Andijon shahrining sobiq hokimi Bahrom Haydarov hibsga olingandan so‘ng imzolangan hujjatlar bekor qilindi. Bu Andijon shahrining yangi hokimi Gofurjon Abdurahmonovning 18 iyun kuni imzolagan qarorida aks etgan.

Avvalroq Bahrom Xaydarov 6 iyun kuni soat 16:50 da jinoyat ishi yuzasidan hibsga olingandi. 6 iyun kuni soat 9:43 va 21:18 o‘rtasida hamda 7 iyun kuni 18:10 va 21:07 oralig‘ida uning nomidan jami 26 ta qaror va farmoyish imzolangani aniqlandi. Andijon viloyat Adliya boshqarmasi bu ishni hokimlik devonxonasi mudiri S.Qodirjonov amalga oshirganini ma’lum qilgandi.

Shaharning yangi hokimi umumiy hisobda Bahrom Haydarovning 21 aprel va 17 maydagi 1tadan qarori, shuningdek, 6−7 iyundagi 25 ta qaror va 3 ta farmoyishini bekor qildi. Bekor qilingan hujjatlarning 19 tasi shaharda tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini ajratish bo‘yicha onlayn auksionga yer maydonlarini joylashtirish bilan bog‘liq. Yana bittasi xalq deputatlari Kengashining navbatdani tashqari sessiyasini chaqirish, yana bittasi mehnat ta’tilini berish, ikkitasi yerni kovlash va boshqalar bilan bog‘liq.

Bundan tashqari, sobiq hokimning maktab yoshidagi bolalarni majburiy ta’limga jalb etish maqsadida shahardagi har bir ta’lim muassasalarini hudud va mikrohududlarga biriktirish to‘g‘risidagi qarori ham bekor qilingan.

Eslatib o‘tamiz, 6 iyun kuni Andijon shahar sobiq hokimi Bahrom Haydarov 2017−2019 yillarda Andijon viloyati moliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan davrida katta miqdordagi budjet mablag‘larini o‘zlashtirganlikda gumonlanib, hibsga olingandi.

Qayd etilishicha, 2017 yildan 2019 yil 8 oktabrga qadar Andijon viloyati moliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan Bahrom Haydarov (sobiq Andijon shahar hokimi) o‘zining mansab vakolatlaridan foydalanib, boshqa mansabdorlar tomonidan asossiz ravishda oydan oyga ko‘chirilgan 9 mlrd so‘m mablag‘larning o‘rnini to‘ldirish uchun 14,3 mlrd so‘mlik mablag‘larni shahar xalq ta’limi bo‘limiga noqonuniy ravishda ortiqcha ajratib berganlikda gumonlanmoqda. O‘z navbatida, Haydarov viloyat moliya boshqarmasi boshlig‘i sifatida budjet mablag‘larini qat’iy iqtisod qilmagani natijasida 6,8 mlrd so‘m yagona ijtimoiy to‘lov hamda daromad solig‘i tegishli jamg‘arma va budjetlarga kirim qilinmagani ta’kidlangan.

«Ushbu holat yuzasidan 37 nafar shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi „a“ bandi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va boshqa moddalar bilan ayblov e’lon qilinib, 32 nafar shaxsga nisbatan qamoq, 2 nafar shaxsga nisbatan uy qamog‘i va 3 nafariga nisbatan garov ehtiyot chorasi qo‘llangan. Jinoyat ishi bo‘yicha yetkazilgan 48,5 mlrd so‘mlik zararning atigi 11,2 mlrd so‘mi, ya’ni 23,1 foizi hozirga qadar undirilgan», — deyiladi Bosh prokuratura taqdimnomasida.

Shuningdek, Bosh prokuraturaning Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish boshqarmasi tomonidan Andijon shahar xalq ta’limi bo‘limi mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi «a» bandi va boshqa moddalar bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ma’lum bo‘lishicha, Andijon shahar xalq ta’limi bo‘limi mansabdor shaxslari 2018 yil noyabr oyidan 2020 yil noyabr oyiga qadar bir guruh shaxslar bilan oldindan o‘zaro jinoiy til biriktirib, UzAsbo dasturiy majmuasiga ulangan buyurtmachilarning oylik ish haqlari hamda boshqa to‘lovlari bo‘yicha so‘rovnomalari va to‘lov topshiriqnomalarini soxtalashtirgan holda to‘lovga taqdim qilib, 48,5 mlrd so‘m budjet mablag‘larini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgani aytiladi.

Shuningdek, Bahrom Haydarov protsessual tartibda ushlangani ortidan Andijon viloyati XTB boshlig‘i Azizbek Mirkomilov ham budjet mablag‘larini talon-toroj qilish holati bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida gumonlanuvchi tariqasida hibsga olingan edi.