9 iyun kuni soat 18:00 larda Samarqandda 1,5 yoshli qizaloq 10-qavatdagi xonadon balkonidan pastga tushib ketdi va olgan jarohatlari oqibatida voqea joyida vafot etdi. Bu haqda Samarqand viloyati IIB matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga xabar berdi.

Voqea Samarqand shahri Qorasuv massivida sodir bo‘lgan. Balkonning eshigi ochiq bo‘lgan va qizaloq tashqariga chiqib, temir panjara orasidan pastga yiqilib tushgan.

Voqea joyiga Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi boshlig‘i, Samarqand shahar prokurori o‘rinbosari, shahar prokuraturasi tergovchisi boshchiligida tezkor-tergov guruhi tuzilib, joy va bolaning murdasi ko‘zdan kechirilgan.

Marhuma Sh. S.ning tanasidagi tan jarohatlari va o‘lim sabablarini aniqlash maqsadida sud-tibbiy ekspertiza tayinlash qarori chiqarilgan. Biroq, marhumaning oila a’zolari ushbu holat yuzasidan biror kimdan da’vo shikoyatlari yo‘qligi sababli ekspertiza tekshiruvi o‘tkazishni rad etgan, deyiladi xabarda.

Holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

2019 yildan beri qurilayotgan Qorasuv massividan 12, 14, 15, 16 va 25 qavatli uylar joy olgan. Yuqoridagi voqea 15 qavatli uyda sodir bo‘lgan. O‘zbekiston prezidenti 2019 va 2021 yillarda massivni ko‘rgani borgandi.

Zamon.uz xabar berishicha, odamlarning balkondan tushib ketishi holati bu yerda oldin ham kuzatilgan. Nashrning mahalliy aholiga tayanib yozishicha, 16 qavatdan yoshi katta ayol tushib ketgan, qolaversa bir erkak pastga yiqilib tushgan.