O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 16 iyundagi farmoni bilan davlat rahbarining tashqi siyosat masalalari bo‘yicha maxsus vakilining vazifalarini belgilab berdi.

Mazkur lavozim prezident Administratsiyasi tuzilmasiga kiritilib, uning maqomi, mehnatga haq to‘lash, tibbiy va transport xizmati ko‘rsatish shart-sharoitlari bo‘yicha O‘zbekiston prezidenti maslahatchisi o‘rinbosariga tenglashtirildi.

Quyidagilar maxsus vakilning asosiy vazifalari etib belgilandi:

  • O‘zbekiston prezidentining tashqi siyosat sohasidagi xalqaro va mintaqaviy tashabbuslarining samarali ilgari surilishini ta’minlash;
  • O‘zbekiston prezidentiga mamlakat tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlari va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha aniq takliflar kiritish;
  • global va mintaqaviy muammolar, tashqi siyosat masalalari bo‘yicha O‘zbekiston pozitsiyasini yetkazish maqsadida xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlarning rasmiy vakillari bilan doimiy ishchi aloqalarini o‘rnatish;
  • O‘zbekiston prezidentining alohida topshiriqlariga asosan tashqi siyosat va xalqaro hamkorlikning dolzarb masalalari bo‘yicha maxsus missiyalarni bajarish;
  • O‘zbekiston prezidenti ishtirokida o‘tkaziladigan xalqaro tadbirlar va uchrashuvlarni tayyorlashda ko‘maklashish.

Eslatib o‘tamiz, payshanba kuni prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibining tashqi siyosat va xavfsizlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Abdulaziz Kamilov prezidentining tashqi siyosat masalalari bo‘yicha maxsus vakili lavozimiga tayinlangan edi.