Qozog‘istonda veyp (elektron sigaret)larni sotish va ulardan foydalanishni qonuniy ravishda taqiqlamoqchi. Shuningdek, davlatda isitiladigan tamakiga aksiz solig‘ini joriy qilish rejalashtirilmoqda, deb xabar bermoqda Tengrinews. Ushbu taklif parlament quyi palatasi deputatlari tomonidan ilgari surilmoqda. U sigaretalar aksiz solig‘ining 70 foizi miqdorida chekish qurilmalariga ham soliq joriy etishni nazarda tutadi.

2021 yilda Qozog‘istonda elektron sigaretalar oddiy sigaretlarga tenglashtirildi. Chunki u ham salomatlikka salbiy ta’sir ko‘rsatadi va xuddi shunday nikotinga qaramlikka olib keladi, deya qayd etdi Zakon.kz sayti. «Xalq salomatligi va sog‘liqni saqlash tizimi to‘g‘risida»gi Kodeksda tamaki mahsulotlarini, shu jumladan qizdiriladigan tamaki, kalyan aralashmasi, tamaki isitish tizimlarini sotish bo‘yicha qat’iy cheklovlar belgilangan.

Qozog‘istonga elektron sigaretalar importi Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqining (YeOII) bojxona nazorati qoidalariga muvofiq rasmiylashtiriladi. Aksiz solig‘i mahalliy ishlab chiqarilgan hamda import qilinadigan tovarlar uchun bir xil stavkada qo‘llaniladi.

O‘zbekistonda esa elektron sigaretalarni chekishni cheklash 2018 yilda qabul qilingan alohida qonun bilan tartibga solinadi. Jamoat joylarida ularni chekish taqiqlanadi, lekin mahsulotni sotishda sifatini tasdiqlovchi hujjat, iste’mol qilish xavfi haqida ogohlantiruvchi marka va boshqalarga aniq taqiq hamda javobgarlik yo‘q. Aslida, jamoat joylarida elektron sigaretalarni chekishni taqiqlash nazorati juda zaif.

Bundan tashqari, O‘zbekistonda bir martalik elektron sigaretalar hamon aksiz to‘lanadigan tovar hisoblanmaydi. Sotuvda sigaretdagi aralashmaning tarkibi va undan foydalanish xavfi qayd etilmagani, sifat hujjatlari va boshqa ma’lumotlar taqdim etilmasligini ko‘rishingiz mumkin.

Tamaki va tarkibida nikotin bo‘lgan mahsulotlar, jumladan, elektron sigaretalar savdosini yanada qat’iy tartibga solishni nazarda tutuvchi «Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida»gi yangi qonun Oliy Majlis Senati tomonidan 13 iyun kuni rad etilgandi. Senator Odiljon Iminov uning asosiy tushunchalarini oydinlashtirish zarurligini, ziddiyatli normalar mavjudligi va huquqni qo‘llash amaliyoti chuqur o‘rganilmaganini ta’kidlagandi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti oddiy sigaretalar kabi elektron sigaretalar ham salomatlik uchun xavfli ekanligi va giyohvandlikdan xalos bo‘lishga yordam bermasligi haqida uzoq vaqtdan beri ogohlantirib keladi. Elektron sigaretalarni chekish paytida chiqadigan moddalar odatda nikotin va boshqa zaharli moddalarni o‘z ichiga oladi. Unday moddalar ham chekuvchi, ham havodagi ayerozollarni nafas oladigan chekmaydigan odamga zarar yetkazadi.

Ba’zi nikotinsiz deb aytiladigan mahsulotlarda ham nikotin borligi aniqlangan. Chekish aralashmalarida inson salomatligiga toksik ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan qo‘shimchalar, xushbo‘ylantiruvchilar va kimyoviy moddalar mavjud.

Mevali yoki shokoladli xushbo‘y qo‘shimchali mahsulotlar bolalar va o‘smirlar uchun jozibador ko‘rinadi. Bu esa nikotinga qaramlilikning kuchayishiga yordam beradi va yoshlar o‘rtasida chekishning ko‘payishiga olib keladi — bu haqda JSST 2014 yilda ogohlantirgandi.

JSST qayd etishicha, qurilmaning kutilgan talablarga javob bermasligi, buzilib qolishi, qurilmaning noto‘g‘ri ishlashi va portlashi natijasida bir qator jismoniy shikastlanishlar, kuyish holatlari kuzatiladi, deydi JSST.

Chekish aralashmalari uchun elektron yetkazib berish moslamalaridan suyuqlik oqishi jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin, buning oqibatida zaharli suyuqlik bolaning terisiga yoki organizmiga tushishi mumkin.