Rossiyalik sayyoh Polina Yermakovadan musodara qilingan dron O‘zbekiston Mudofaa vazirligiga topshiriladi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Mirobod tuman sudining qarorida (nusxasi «Gazeta.uz»da mavjud) bu haqda so‘z boradi.

«Gazeta.uz» O‘zbekiston chegarasini kesib o‘tganidan bir necha kun o‘tib dron olib kelgan sayyoh poytaxtda qo‘lga olingani haqida yozgan edi. Sud uni oqladi. Sud qarorida Polina Yermakova «birinchi marta katta ijtimoiy xavf tug‘dirmaydigan jinoyatni sodir etgani, chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lganligi, jinoyatning fosh etilishiga faol hissa qo‘shgani» qayd etilgan.

Sudya Sardor Sodiqov o‘z qarori bilan sayyohga nisbatan Jinoyat-protsessual kodeksining 84-moddasi 5-qismi 1-bandi bilan aybdorligi to‘g‘risidagi masalani hal qilmasdan jinoyat ishini hamda munosib xulq-atvorda bo‘lish haqidagi tilxatga qo‘l qo‘yish ehtiyot chorasini bekor qildi.

Ashyoviy dalil — DJI Mavic Air 2 uchuvchisiz uchish apparati, masofadan boshqarish pulti, quvvatlash uskunasi, akkumulyator sud qarori bilan davlat foydasiga musodara qilinib, Mudofaa vazirligiga topshirilishi belgilandi.

Polina Yermakova 2000 dollarlik dron unga Yangi yil sovg‘asi sifatida tortiq qilinganini aytdi.

«Qarorda aytilishicha, endi u O‘zbekiston Mudofaa vazirligi manfaati uchun parvoz qiladi. Dron bilan [O‘zbekistonga kelgan] hamma yigitlarda ham xuddi shunday bo‘ldi. Ular hammani mamlakatga kiritdilar, aniqki, ularni sumkalarda ko‘rishdi, keyin ularni olib ketishdi. Bundan O‘zbekistonning dron sotib olishga qurbi yetmaydi, demak, turistlar hisobidan «yetkazib berish»ni tashkil qilish mumkin, degan fikr kelib chiqadimi?» — dedi Polina Yermakova Rossiyaning Ngs24.ru nashriga bergan intervyusida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, unga dron bilan mamlakatga kirishiga ruxsat bergan chegarachilar javobgarlikka tortilishi haqida ma’lum qilingan, biroq u bu ish bo‘yicha tergov jarayoni qanday kechayotganidan xabari yo‘q.

Shuningdek, u Rossiyaning Toshkentdagi elchixonasi bu vaziyatda unga yordam bermaganini ta’kidladi, biroq diplomatik missiya turist uchun imkon darajasida harakat qilganini ta’kidlamoqda.