Prezident tomonidan 31 may kuni imzolangan qonun [772-son] bilan bir qator qonunchilik hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi, deya xabar berdi Adliya vazirligi matbuot xizmati.

Hujjat Qonunchilik palatasi tomonidan 8 fevral kuni, Senat tomonidan esa 28 aprelda ma’qullangandi.

«Prokuratura to‘g‘risida»gi qonunga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, prokuratura organlari xodimlari xizmat qurolini va shaxsiy himoya vositalarini qonunchilikda belgilangan tartibda saqlash, olib yurish hamda ulardan foydalanish huquqiga egaligi belgilandi. Ilgari faqatgina olib yurishi mumkinligi ko‘rsatilgandi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan o‘zgartishlar bilan o‘qotar ov quroli, pnevmatik ov quroli hamda uning o‘q-dorilarini haqini to‘lash sharti bilan olib qo‘yish yoki musodara qilish asosiy tirikchilik manbai ovchilik bo‘lgan shaxslarga nisbatan qo‘llanilishi mumkin emasligi belgilandi.

Ov qilish va baliq ovlash, shuningdek hayvonot dunyosidan foydalanishning boshqa turlarini amalga oshirish qoidalarini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik kuchaytirildi.

Shuningdek, «Qurol to‘g‘risida»gi qonunga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, O‘zbekiston hududida fuqaroviy qurol va uning o‘q-dorilarini hadya etish taqiqlandi. Bundan tashqari, O‘zbekiston fuqarolarining fuqaroviy ov quroli va uning o‘q-dorilarini olish huquqiga ega bo‘lish uchun yosh senzi (chegarasi) 25 yosh etib belgilandi (bunga qadar 21 yosh edi).

Fuqarolar va maxsus xizmat vazifalariga ega yuridik shaxslarning xodimlari qurolga egalik qilishga qarshi ko‘rsatmalar mavjud emasligi yuzasidan davriy tibbiy tekshiruvdan o‘tkaziladi.

Qonun bilan shuningdek, xizmat quroliga hamda fuqaroviy qurolga egalik qilishga monelik qiladigan kasalliklar yoki jismoniy nuqsonlar ro‘yxatlari belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, aprel oyi oxirida Senat yalpi majlisida «Qurol to‘g‘risidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi Qonun ko‘rib chiqilib, maqullangan edi.