Joriy yilning to‘rt oyida Rossiyadan O‘zbekistonga 133 ming nafar mehnat muhojiri qaytdi, shundan 50 ming nafari — mart oyida, 54 ming nafari — aprel oyida keldi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Yanvar-aprel oylarida jami 282,3 ming nafar mehnat muhojiri, jumladan, Qozog‘istondan 41,3 ming nafar, Turkiyadan 15,8 ming nafar, Ukrainadan 5204 nafar va Koreya Respublikasidan 2704 nafar mehnat muhojiri qaytgan.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o‘rinbosari Erkin Muxitdinov 26 may kuni Buxoroda o‘tgan kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha xalqaro forum doirasida O‘zbekiston Rossiyadan mehnat muhojirlarining chiqib ketishidan qo‘rqishini, chunki eng ko‘p o‘zbek diasporasi aynan shu mamlakatda joylashganini aytdi. Shuningdek, u eng katta tashqi siyosat va geosiyosiy risklar Rossiyada ekanligini ta’kidladi.

«Ammo pandemiya davrida Rossiya va boshqa mamlakatlarning ish beruvchilari bizning ishchi kuchimizning qadriga yetishdi. Ular [ishchilarni] yo‘qotishdi, qiyinchilik bilan tiklashdi va hozir ularni ushlab turishmoqda. Ular endi muhojirlarning ishchi kuchini tejashga harakat ham qilmayapti. Ya’ni, tashqi siyosiy xavflar tufayli ularning faoliyati yoki rentabelligi uchun tahdid bor va ular migrantlar mehnatidan emas, balki boshqa xarajatlarni tejashga harakat qilmoqda», — dedi vazirning birinchi o‘rinbosari.

Erkin Muxitdinov so‘nggi yillarda O‘zbekistonda mehnat muhojirlarini xorijiy davlatlarga jo‘natish ishlari uyushqoqlik bilan yo‘lga qo‘yilganini ta’kidladi.

«Kadrlar tashkiliy ravishda qabul qilinganda, mehnatga haq to‘lash, mehnat huquqlarini himoya qilish, ijtimoiy himoya qilishning ozmi-ko‘pmi tushunarli sxemasi mavjud. Muammolar bo‘lsa, ularni hal qiladigan kanal bor», — dedi u.

O‘zbekiston fuqarolarining ommaviy ravishda o‘z vataniga qaytmasligining uchinchi sababi — rubl kursi.

«Rublning dollarga va shunga mos ravishda so‘mga nisbatan kursi. Birinchi xavf rubl kursi tufayli edi. Agar u keskin pasayganda, qaytish xavfi mavjud edi. Kurs o‘z joyiga qaytdi, shuning uchun asosiy omil hozircha kun tartibidan olib tashlandi «, — dedi u.

3 iyun holatiga ko‘ra, dollar kursi 61 rubl atrofida, biroq bu ko‘rsatkich 9 mart kuni bir dollar uchun tarixiy maksimal 120 rublga yetgandi. Rossiya hukumati tomonidan ko‘rilgan choralar hisobga olinmaganda, AQSh valyutasi 180 rubl darajasida bo‘lar edi, dedi Wells Fargo Securities valyuta strategi Brendan MakKenna Bloomberg`ga. Rublning hozirgi mustahkamlanishi sun’iy, deya qo‘shimcha qildi u.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2021 yil iyul holatiga ko‘ra, vaqtincha xorijda mehnat qilayotgan mehnat muhojirlari soni o‘rtacha 1,5 mln kishini tashkil etgan bo‘lsa, ularning 1 milliondan sal ortig‘i Rossiyada. Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yilning yanvar-sentabr oylarida eng ko‘p chet el fuqarolari O‘zbekistondan — 3,05 mln kishi ishga joylashish maqsadida kelgan.