 1000 so‘m, boshqalarga esa 1150−1300 so‘mdan sotmoqda», — dedi u.

Deputat «O‘zbekneftgaz» qazib chiqarayotgan gazini «O‘ztransgaz» va «Hududgazta’minot»ga 250 so‘mdan sotsa ham, horij kompaniyasi Uz-Kor Gas Chemical`ga 190 so‘mdan sotayotganini tushunarsiz holat deb atadi.

«Nega o‘zimizni gazni qazib olib, yana o‘zimizga «yedirayotgan» horij kompaniyalariga buncha e’tibor va iltifot? O‘zbekiston xalqi va zamini horijliklarni boqish uchun yaratilganmi? Albatta vatandan ko‘ra, pulga muhabbati buyuk ayrim amaldorlarimizning bu harakatlari shunchaki bo‘lmasa kerak. Ko‘z oldimizga xorijdagi dengiz bo‘ylarida yaltirab turgan kimlarningdir «yaxta"lari kelayapti negadir. Faqat bu yaxtalar dengiz suvidamas, xalqimizning ko‘z yoshlarida chayqalib turibdi», — deb yozdi deputat.

Rasul Kusherbayev gazni qazib chiqarayotgan «O‘zbekneftgaz» gaz narxini oshirmayotganini ta’kidladi.

«Lekin tayyor gazni olib, iste’molchiga berayotgan o‘rtadagilar nima uchundir narxni oshirishmoqchi, xalq hisobidan osongina «soqqa» qilmoqchi. G‘alatimasmi yo bunda ham ko‘zdan pana joylardagi «yaxta"larga yetishish xohishi bormikan?» — deb so‘radi deputat.

«Gazeta.uz» so‘roviga ko‘ra, «Hududgazta’minot» narx belgilash bilan Moliya vazirligi shug‘ullanayotganini ma’lum qildi. Tahririyat Moliya vazirligidan izoh ololmadi. «O‘zbekneftgaz» esa kompaniyalar gazni ulardan deputat e’lon qilgan narxlarda sotib olishini tasdiqladi.

Qaysi kompaniyalar O‘zbekistonda gaz qazib olmoqda?

2021 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda tasdiqlangan tabiiy gaz zaxiralari 1 trln 866,9 mlrd kub metrga baholanmoqda.

2020 yilgi hukumat qarori loyihasida 2020−2025 yillarda O‘zbekistonning tabiiy gaz zaxiralari 361 mlrd kub metrga, neft zaxiralari esa 20,4 mln tonnaga o‘sishi baholangan edi. Xususan, «O‘zbekneftgaz» gaz zaxiralarini 120 mlrd kub metrga, neft zaxiralarini 5 mln tonnaga oshirishni ta’minlashi ko‘zda tutilgan edi. Shuningdek, Epsilon Development Company kompaniyasi (AQSh) gaz zaxiralarini 194 mlrd kub metrga, neft zaxiralarini 9 mln tonnaga, Gas Project Development Central Asia va «O‘zbekneftgaz» tomonidan tuzilgan NaturalGas-Stream kompaniyasi gaz zaxiralarini 11 mlrd kub metrga, neft zaxiralarini 600 ming tonnaga oshirishi kutilgan edi.

«Lukoyl» kompaniyasi 413,1 mlrd kub metr (22,1%), Uz-Kor Gas Chemical 109,6 mlrd kub metr (5,9%), Surhan Gas Chemical 106,6 mlrd kub metr (5,8%), Jizzakh Petroleum 84,9 mlrd kub metr (4,5%) gaz zaxiralariga ega konlarda faoliyat yuritishadi.

Kompaniya

Zaxiralar
Ulush
O‘zbekiston bo‘ylab jami
1 866,9 (mlrd kub m)
100%
«O‘zbeknetfgaz»
934,1
50,0%
"Lukoyl"
413,1
22,1%
Uz-Kor Gas Chemical
109,6
5,9%
Surhan Gas Chemical
108,6
5,8%
Jizzakh Petroleum
84,9
4,5%
Natural Gas Stream
52,3
2,8%
Epsilon Development Company
50,2
2,70%
Gazli Gas Storage
48,1
2,6%
Gissarneftgaz
40,5
2,6%
Gazprom Uzbekistan
12
0,6%
New Silk Road
11,9
0,6%
Petromaruz
0,491
0,03%

Taxminiy qazib olish hajmi

«Gazeta.uz» oldinroq xabar berganidek, 2021 yilda O‘zbekistonda 53,8 mlrd kub metr gaz qazib chiqarish rejalashtirilmoqda. Statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili mamlakatda 53,8 mlrd kub metr yoki 2020 yilga qaraganda 4 mlrd kub metr ko‘proq gaz qazib olindi.

