Payshanba kuni BMT 2023−2024 yillar uchun Xavfsizlik kengashining doimiy bo‘lmagan besh a’zosini sayladi.

Malta, Mozambik, Shveysariya, Ekvador va Yaponiya davlatlari BMT Bosh assambleyasining 76 sessiyasi delegatlari tomonidan Xavfsizlik kengashining yangi vaqtinchalik a’zolari etib saylandilar. Ushbu mamlakatlar vakillari 2023−2024 yillar davomida kengash ishida ishtirok etadi.

Yangi saylangan mamlakatlar Xavfsizlik kengashida vakolat muddati shu yil so‘nggida nihoyasiga yetadigan Hindiston, Irlandiya, Keniya, Meksika va Norvegiya o‘rnini egallaydilar.

Qayd etish lozim, Xavfsizlik kengashi 15 ta davlatdan iborat bo‘lib, ulardan beshtasi kengashning doimiy a’zolari hisoblanadi va ular veto huquqiga ega. Bular AQSh, Buyuk Britaniya, Rossiya, Fransiya va Xitoy. Kengashning 10 nafar doimiy bo‘lmagan a’zosi ikki yillik muddatga saylanadi. Ulardan beshtasi har yili almashtiriladi. Nomzodlar beshta mintaqaviy guruhlar — Afrika, Lotin Amerikasi va Karib havzasi, Sharqiy Yevropa, Osiyo-Tinch okeani, G‘arbiy Yevropa — tomonidan ilgari suriladi.

BMT nizomiga ko‘ra, Xavfsizlik kengashi xalqaro tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash uchun asosiy mas’uliyatni bo‘yniga oladi. Kengashga a’zo davlatlar qarorlari tashkilotning barcha a’zolari uchun majburiy hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, 13 aprelda O‘zbekiston BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashining Rivojlanish maqsadlarida fan va texnologiyalar masalalari bo‘yicha komissiyasi a’zosi etib saylangan edi.