O‘zbekiston uchun 2022 yilning eng muhim va muhokamalar markazida bo‘layotgan mavzusi bu — Bosh qonunni isloh qilishdir. Buning uchun tuzilgan Konstitutsiyaviy komissiya tomonidan fuqarolar taklif va o‘z mulohazalarini yuborishi qulay bo‘lishi uchun turli platformalar yaratildi. Shulardan biri meningkonstitutsiyam.uz veb-sahifasi hisoblanadi.

Bugunga qadar komissiyaga kelib tushayotgan takliflarning umumiy soni 20 mingdan oshib ketdi, saytda har soatda takliflar soni o‘zgarib turibdi. Fuqarolar bildirayotgan takliflar orasida nafaqat Konstitutsiyaga taalluqlilarini, balki umumiy qonunchilik normalariga kiritish zarur bo‘lgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarni ham ko‘rish mumkin. «Gazeta.uz» aholi tomonidan yuborilayotgan qiziq, muhim va o‘ziga xos takliflarni bir materialga jamladi.

Takliflar orasida Baxtiyor Qurbonovning fikri har tomonlama qiziq desak mubolag‘a bo‘lmaydi. U «fuqaro» so‘zini o‘zgartirishni taklif qilgan. Uning ta’kidlashicha, «fuqaro» arabcha so‘z bo‘lib, o‘zbek tilida «kambag‘allar» degan ma’noni anglatadi.

«O‘zbekiston fuqarosi atamasi esa „O‘zbekiston kambag‘allari“ deganidir. Bu — ko‘pmillatli xalqimizga nisbatan, yumshoq qilib aytganda, hurmatsizlik ekanligi o‘z-o‘zidan ravshan. Vaholanki, „fuqaro“ so‘zi o‘rnida Qozog‘istonda „azamat“, Tojikistonda „shahrvand“, Turkiyada „vatandosh“ kabi chiroyli so‘zlari ishlatiladi», — deb yozadi u.


U «vatandosh» jarangdor bo‘lsada, unchalik to‘g‘ri kelmasligini qayd etgan. Chunki «-dosh» so‘z yasovchi qo‘shimchasi bilan yasalgan so‘zlar bitta obyektga tegishli bo‘lgan subyektlar o‘rtasidagi huquqiy munosabatni anglatadi.

«Menimcha, „fuqaro“ so‘zini „vatandor“ so‘zi bilan almashtirilsa, ayni muddao bo‘ladi. Mulkdor — mulk egasi; puldor — pul egasi deganidek, „vatandor“ so‘zi ham „vatanning, ya’ni O‘zbekistonning egasi“ degan ma’noni anglatishi ko‘rinib turibdi. Qolaversa, oddiy vatandorga „vatandor falonchiyev“ deb murojaat qiladigan davlat hokimiyati vakili o‘z oldida „kambag‘al“ emas, „o‘z vatanining egasi“ turganini his qiladi. Ular o‘rtasidagi huquqiy munosabatlar ham shunga yarasha bo‘ladi», — deydi Baxtiyor Qurbonov.

Saytdagi takliflar «fuqaro» atamasini o‘zgartirish tarafdorlari bir qancha ekanligini ko‘rsatmoqda. Rustam Kadirov bu atamani «vatandosh»ga o‘zgartirish kerakligini yozgan.


Foydalanuvchilardan biri Dilnoza Eshmamatova korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga nisbatan o‘lim jazosini joriy etishni taklif qilgan.

Iyun boshida Konstitutsiyaviy komissiya raisi Akmal Saidov o‘lim jazosi haqida «davlat o‘zi bermagan narsasini olib qo‘yishga haqqi yo‘q» deya ta’kidlagandi. Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda o‘lim jazosini bekor qilish 2005 yilda boshlangan va 2008 yilga kelib to‘liq mazkur jazo turi qonunchilikdan chiqarib tashlangandi.

Tuymurod Tuxtayev nomli foydalanuvchi Konstitutsiyaning 90-moddasiga («ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq O‘zbekistonning prezidenti bo‘lishi mumkin emas») o‘zgartish kiritish bo‘yicha bir emas, ikki marotaba taklif yuborgan.

Uning fikricha, xalq o‘zi ishongan va xohlagan prezidentni ketma-ket bir necha marta saylash huquqiga ega bo‘lishi kerak. Qolaversa, u davlat rahbari vakolat muddatini (hozirda 5 yil) yanada uzaytirish zaruriti borligini qayd etgan.

Fuqarolarni Bosh qonuninng 90-moddasi qiziqtirayotganini ularning takliflaridan ham bilsa bo‘ladi. Yana bir Ozodbek Istamov nomi ostidagi foydalanuvchi bir shaxs faqat bir marta va 4 yildan oshmagan muddatga prezidentlikka saylanishi mumkinligini belgilash taklifini ilgari surgan.

Baxtiyor Qurbonov 90-moddaning 2-qismidagi «Ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti bo‘lishi mumkin emas» iborasining o‘rniga «Ayni bir shaxs o‘z umri davomida ikki muddatdan ortiq O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti bo‘lishi mumkin emas» degan jumlani kiritishni taklif qilgan.

