Dushanba kuni bo‘lib o‘tgan 27-yalpi majlisda O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati «Inson a’zolari va to‘qimalarini transplantatsiya qilish to‘g‘risida»gi (shu yilning may oyidan kuchga kirgan) qonun qabul qilingani munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish kiritishni ma’qulladi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi.

Majlisda transplantatsiya to‘g‘risidagi qonun qabul qilingandan so‘ng ko‘plab vatandoshlar tomonidan buyrak va jigar transplantatsiyasi masalasida murojaatlar soni ortib borayotganligi ta’kidlandi. Shu bilan birga, ko‘plab odamlar organlar va to‘qimalarni olish maqsadida odam o‘g‘rilash yoki odam savdosi xavfidan tashvishda ekanligini bildirmoqda.

Qabul qilingan qonun transplantatsiya sohasida qonunchilik normalarini buzganlik uchun Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga, shuningdek, «Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi hamda «Dafn etish va dafn ishi to‘g‘risida»gi qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutadi.

Jumladan, hujjatda inson a’zolari va to‘qimalarini olish, transplantatsiya qilishning belgilangan shartlari hamda tartibini buzganlik, shuningdek, vafot etgan odamning a’zolarini yoki to‘qimalarini u tirikligida uning roziligini olmay turib, ilmiy yoki ta’lim maqsadlarida buzilmaydigan holda saqlash uchun olganlik, inson a’zolarining va to‘qimalarining oldi-sotdisi bilan shug‘ullaganlik, insonning transplantatsiya qilinadigan a’zolarini va to‘qimalarini O‘zbekistondan tashqariga olib chiqqanlik uchun javobgarlik belgilash nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, inson a’zolari va to‘qimalarini olish maqsadida odam o‘g‘irlaganlik yoki odam savdosi bilan shug‘ullanganlik uchun ham javobgarlik belgilanmoqda.

Senat matbuot xizmatining «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, Jinoyat kodeksi uchta modda bilan to‘ldirilmoqda:

115−1-modda «Shaxsni transplantatsiya qilish uchun tana a’zolari va (yoki) to‘qimalarini ko‘chirishga rozilik berishga majburlash»

Insonni undan tana a’zosi va (yoki) to‘qimalarni transplantatsiya qilish uchun olishga rozi bo‘lishiga majburlash, zo‘rlik qo‘llash yoki uni qo‘llash bilan tahdid qilish bilan sodir etilgan bo‘lsa, 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 1 yildan 3 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish bilan 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Xuddi shunday harakatlar nochor ahvolda yoki moddiy, xizmat yoki boshqa qaramlikda bo‘lgan shaxsga nisbatan sodir etilgan bo‘lsa,5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

133−1-modda «Inson tana a’zolari va (yoki) to‘qimalarini sotib olish va sotish»

Inson a’zolari va (yoki) to‘qimalarini sotib olish va sotish 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 1 yildan 3 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilib, 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. O‘sha harakatlar: a) takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan; b) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo‘lsa, besh yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

133−2-modda «Insonning transplantatsiya qilingan tana a’zolari va (yoki) to‘qimalarini O‘zbekiston Respublikasidan tashqariga olib chiqish»

Transplantatsiya qilingan organlar va (yoki) inson to‘qimalarini O‘zbekiston Respublikasidan tashqariga olib chiqish 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 1 yildan 3 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilib, 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

135-modda «Odam savdosi» — inson a’zolari va (yoki) to‘qimalarini olib qo‘yish maqsadida odam savdosi bilan shug‘ullanish 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi, degan qoida bilan to‘ldirildi.

137-modda «Odam o‘g‘irlash» — esa inson tana a’zolari va (yoki) to‘qimalarini olib qo‘yish maqsadida odam o‘g‘irlash 10 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi bilan to‘ldirildi.

Yangilangan 133-modda endilikda «Odam tana a’zolari va (yoki) to‘qimalarini olib qo‘yish va transplantatsiya qilish shartlari va (yoki) tartibini buzish» deb nomlandi. Unga ko‘ra, bir guruh shaxslar tomonidan, shuningdek, inson tomonidan o‘z xizmat mavqeidan foydalangan holda, oldindan kelishuvga ko‘ra inson a’zolari va (yoki) to‘qimalarini olib qo‘yish va transplantatsiya qilishning belgilangan shartlari va (yoki) tartibini buzish — 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Yig‘ilishda mazkur o‘zgartirishlar avvalroq senatorlar tomonidan manfaatdor vazirlik va idoralar hamda ilmiy doiralar vakillaridan iborat ishchi guruh bilan birgalikda ko‘rib chiqilgani ta’kidlandi.