O‘zbekiston davlat OTMlariga o‘qishga kirish uchun abituriyentlarni onlayn ro‘yxatga olish har yili 20 iyundan 20 iyulgacha (shu kuni ham) amalga oshiriladi. Bu prezident Shavkat Mirziyoyevning 15 iyundagi qarorida keltirilgan.

Ro‘yxatdan o‘tish interaktiv davlat xizmatlari yagona portali va Davlat test markazi veb-sayti orqali amalga oshiriladi.

Chet tilidan kasbiy (ijodiy) imtihon o‘tkaziladigan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga ro‘yxatga olish 10 iyulgacha (shu kuni ham) amalga oshiriladi.

Prezident qaroriga ko‘ra, abituriyentlarga test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi va ketma-ketligi bir xil bo‘lgan beshtagacha bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarini hamda bir vaqtning o‘zida barcha ta’lim shakllarini (kunduzgi, sirtqi, kechki, masofaviy) tanlash huquqi beriladi.

Shuningdek, ro‘yxatdan o‘tish jarayonida tanlangan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari ustuvorligiga qarab dastlab davlat granti, keyinchalik to‘lov-kontrakt asosida tanlovda ishtirok etish imkoniyati beriladi.

Eslatib o‘tamiz, bunga qadar ta’lim muassasalariga qabulning birinchi kuni 15 iyun edi. Mazkur o‘zgarishlarga qabul kvotalarining qabul sanasidan 1 kun o‘tib tasdiqlangani sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.