Tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joyida bolaning o‘limi bilan bog‘liq navbatdagi fojia Samarqand viloyatida yuz berdi.

Viloyat IIBning 5 iyun kuni bergan ma’lumotlariga ko‘ra, 31 may kuni Oqdaryo tumanida «Nexia 3» rusumli avtomashina 15 yoshli singlisi bilan yo‘lni kesib o‘tayotgan 4 yoshli qizchani urib yuborgan. Qizcha yo‘ldan yugurib o‘tishga qaror qilgan, opasi esa singlisining qo‘lidan ushlab qolishga ulgurmagan. Mashina esa katta tezlikda harakatlanayotgan bo‘lgan.


Haydovchi qizlarni shifoxonaga olib borgan. Og‘ir tan jarohatlari olgan qizaloq Oqdaryo tumani tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan va shu yerda vafot etgan. Haydovchining o‘zi esa qochib ketgan.

Samarqand viloyati IIB YHXB xodimlari haydovchini topishgan. Viloyat IIB matbuot xizmatiga bergan intervyusida haydovchi ko‘z yoshlarini to‘kkan holda, nima qilishni bilmagani uchun qo‘rqib qochib ketganini aytib berdi. Uning ta’kidlashicha, o‘zining ham kichkina qizi bor va bo‘lgan voqeani u hech qachon unuta olmaydi.


So‘nggi yillardagi an’anaga ko‘ra, hududiy yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari tomonidan mahallada yig‘ilish o‘tkazilib, unga marhum qizning ota-onasi, mahalla ahli, rahbarlar taklif etildi.

Muhokamada ishtirok etgan boshqarma rahbariyati mahalla ahli, marhumning yaqin qarindoshlari yo‘llardagi bu kabi ayanchli holatlarni «keskin koraladi», deyiladi IIBning videoreportajida. Yig‘ilishda yo‘llarda harakatlanganda juda ham e’tiborli bo‘lish lozimligi ta’kidlandi. Qolaversa, videoda marhumning onasidan intervyu olinib, uning qanchalik ezilgani ko‘rsatilgan.


Reportajda qayd etilishicha, avtotransportlar sonining doimiy ortib borishi ehtiyotkorlikni talab qiladi. Yig‘ilganlarga yo‘l-transport hodisalari aks ettirilgan maxsus videorolik namoyish etilib, «ogohlikka chorlovchi» bukletlar tarqatilgan.

Videoda tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joyidan ko‘plab maktab o‘quvchilari o‘tishi ko‘rinib turibdi. O‘tish belgisidan tashqari, bu yerda trafikni sekinlashtiruvchi biror boshqa usullardan foydalanilmaganini ko‘rish mumkin. Xavfsizlik orolchalari o‘rniga — yo‘lni ajratib turuvchi beton orasida bir vaqtda bir necha kishi sig‘maydigan tirqish qoldirilgan.


O‘zbekiston ko‘chalari va yo‘llarida piyodalar, ayniqsa, bolalarni himoya qilish bo‘yicha hukumat va YHXX qarashli bo‘lgan IIV jasoratliroq va radikalroq choralar ko‘rishi kerakligi haqida ko‘p marta yozgandik. Biroq, rasmiylar bunga jur’at qila olmayapti. Prezidentning fevraldagi topshiriqlari vaziyatga deyarli ta’sir ham qilmadi.

Bolalar ishtirokidagi avariyalar soni yanada ko‘payadigan yozgi ta’til vaqtidan yo‘l harakati xavfsizligini sezilarli darajada yaxshilash uchun imkon qadar samaraliroq foydalanish kerak. Suhbatlar va bukletlarni tarqatish vaziyatni o‘zgartirmaydi.