Huquqni muhofaza qiluvchi organlar va Bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan Surxondaryo viloyati Denov tumanida ko‘p miqdordagi giyohvandlik moddasini sotishga uringan shaxs ushlandi, deb xabar berdi O‘zbekiston IIV matbuot xizmati.

Ma’lum qilinishicha, tumanda yashovchi «Bobo» ismli shaxs katta miqdorda giyohvandlik moddasining noqonuniy muomalasi bilan shug‘ullanib kelgan. U «Qoradori-2022» profilaktik tadbiriga mijoz sifatida kirgan 2 nafar IIV xodimlari bilan o‘zida mavjud 20 kg «opiy»ni $140 mingga sotish bo‘yicha Denov tumanidagi kafelarning birida uchrashgan.

Shundan so‘ng Imonov Bobosher (shartli ism-sharif) o‘zida 20 kg opiy giyohvandlik moddasi borligi va uni pulni ko‘rgach, ishonch hosil qilib, olib kelib berishini ma’lum qilgan.

Qayd etilishicha, Imonov 26 may kuni soat 03:30 larda Denov tumani hududida giyohvandlik moddalarini yashash uyidan olib, belgilangan joyga kelayotgan vaqtida tadbir ishtirokchilari tomonidan ko‘lga olingan. 20 ta skotch o‘ramga maxsus qadoqlangan modda hodisa joyida ochib ko‘rilganda, qizg‘ish rangli o‘tkir hidli «opiy» giyohvandlik moddasiga o‘xshash moddalar ekani aniqlangan. O‘z navbatida, 20 dona o‘ramdagi giyohvandlik moddasi daliliy ashyo tariqasida xolislar ishtirokida protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.

Mazkur holat yuzasidan 26 may kuni Imomov Bobosherga nisbatan Jinoyat kodeksining 246-moddasi (kontrabanda), 273-moddasi 5-qismi (giyovandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni ko‘p miqdorda qonunga xilof ravishda sotish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.