DXX Andijon shahrida hamkorlikda kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari savdosi bilan shug‘ullanib kelgan guruh faoliyatiga chek qo‘ydi, deb xabar berdi O‘zA.

1988 va 1991 yillarda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan aka-uka ikki nafar qarindoshlarini jalb etgan holda kishiga vaqtinchalik sarxushlik beradigan kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining savdosini yo‘lga qo‘yganligi aytilmoqda.

Ta’kidlanishicha, dastlab viloyat markazidagi «Navoiy» shox ko‘chasida o‘tkazilgan tezkor tadbirda 1997 y.t., muqaddam sudlangan shaxs boshqaruvidagi «Neksiya-3» rusumli avtomashina to‘xtatilib tekshirilganda, uning salon qismida 70 dona «Tropikamid» kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirilib olindi.

So‘ngra uning ko‘rsatmasi asosida guruhning boshqa bir a’zosi — muqaddam 3 marotaba sudlangan, 1983 y.t. ayolning yashash xonadonida tekshiruv o‘tkazildi. Natijada tarkibida psixotrop moddalar turkumiga kiruvchi «trigeksifenidil gidroxlorid» moddasi bo‘lgan 75 dona «Siklodol» dori vositasi, shuningdek, 1715 dona «Regapen», 211 dona «Tropikamid», 200 dona «Zardeks», 185 dona «Lirika» kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari tegishli tartibda hujjatlashtirilib olindi.

Shuningdek, huquqni muhofaza qiluvchi organlar mazkur guruh yetakchilari bo‘lgan aka-ukaning A.Haydarov ko‘chasida joylashgan yashash xonadonlarida va shaharning «Amir Temur» ko‘chasida joylashgan ularga tegishli «XXX» tungi klubida va avtomashinalar yuvish shahobchasida tintuv-tergov harakatlari olib bordi.

«Gumondorlar tomonidan kelgusida sotish maqsadida saqlab kelinayotgan, Qirg‘izistondan noqonuniy olib kelingan umumiy qiymati 103 mln so‘mlik 3000 dona „Tropikamid“, „Regapen“, „Lirika“ nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari protsessual tartibda rasmiylashtirilib olingan», — deyiladi xabarda. Yana ularning oldidan «bita» tayoqlari, o‘tkir tig‘li jismlar, aloqa vositalari, katta miqdordagi pul mablag‘lari, hisob-kitob daftarlari, garov sifatida qoldirib ketilgan haydovchilik guvohnomasi, diplom, nikoh guvohnomasi, fuqarolik pasportlari chiqqan.


Boshqa bir holatda esa DXX xodimlari Andijon shahrida yashovchi 1986 y.t. fuqaro boshqaruvidagi Cobalt avtomashinasini «Do‘stlik» MFY hududida to‘xtatib tekshirishgan. Natijada unda 2296 dona «Lirika», 1598 dona «Tropikamid» va 337 dona «Regapen» dori vositalari borligi aniqlanib, o‘rnatilgan tartibda olib qo‘yilgan.

Bundan tashqari, Oltinko‘l tumanida o‘tkazilgan tadbirda «Namangan — Andijon» yo‘nalishida harakatlanib kelayotgan Lacetti avtomashinasida 4032 dona «Regapen» hamda 971 dona «Tropikamid» kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlangan. Ma’lum bo‘lishicha, Oltinko‘l tumanida yashovchi, 1984 y.t. va Andijon shahrida istiqomat qiluvchi, 1995 y.t. ikki nafar fuqaro ushbu dori vositalarini Andijon shahrida sotishni rejalashtirgan.

Barcha holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.