AQSh Qurolli Kuchlari Markaziy qo‘mondonligi qo‘mondoni general Maykl Kurilla mas’uliyat hududi bo‘yicha 90 kunlik tanishuv safari doirasida O‘zbekistonga tashirfi qanday o‘tgani haqida so‘zlab berdi. Bu haqda ma’lumot «Gazeta.uz»ga AQShning Toshkentdagi elchixonasi tomonidan taqdim etildi.

Amerikalik general 13 iyun kuni prezident Shavkat Mirziyoyev, Xavfsizlik kengashi kotibi Viktor Mahmudov, Mudofaa vaziri Bahodir Qurbonov va Qurolli Kuchlar Bosh shtabi rag‘bari Shuhrat Xolmuhamedov bilan uchrashdi.

Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish, mintaqaviy xavfsizlik sohasidagi amaliy aloqalarni davom ettirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi. Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash hamda ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishga, shu jumladan ustuvor infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirishga ko‘maklashish borasidagi tashabbus va dasturlarni ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati.

«Bu ikki mamlakat qurolli kuchlarini tashvishga solayotgan asosiy mavzular bo‘yicha muhim va yuqori darajadagi muhokamalar bo‘ldi», — dedi Maykl Kurilla.

«Bu men uchun «tinglash safari»ga asoslangan tashrifning bir qismidir, bu Markazqo‘m mas’ul bo‘lgan hududlardagi mamlakatlarga tashrifdir. Men har bir mamlakat rahbariyatidan ular duch kelayotgan tahdidlar, munosabatlardagi bo‘shliqlar va eng muhimi, sherikchiligimizni mustahkamlash uchun istiqboldagi imkoniyatlar haqida eshitishni istayman», — dedi general.

«Bu safar yakunida men o‘zimning 90 kunlik hisobotimni AQSh rahbariyatiga topshiraman. Bu ushbu mintaqadagi kuzatishlarimning dastlabki yozma sharhi bo‘ladi. Hisobotni yozarkanman, men unda nafaqat o‘z qarashlarimni, balki o‘zbekistonlik hamkorlarimiz va diplomatlarning ham fikrlarini kiritmoqchiman. Shu tariqa, men o‘z kuzatuvlarimda AQShdagi bosh qarorgohimizda turgan holda emas, balki shaxsan va yuzma-yuz uchrashuvdagi suhbatlarimizga asoslanaman», dedi u.

Markaziyqo‘m rahbarining so‘zlariga ko‘ra, muhokamalar chog‘ida tomonlar harbiylar 20 yil davomida to‘plagan jangovar tajribalardan olgan saboqlar bilan bo‘lishish imkoniyatini izlagan.

«Bu saboqlar qatorida — jangovar tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash ham bor. So‘nggi 20 yildagi janglar davomida qurolli kuchlarimiz texnologiya, harbiy texnika va ilg‘or tajribalar to‘plash borasida ko‘p narsalarni o‘rganishdi. Endi biz o‘zbekistonlik hamkorlarimiz bilan o‘sha olgan tajribamizni o‘rtoqlashamiz. Shuningdek, biz o‘zbekistonlik harbiylardan amerikalik harbiylar uchun qimmatli bo‘ladigan jangovar tayyorgarlik, texnika va qoidalarni ham o‘rganib olishga umid qilamiz», — dedi Maykl Kurilla.

«Biz muhokama qilgan yana bir masala — bu zo‘ravon mafkura tahdidi bo‘lib, uni faqatgina harbiy yo‘l bilan hal qilishning imkoni yo‘q. Biz bunday mafkurani qo‘llab-quvvatlovchi guruhlar xavf-xatar sifatida qolayotganidan xavotirdamiz», — deb so‘zlab berdi general.

«Misol uchun, men o‘zim aprel oyida tashrif buyurgan Suriya shimoli-sharqidagi Al-Hol lagerida kuchayib borayotgan tahdid haqida qattiq gapirdim. Bu kelgusida katta xavf tug‘diradigan vaziyatdir. Lagerda 60 dan ortiq mamlakatdan 57 mingga yaqin odam yashaydi, ularning aksari ISHID bolalari yoki ayollaridir. Men O‘zbekiston rahbariyatining o‘z vatandoshlarini bu lagerdan o‘z yurtiga qaytarish bo‘yicha qilgan sa’y-harakatlarini olqishlayman», — deya ta’kidladi Markaziyqo‘m yetakchisi.

«Nihoyat, biz maxsus amaliyotlar bo‘yicha kuchlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash yo‘llarini muhokama qildik. Bizning maxsus amaliyot kuchlarimiz bo‘lishish uchun juda katta tajribaga ega, ammo ular bu borada o‘zbekistonliklardan ham o‘rganishlari mumkin. Ikki mamlakat maxsus amaliyot kuchlari o‘rtasida allaqachon mustahkam hamkorlik o‘rnatilgan va biz bu hamkorlikni yanada kengaytirish va chuqurlashtirish yo‘llarini izlamoqdamiz. Darhaqiqat, tashrifim chog‘ida qo‘shma o‘quv mashg‘ulotlarida ishtirok etayotgan Amerika va O‘zbekiston maxsus kuchlari rahbarlari soha yangiliklari borasida menga qisqa hikoya qilib berishdi», — dedi Maykl Kurilla.

Markaziyqo‘m rahbari Samarqanda qilgan tashrifi taassurotlari haqida ham so‘zlab berdi.

«Bir muddat o‘zbek xalqi bilan bo‘lish hayotimga katta ma’no olib kirdi. Ofisda o‘tirgan holda biror xalq madaniyatini his qilib bo‘lmaydi. Dunyoning narigi chekkasida turarkan, videoanjuman orqali murakkab, jasur va ajoyib bir jamiyatni tushunish ham osonmas. Buning o‘rniga, O‘zbekistonni chin ma’noda anglashni isatagan kishi viloyatlarga borib, raqslarini tomosha qilishi, qo‘shiqlarini eshitishi, ko‘pkarida bellashayotgan tulporlarning jiqqa terga botishini ko‘rishi, „Registon“ majumuassi me’morchiligidan zavqlanishi lozim», — dedi u. Qolaversa, AQSh vakili ko‘pkari ishtirokchilarining mahorati, shijoati va saboti meni shu qadar qiziqtirib qo‘ygani, joriy yil qish oylarda mazkur musobaqada o‘zi ham ishtirok etish uchun yana qaytib kelishga qaror qilganini qo‘shimcha qildi.

«Bu yerga kelishimdan asosiy maqsad mintaqa xavafsizligini ta’minlashda zarur bo‘lgan munosabatlarni o‘rnatishdan iborat edi. O‘zbekiston — mintaqada yetakchi, O‘zbekistoning xavfsizligi esa — mintaqa xavfsizligidir», — dedi Maykl Kurilla.