O‘zbekistonda shakarning o‘rtacha birja narxi so‘nggi uch kunda 26,1 foizga tushdi, deb xabar berdi O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi (O‘zRTXAB) matbuot xizmati.


10−14 iyunda birjadagi savdolarga ko‘ra, shakarning barcha kategoriyasi bo‘yicha shakllangan o‘rtacha kunlik narxi mahsulotning bir tonnasi uchun 14,55 mln so‘mdan 10,75 mln so‘mgacha pasaydi. Savdolarning so‘nggi soatlarida esa narx 9,7 mln so‘mgacha tushdi.

Ko‘rib chiqilayotgan davrda birja savdolariga jami 6004 tonna shakar qo‘yilgan, ulardan barcha hajmi sotildi. Bunda birja orqali «Xorazm shakar» — 3000 tonna, «Angren shakar» esa — 3004 tonna shakar sotdi.

«Shakarni birjada xarid qilishda talab darajasidan kelib chiqqan holda, hududlar o‘rtasida mutanosib taqsimot shakllanmoqda», — deyiladi xabarda.


Qishloq xo‘jaligi vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 1 iyundan 10 iyunga qadar shakarning birjadagi o‘rtacha narxi 12,5 mln so‘mdan 14,5 mln so‘mgacha, tovarning bir tonnasi 8,23 mln so‘mga sotilgan 1 mart sanasidan boshlab esa — 76,1 foizga oshdi. Ushbu 10 kun davomida savdolar birjaga tovarlarni qo‘yish hajmi — 3000 dan 2002 tonnachaga kamayishi fonida bo‘lib o‘tdi, ya’ni, zavodlar birjaga kamroq shakar qo‘ydi.

O‘zbekistonda so‘nggi oylarda shakar narxining keskin oshishi kuzatilmoqda. Iqtisodiy rivojlanish vazirligi bu asosan tashqi omillar ta’siri ostida sodir bo‘layotganini ma’lum qilgandi. Shunga qaramasdan, vazirlik respublikada shakar tanqisligi mavjud emasligi, yil yakunigacha yetarli darajada zaxiralar yaratilganini ta’kidlagandi.

«Bozor iqtisodiyoti sharoitida hamda O‘zbekiston iqtisodiyotining mintaqa va boshqa davlatlar iqtisodiyotlari bilan tashqi savdo borasida hamkorlikning kengayib va erkinlashib borishi holatida mamlakat ichidagi narxlarni qo‘shni davlatlardagiga nisbatan keskin farq qiluvchi darajada saqlab turishning deyarli imkoni bo‘lmaydi», — deyilgandi vazirlik bayonotida.