17 iyun kuni Toshkent shahridagi 110-maktabda 2−11-sinflar uchun rus tilini xorijiy til sifatida o‘qitish bo‘yicha yangi darsliklar taqdimoti bo‘lib o‘tdi, deb xabar berdi Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Respublika ta’lim markazi.

Mazkur darsliklar A.I. Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti hamkorligida O‘zbekistondagi maktablarda rus tili fanini va umumta’lim fanlarini rus tilida o‘qitishning sifatini oshirishga qaratilgan «Zo‘r!» loyihasi doirasida ta’lim o‘zbek va qardosh tillarida olib boriladigan maktablarning 2−11-sinf o‘quvchilari uchun yaratildi.


Darsliklar Milliy o‘quv dasturi asosida zamonaviy ta’lim standartlari, ilg‘or o‘qitish usullari va baholash tizimini hisobga olgan holda yaratilgan. U o‘quvchida o‘qib tushunish, tinglab tushunish, fikrni yozma va og‘zaki tarzda ifodalay olish kabi 4 ta ko‘nikmani shakllantirishga e’tibor qaratadi.

Shuningdek, darsliklarining har birida yangi mavzuni vizual qabul qilishning afzalliklari inobatga olingan. Har bir sinf darsligiga 2 tadan loyiha ishi, darslikning oxirida 7 ta tildagi lug‘at ham kiritilgan.