«Prezidentlik muddatini uchinchi, to‘rtinchi va hokazo muddatlarga uzaytirishning iloji bo‘lmaydi, chunki Prezidentlikka da’vogar ham hamma qatori bir marta dunyoga keladi», — deydi u.

Foydalanuvchi Sayyora Abduraxmanova esa yuqoridagi fikrlardan farqli o‘laroq, prezident Shavkat Mirziyoyevni umrbod prezidentlikka saylashni taklif qilgan. Uning fikricha, «bir shaxs prezidentlikni juda yaxshi bajarsa nomzodini oxirigacha qo‘yilishini belgilash kerak».

Bekzod Xo‘jayev esa «ayni bir shaxs surunkasiga (amalda ikki) uch muddatdan ortiq O‘zbekiston prezidenti bo‘lishi mumkin emas» deb o‘zgartirish lozimligini qayd etgan.

Tuychiboy Turg‘unov esa prezidentnik vakolat muddatini 15 yoki 20 yilga uzaytirishni taklif qilgan.


Yana bir taklifda Baxtiyor Qurbonov 33-moddadagi «Fuqarolar o‘z ijtimoiy faolliklarini O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq mitinglar, yig‘ilishlar va namoyishlar shaklida amalga oshirish huquqiga egadirlar» jumlasidan keyin «Buning uchun hokimiyat organlaridan ruxsat olish talab etilmaydi» degan so‘zlar bilan to‘ldirish zarurligini aytgan.


Fuqarolar tomonidan birdaniga bir qancha taklif kiritayotganlar ham yo‘q emas. Misol uchun Anvar Babakulov Qonunchilik palatasi deputatlar soni kamligi bois fikrlar xilma-xilligi va samaradorlik pastligini inobatga olib, ularning sonini 250 taga yetkazishni taklif qildi.

Bundan tashqari, saylovda proporsional-majoritar tizimga o‘tish, viloyat hokimlarining senatorligini bekor qilish, senatorlar hamda hokimlarni xalq saylashini belgilash, Konstitutsiyaviy sudni Oliy sudga qo‘shib yuborish, Bosh prokuraturani Adliya vazirligiga qo‘shib yuborish, dastlabki tergov instituti o‘rniga surishtiruv tizimini kiritish takliflari qayd etilgan. Bularni qabul qilishning zarurati esa quyidagi suratda keltirilgan.

Og‘abek Yusupov davlatning yuqori lavozimlarida 70 yoshdan oshgan rahbarlarni majburiy pensiyaga chiqarish g‘oyasi ilgari surilgan.


Yana bir taklifda Og‘abek Yusupov ismli shaxs qo‘shfuqarolikka ruxsat berish tarafdori ekanligini bildirgan. Uning yozishicha, hozirda 64 ta davlatda qo‘shfuqarolik mavjud, bu bir davlatdan boshqa davlatga ko‘chib yurishda qulaylik yaratadi, shu bois «O‘zbekiston qonunchiligida ham qo‘shfuqarolikni tadbiq etish kerak».

Boshqa bir foydalanuvchi esa qo‘shxotinlikni joriy etishning zaruratini tushuntirishga uringan. Uning ta’kidlashicha, «shu yo‘l orqali ajrimlar va boshi ochiq ayollar sonini kamaytirishga erishish mumkin».

Salamat Sirgabayeva esa Bosh qonunning 44-moddasini quyidagicha to‘ldirishni taklif qilmoqda: «Ma’muriy va boshqa ommaviy huquqiy munosabatlar yuzasidan Davlat organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalarining g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilishda da’vo muddati qӯllanilmaydi». Bunga u amalda davlat organlari ustidan shikoyat qilish muddati 3 oyligi, mansabdorlar ustidan arz qilish esa 10 kun etib belgilanganini, bu haqda barcha fuqarolar ham bilmasligini asos qilib keltirgan.

Takliflar orasida Sherzod Xatamov ismli foydalanuvchining ham firki e’tiborga molik. Uning so‘zlariga ko‘ra, «har bir tug‘ilgan bola uchun davlat tomonidan bankda 1000 dollar miqdoridagi omonat ochilishi kerak».

«Bola balog‘at yoshiga yetguniga qadar [mablag‘] foiz hisobidan o‘sadi. Bola bu pulga xohlasin o‘qisin, xohlasin tadbirkorlik qilsin. Bu katta yo‘qotishday ko‘rinadi, lekin, bolaning shaxsiy rivojlanishi uchun moliyaviy kafolat bo‘lgani ma’qul. Davlat shundoq ham bir bola uchun bundan ko‘p mablag‘ sarflayapti», — deb yozdi u.

Konstitutsiyaviy komissiyaga takliflarni meningkonstitutsiyam.uz veb-sahifasi, 1341 call-markazi, pochta (Konstitutsiyaviy komissiyaga xat yuborish bepul bo‘ladi)
@meningkonstitutsiyam_bot Telegram-boti orqali yuborish mumkin.