27 may kuni Qirg‘iz respublikasi prezidenti Sadir Japarov raisligida Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqining (YeOII) onlayn tarzda navbatdagi sammiti bo‘lib o‘tdi. Unda Shavkat Mirziyoyev ham kuzatuvchi davlat vakili sifatida ishtirok etdi.

Sammitning kengaytirilgan va tor doiradagi kun tartibida 15 ta masala, shu jumladan YeOIIga a’zo davlatlarning 2022−2023 yillarga mo‘ljallangan makroiqtisodiy siyosatining asosiy ko‘rsatmalari, 2021 yilga mo‘ljallangan YeOIIning ichki bozoridagi to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha ishlar natijalari, xalqaro faoliyatning asosiy yo‘nalishlarini amalga oshirish va boshqa masalalar muhokama qilindi.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston kuzatuvchi sifatida YeOII bilan sheriklik munosabatlarini rivojlantirishda davom etishi va hamkorlikni yanada kengaytirish tarafdori ekanini tasdiqladi, deb yozmoqda TASS.

«O‘zbekiston kuzatuvchi sifatida Yevrosiyo iqtisodiy Ittifoqi bilan sheriklik munosabatlarini rivojlantirishda davom etmoqda. Bu biz uchun juda muhim yo‘nalish, chunki YeOII mamlakatlari bizning tabiiy sheriklarimiz hisoblanadi», — dedi u.

U shuningdek, o‘tgan yil yakuni bilan O‘zbekistonning ittifoq mamlakatlari bilan tovar aylanmasi 30 foizga o‘sganini ta’kidladi.

«O‘zbekiston Yevrosiyo iqtisodiy Ittifoqi bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni izchil rivojlantirish tarafdori ekanligini yana bir bor tasdiqlamoqchiman. Ishonchim komilki, bugungi uchrashuv natijalari ko‘p qirrali sheriklikni yanada mustahkamlash, YeOII mamlakatlarida barqaror iqtisodiy rivojlanish va mamlakatlarimizda farovonlik o‘sishiga xizmat qiladi», — deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Dunyoda jadal o‘zgarishlar va inqiroz hodisalari mamlakatlar barqarorligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi ham qayd etildi.

«Globallashuv davri yangi dunyo tartibi bosqichidan o‘tmoqda. Biz misli ko‘rilmagan ko‘lamdagi cheklov choralari, logistika zanjirlari, mahsulot ta’minoti va kooperatsiya aloqalaridagi uzilishlar, oziq-ovqat mahsulotlariga narxlarning ko‘tarilishi, ijtimoiy ziddiyatlarning kuchayishiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Bunday vaziyatda majmuaviy qo‘shma harakatlarni ishlab chiqish, noodatiy yechimlarni topish va o‘zaro hamkorligimizning nostandart mexanizmlaridan foydalanish muhim deb hisoblaymiz», — dedi u.

Prezident YeOII davlatlarini bozorga chiqishdagi texnik to‘siqlarni bartaraf etishga chaqirdi. «Bugungi kunda savdo-iqtisodiy hamkorlikni oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, O‘zbekiston va YeOII mamlakatlari o‘rtasida o‘zaro savdoda texnik to‘siqlarni bartaraf etish va sertifikatsiyalashni tan olish vazifasi har qachongidan ham dolzarbdir», — dedi u.


Videodan lavha.

Mehnat mirgantlari

O‘zbekiston rahbari YeOIIga ishchi kuchini jalb qilish tartib-taomillarini soddalashtirishni taklif qildi.

«Mamlakatlarimizda mehnat migratsiyasi va mutaxassislarni jalb etish bilan bog‘liq masalalarning dolzarbligi oshib bormoqda, — dedi Shavkat Mirziyoyev. — Men zarur hujjatlarni qabul qilishni va YeOIIga a’zo davlatlar va kuzatuvchilar iqtisodiyotining tez o‘zgaruvchan ehtiyojlariga muvofiq mehnat resurslarini samarali jalb qilishni ta’minlaydigan soddalashtirilgan tartib-taomillarni joriy etishni taklif qilaman», — dedi u.

Temir yo‘l qurilishi

Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, yaqin fursatlarda O‘zbekiston-Qirg‘iziston-Xitoy temir yo‘li qurilishi loyihasini boshlash rejalashtirilmoqda.

Ushbu loyiha Osiyo-Tinch okeani mintaqasi bozorlariga chiqish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishi ta’kidlandi.

O‘zbekiston YeOII bilan transafg‘on temir yo‘li loyihasi bo‘yicha ham hamkorlik qilishga tayyor. «Biz YeOII a’zolari bilan Termizdan Pokistonning Peshovarigacha bo‘lgan transafg‘on temir yo‘l qurilishi loyihasini amalga oshirishda hamkorlik qilishga tayyormiz, bu yo‘l ikki milliard iste’molchi bozori bo‘lgan Janubiy Osiyoga eng qisqa yo‘l bilan kirishni ta’minlaydi», dedi davlat rahbari.

O‘zbekiston prezidenti YeOII davlatlari bilan qatnovlarni to‘liq tiklashga chaqirdi. «Mamlakatlarimiz o‘rtasida yo‘lovchi tashish aloqalarini to‘liq tiklash masalasini ishlab chiqish ham muhimdir», — dedi u.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev kuzda Turizm industriyasini rivojlantirish forumini o‘tkazish taklifini ilgari surdi.

Agrar sohada hamkorlik

O‘zbekiston yetakchisi YeOIIning qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlik dasturini ishlab chiqishni taklif qildi.

«Agrokooperatsiya dasturini ishlab chiqishni taklif qilamiz. Ushbu dastur bozorlarimiz to‘yimliligini ta’minlash maqsadida YeOII mamlakatlarida don va moyli o‘simliklarni yetishtirish, shuningdek meva-sabzavot mahsulotlarini, shu jumladan O‘zbekistonda ertapishar navlarni birgalikda yetishtirish masalalarini qamrab olishi mumkin», dedi Shavkat Mirziyoyev.