O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Qozog‘istonda chorshanba kuni erta tongda yuz bergan YTH bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berdi.

Unda ta’kidlanishicha, Qozog‘istonning Jambil viloyatidan o‘tuvchi «G‘arbiy Yevropa- G‘arbiy Xitoy» respublika ahamiyatidagi avtomobil yo‘lining 544 kmda yuk moshinasida yong‘in boshlanishi natijasida transport qatnovi to‘xtagan.

«Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, o‘zbekistonlik haydovchi boshqaruvidagi boshqa yuk moshinasi boshqaruvni yo‘qotib, to‘xtab turgan 4 ta moshinaga urilishi natijasida ushbu moshinalar yonib ketgan», — deyiladi xabarda.

Qozog‘iston OAVlari shundan 2 tasi avtobus, DAF yuk mashinasi va Audi avtomobili ekanini qayd etdi. Politsiya esa yo‘lning 554 kilometrida 3.4. — «Yuk mashinalari harakatlanishi taqiqlanadi» yo‘l belgisi o‘rnatilganini, bu esa yuk mashinalariga «Kuyuk» yangi dovoni orqali tushishga ruxsat bermasligini ta’kidlamoqda. Haydovchilar esa mazkur taqiqni cheklab o‘tishadi.

Ushbu hodisalar oqibatida 1 kishi vafot etgan, 10 kishi (shundan 3 nafari O‘zbekiston fuqarosi) esa tan jarohati olgan.

Jarohat olganlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilib, shifoxonaga yotqizilgan. Vafot etganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari yo‘q.

Hozirgi vaqtda hodisa O‘zbekistonning Olma-otadagi Bosh konsulxonasi mehnat migratsiyasi masalalari bo‘yicha attashesi tomonidan nazoratga olingan.