Ishlab chiqarishning katta qismi «O‘zbekneftgaz» korxonalari 34,1 mlrd kub metr (64,3%) hisobiga to‘g‘ri kelishi rejalashtirilgan edi. Bunda Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi 48,8%, Sho‘rtan 26,3%, Gazli 13,7%, Ustyurt gaz qazib chiqarish boshqarmasi 10,9%, Vodiy neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi 0,1% hissasiga to‘g‘ri keladi. Shu bilan birga, «O‘zbekneftgaz» 2021 yilda 33,9 mlrd kub metr gaz qazib olganini ma’lum qildi, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2,4 foizga yoki 800 mln kub metrga ko‘p, lekin prognoz ko‘rsatkichidan pastdir.

O‘zbekistonda gaz qazib olish bo‘yicha ikkinchi o‘rinni Rossiyaning «Lukoyl» kompaniyasi 13,8 mlrd kub metr (25,7 foiz), uchinchi o‘rinni 2,1 mlrd kub metr gaz (3,9 foiz) bilan Uz-Kor Gas Chemical egallashi kerak edi. Uz-Kor Gas Chemical kompaniyasining ta’sischilari — «O‘zbekneftgaz» (50%) hamda Koreya gaz korporatsiyasi (KOGAS), Lotte Chemical Corporation va GSE&R kompaniyalarini o‘z ichiga olgan Koreya kompaniyalari konsorsiumi tomonidan tashkil etilgan Kor-Uz Gas Chemical Investment (50%) hisoblanadi.

2018 yilda tashkil etilgan Epsilon Development Company (AQSh) tomonidan 1,4 mlrd kub metr gaz (2,5 foiz) ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan edi. 2019 yilda Amerikaning Epsilon Development Company va Epsilon Asia Limited (Gonkong) kompaniyalaridan iborat xalqaro konsorsium 2019−2023 yillarda O‘zbekistondagi neft va gaz konlarini o‘zlashtirishga 5,2 mlrd dollar sarmoya kiritishi xabar qilingan edi. Kompaniya saytida Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 11 yanvardagi 19-son qaroriga asosan konlarni o‘zlashtirish uchun litsenziya olgani qayd etilgan, biroq bu hujjatni ochiq manbalardan topib bo‘lmadi.

Zeromax bosh direktori bo‘lgan va o‘tgan yili Epsilon rahbar etib tayinlangan Mirodil Jalolov Kun.uz nashriga bergan intervyusida unga ishonilgani va gaz koni uning korxonasiga topshirilgani uchun davlatga minnatdorchilik bildirgan edi.

«Halqadagi ayrim o‘rta va yuqori lavozimdagi rahbarlarning munosabati va injiqliklari tufayli biz ishlashni to‘xtatdik», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2019 yilda Epsilon Xitoyning CNPC milliy neft va gaz korporatsiyasi bilan har kubometrini 180 dollardan gaz yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolagan, biroq yakunda barcha gazni ichki bozorga jo‘natishga majbur bo‘lgan. Bugungi kunda korxonaning 4,5 trln so‘m qarzi bor.

Quyida O‘zbekistonda 2021 yilda gaz qazib olish bilan shug‘ullangan kompaniyalar ro‘yxati va ularning qazib olishdagi ulushi. Bu raqamlar 2021 yil avgust oyida chop etilgan va haqiqiy raqamlardan biroz farq qilishi mumkin:


Kompaniya
Ishlab chiqarish hajmi
Ulush
Butun O‘zbekiston bo‘yicha
53,8 (mlrd kub. m.)
100%
«O‘zbekneftegaz»
34,1
64,3%
"Lukoyl"
13,8
25,7%
Uz-Kor Gas Chemical
2,1
3,9%
Epsilon Development Company
1,4
2,5%
Natural Gas-Stream
1,2
2,2%
New Silk Road Oil and Gas
0,37
0,68%
Jizzakh Petroleum(SEG)
0,28
0,51%
Gazprom Uzbekistan
0,23
0,42%
Gazli Gas Storage
0,15
0,27%
Gissarneftgaz
0,12
0,23%
Kokdumaloq-gaz
0,026
0,04%