O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev dushanba kuni Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashuvda fuqarolardan imkonsiz narsani talab qilishni bartaraf yetuvchi o‘zgartirishlarni Bosh qonunga kiritishni taklif qildi. Bu haqda uning matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

«Ko‘pchiligimiz yaxshi bilamiz, qadimgi Rim huquqida oltin qoidalar bor. Masalan, „hech kimga bajarib bo‘lmaydigan majburiyatni yuklama“ yoki „qonun — imkonsiz narsani talab qilmaydi“, kabi qoidalar shular jumlasidandir. Afsuski, milliy qonunchiligimizda bajarib bo‘lmaydigan yoki bajarish qiyin bo‘lgan normalar ham uchrab turadi. Aslida, qonunlar insonga hech qachon ortiqcha talab qo‘ymasligi kerak», — dedi davlat rahbari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, «ortiqcha talab, avvalo, ortiqcha xarajat degani, qolaversa, bu korrupsiyaga yo‘l ochadi».

Prezident ipoteka kreditidan 3 million so‘mlik uch oylik qarzi bor fuqaroni misol qilib keltirdi. Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, bank qarzdorni sudga beradi. Lekin, bu masalada da’vo arizasi 3 million so‘m, ya’ni real qarz bo‘yicha emas, balki kreditning to‘lanmagan qismiga, deylik, 250 million so‘mga nisbatan beriladi.

«Sud arizani ko‘rib chiqib, qarzdordan 10 million so‘mdan ortiq davlat bojini undirish va shartnomani bekor qilish bo‘yicha qaror qabul qiladi. O‘zingiz o‘ylang, 3 million so‘mni to‘lay olmagan fuqaro 10 million davlat bojini qanday to‘laydi? Bunday mantiqsiz holatlarning oldini olish uchun yangi bir normani Konstitutsiyaga kiritish taklifini bildiraman», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari «ma’muriy, fuqarolik, iqtisodiy, jinoiy javobgarlik va boshqa yo‘nalishdagi ishlarni ko‘rib chiqishda insonga nisbatan qo‘llaniladigan huquqiy ta’sir choralari — qonuniy maqsadga erishish uchun yetarli bo‘lishi hamda shaxsga imkon qadar yengillik yaratishi kerak» deb hisoblaydi.

Prezident fuqarolarning huquqlarini kamsitadigan bunday holatni bartaraf etish uchun biz yo‘llardagi nazorat postlarini, «propiska», degan narsa yo‘q qilinganini eslatib o‘tdi.

«Kelgusida bunday to‘siqlarni tizimli hal etish uchun har bir O‘zbekiston fuqarosi mamlakat bo‘ylab erkin harakatlanish, turar yoki yashash joyini erkin tanlash huquqiga ega bo‘lishi shart. Har bir fuqaroga mamlakatdan to‘siqlarsiz chiqish va qaytish huquqi kafolatlanishi lozim», — dedi u.

Bundan tashqari, Shavkat Mirziyoyevning fikricha, «shaxsiy hayot daxlsizligi va uning kafolatlari aynan Konstitutsiya darajasida mustahkamlanishi kerak».