Moskvadagi qurilish maydonchasida yuz bergan ommaviy mushtlashuvda ishtirok etgan yuzdan ortiq O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolari Rossiyadan deportatsiya qilinadi. Bu haqda gazeta.ru xabar berdi.

Sud hukmiga ko‘ra, migrantlarni Xorijiy fuqarolarni vaqtincha saqlash markaziga joylashtirish bo‘yicha 107 ta qaror qabul qilingan. Ular u yerda 90 kun bo‘ladi, shundan so‘ng Rossiyadan deportatsiya qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, 1 aprel kuni Moskvaning Shelepixinskaya naberejnaya ko‘chasida joylashgan «Serdse stolitsы» turar joy majmuasi qurilish maydonida O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolari ommaviy mushtlashgan edi. O‘shanda 120 kishi politsiyaga olib ketilgandi.

«Voqeadan so‘ng mushtlashuv ishtirokchilari ma’muriy javobgarlikka tortildi, politsiya esa ularning mamlakatda qolish muddatini qisqartirib, deportatsiya qilishga qaror qildi», deyiladi ma’lumotda.

Hodisa aks etgan videoni joylagan Baza Telegram-kanali video izohida janjalga tojikistonlik ishchining o‘zbekistonlik ishchini «ahmoq» («durak») deb atagani sabab bo‘lganini keltirgandi.