Apple tomonidan o‘tkazilgan WWDC 2022 (Apple Butunjahon dasturchilar kongressi) onlayn anjumanida kompaniya o‘zining yangi mahsulotlarini taqdim etdi. Onlayn anjuman Apple kompaniyasining saytida hamda YouTube kanalida o‘tkazildi. Kompaniya yangi dizayndagi MacBook Air va MacBook Pro noutbuklari, yangi operatsion tizimlar hamda yangi M2 protsessorini taqdim etdi.

MacBook Air va MacBook Pro

Foto: MacBook Air noutbuklariga MagSafe quvvatlash uskunasi qo‘shilgan.

MacBook Pro noutbukining dizayni deyarli o‘zgartirilmagan.

Ammo MacBook Air dizayni qayta ishlangan va qattiq alyuminiy korpusga ega — oldingi modeldan 21% ga kichikroq. Yangi noutbuklar 4 xil: kumush, «kosmik kulrang», «yulduz nuri» va «yarim tun» nomli ranglarda savdoga chiqariladi.

Noutbuk aylana qirrali va «kokilli», shuningdek, milliard xil ranglarni ko‘rsatish imkoniga ega 13,6 dyuymli Liquid Retina displeyga ega. MacBook Air ikkita USB-C portiga ega bo‘lib, 30 daqiqa ichida 50% gacha tezkor quvvat olish imkoniyatiga ega.

MacBook Air`ning qalinligi 11,3 millimetr. Yangi MacBook Air fotoshop dasturini ishlatganda M1 Air noutbukiga qaraganda 20% ga, so‘nggi chiqqan Intel Air`ga nisbatan 5 marotaba tezroq ishlaydi. To‘xtovsiz video tomosha qilgan holda yangi noutbuklar 18 soat ishlash quvvatiga ega.

Foto: Yangi noutbukning xususiyatlari.

Noutbuklarda barmoq izlarini skanerlash uchun funksional klavishlar mavjud. Ikkala turdagi noutbukda ham kuler (sovutish tizimi) mavjud emas, ammo passiv salqinlanish imkoniyati bor.

Yangi modeldagi MacBook (Air va Pro) noutbuklariga yangi M2 protsessorlari o‘rnatilgan.


Foto: MacBook Air M2 ning oldingi avlodlari bilan solishtirilganidagi ko‘rsatkichlari.

MacBook Air va MacBook Pro AQShda 2022 yil iyul oyidan boshlab sotuvga chiqariladi. MacBook Air`ning narxi 1199 dollar, MacBook Pro`ning narxi esa 1299 dollardan boshlanadi.

M2 protsessorlari

Foto: M1 va M2 protsessorlari.

Apple tomonidan taqdim etilgan yangi — M2 avlod protsessorining samaradorligi M1 nikiga qaraganda 18% ga balandroq.

Shuningdek, kompaniya bu turdagi protsessorlarning 100 Gb/s xotira o‘tkazish qobiliyatini hamda 24 Gb gacha (M1 da maksimal ko‘rsatkich 16 GB edi) birlashtirilgan xotira tezligini kafolatlamoqda. M2 protsessori bir xil quvvat darajasida M1 protsessoriga qaraganda 25%, maksimal quvvatda esa 35% ko‘proq maksimal kuch unumdorligiga ega. Shuningdek, M2 tizimi 8K va 4K formatdagi bir nechta video oqimlarini taqdim etishga qodir.

Watch OS 9

Yangi taqdim etilgan Watch OS 9 soatlari fitness-uskuna vazifasini ham o‘taydi. Yangi soatlardagi bildirishnomalar dizayniga, navigatsiya tugmalari va soat siferblatlari qatoriga: «Oy taqvimi», «Astronomiya», Playtime (kulgili animatsion raqamlar), Metropolitan kabilar qo‘shilgan.

Apple yugurish usuli, qadam uzunligi va oyoqlarning yerga tegish vaqtini aniqlash uchun akselerometr va giroskopdan foydalanadi. Istalgan vaqtda jismoniy mashqlar intensivligi haqida tasavvurga ega bo‘lish uchun yurak urish tezligini hududlarga bo‘lib ko‘rsatadi. Mashg‘ulot rejimini ovozliga almashtirish imkoniyati esa turli sport turlari bilan shug‘ullanuvchilar, jumladan, aralash marafonlarda ishtirok etuvchilar uchun qulay qilib moslangan.

Ventura nomli yangi operatsion tizim

Anjumanda Venture nomli yangi macOS taqdim qilindi. Unga ko‘ra, bir oynali rejim operatsion tizimga qayta yo‘lga qo‘yilgan. Ya’ni siz bitta katta oynada ishlayotgan paytda, asosiy fokus o‘sha oynaga qaratilgan holda, qolgan oynalar avtomatik tarzda chetda joylashadi. Ushbu funksiya oynalar guruhini saqlab turish hamda ularni tez almashtirish imkonini beradi.

Shuningdek, tizimli qidiruv funksiyasi yangilangan.

Boshqa yangilanishlar

Apple, shuningdek, kuzda chiqadigan yangi iOS, iPadOS, macOS va watchOS operatsion tizimlarning yangi funksiyalarini taqdim qildi.

  • iOS 16 ning bloklash ekranini endi o‘z ta’bingizga qarab o‘zgartirish, jumladan, shriftlarni almashtirish, katta bo‘lmagan vidjetlar qo‘shish imkoni paydo bo‘ldi.
  • iOS 16 tizimida rasmlardagi biror obyektni belgilash va boshqa bir fonga qo‘yish imkoni qo‘shildi.
  • Noutbuklarda parollarni saqlash uchun Passkeys yangi tizimi yaratilgan.
  • iPadOS tizimida Freeform nomli yangi dastur paydo bo‘ldi — u bir vaqtning o‘zida bir nechta foydalanuvchining birga ijod qilishiga imkon beradi. Unga istalgan shakldagi faylni, jumladan, audio, video va boshqa turdagi fayllarni joylash mumkin.
  • FaceTime ilovasida qo‘ng‘iroqni bitta bosish orqali boshqa uskunaga, misol uchun MacBook yoki planshetga o‘tkazish imkoniyati paydo bo‘ldi. Bu esa iPhone smartfonidan MacBook uchun veb-kamera sifatida foydalanish imkoniyatini beradi.
  • iPad larda bir vaqtning o‘zida bir nechta dasturlar bilan ishlash rejimi yangilangan.
  • Apple Wallet ilovasi yangilandi. Apple Pay Later funksiyasi qo‘shildi.